1 noyabr holatiga Davlat dasturidagi 7 ta, hududiy dasturlardagi 104 ta vazifalar bajarilmagan

    Mamlakatimizda 30 Noyabr 2022 869

    «Yuksalish» umummilliy harakatining huzurida Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishilganlik darajasini baholab borish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat yillik muqobil hisobotlar tayyorlab boruvchi Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhi tashkil etilgan.

    Joriy yil 29-noyabrda Taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 10 oylik ijrosi bo‘yicha tayyorlangan muqobil hisobotning jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

    Tayyorlangan hisobotga ko‘ra, Davlat dasturi jami 398 ta banddan iborat bo‘lib, unda 671 ta vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq muddatlar belgilangan. Shundan, 2022-yilning 1 noyabr holatiga Davlat dasturining 238 ta bandi bo‘yicha 396 ta vazifa ijrosi ta’minlanishi zarur edi.

    Shu kunga qadar Davlat dasturidagi jami 266 ta vazifalar ijrosi ta’minlangan. Shu bilan birga, muddatlarda to‘liq bajarilmagan bandlar ham yo‘q emas. Davlat dasturida belgilangan 7 ta vazifa bugungi kunga qadar bajarilmagan, 18 ta vazifalar ijro muddatlari uzaytirilgan. Davlat dasturining 105 ta vazifa yuzasidan hujjatlar loyihalari mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan va ko‘rib chiqish yoki qabul qilish uchun tegishli idoralarga kiritilgan bo‘lib, ko‘rib chiqish jarayonida.

    Xususan, «Navoiy KMK» AJda 2026-yilgacha qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni oshirish dasturi doirasida 1,6 milliard dollarlik 16 ta investitsiya loyihasini ishga tushirishga qaratilgan Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilinmagan (muddat 2022-yil 1-oktyabr, mas’ul Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi).

    Hududlardagi mavjud ehtiyoj, aholining takliflarini inobatga olgan holda 31 ta oilaviy poliklinikani tashkil etish belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 26 ta poliklinika foydalanishga topshirilgan (muddat 2022-yil oktyabr, mas’ul Sog‘liqni saqlash vazirligi).

    Muhokamada ta’kidlangandek, Taraqqiyot strategiyasida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yangi tartibni joriy etish ko‘zda tutilgan edi. Biroq taqdim etilayotgan ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatyaptiki, hududiy dasturlarning ijrosi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Bu borada har chorakda xalq deputatlari Kengashlariga hisobotlar taqdim etilishi belgilangan bo‘lsada, mas’ullarning axborotlari eshitilmagan. Taqdim etilayotgan hisobotlar ham nomigagina bo‘lib, mavjud holat yuzasidan xulosa chiqarish imkoniyatini bermaydi.

    2022-yil 1-noyabr holatiga Hududiy dasturlar bo‘yicha 104 ta vazifalar bajarilmagan. Natijada aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga ta'sir ko‘rsatuvchi muhim islohotlar lozim darajada amalga oshirilmasdan qolyapti.

    Masalan, Andijon viloyatida joriy yilda 277 nafar nogironligi bor yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun har biriga 30 million so‘mdan subsidiya ajratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar birorta ham subsidiya ajratilmagan.

    Jizzax viloyatining Zarbdor, Baxmal va Forish tumanlaridagi 4 ta mahalla jamoat transporti bilan qamrab olinmagan.

    Bu kabi salbiy holatlar Namangan, Navoiy, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida ham kuzatilgan.

    Avvalgi muhokamalardan farqli ravishda, Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhi a’zolari taklifiga asosan tadbirda Davlat dasturining bajarilmagan bandlari bo‘yicha mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etib, jamoatchilikka hisobot berdi.

    Tadbir so‘nggida Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhi tomonidan Davlat dasturi ijrosi doimiy monitoring qilib borilishi va islohotlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish muhim ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, bu borada zarur taklif va tavsiyalar ham ishlab chiqilishi qayd etildi.

    «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati.