Davlat dasturining 9 oylik ijrosi yuzasidan muqobil hisobot eʼlon qilindi

    Mamlakatimizda 1 Noyabr 2022 1486

    “Yuksalish” umummilliy harakati huzurida Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturida belgilangan maqsadlarga erishilganlik darajasini baholab borish maqsadida tashkil etilgan Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhi joriy yil 31-oktyabrda navbatdagi jamoatchilik muhokamasini oʻtkazdi.

    Fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat ushbu jamoatchilik guruhi 2022-yilgi Davlat dasturining 9 oylik ijrosi boʻyicha muqobil hisobotni eʼlon qildi. Hisobot vazirlik va idoralar taqdim etgan maʼlumotlar, Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturining 9 oylik ijrosi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bergan hisoboti, shuningdek, ochiq manbalar va rasmiy eʼlon qilingan maʼlumotlar asosida tahlil oʻtkazilib, tayyorlandi.

    Davlat dasturi jami 398 ta banddan iborat boʻlib, unda 671 ta vazifalarni amalga oshirish boʻyicha aniq muddatlar belgilangan. Shundan, 2022-yil 1-oktyabr holatiga Davlat dasturining 210 ta bandi boʻyicha 342 ta vazifalar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Belgilangan 258 ta vazifa ijrosi taʼminlangan boʻlib, shundan 27 ta vazifa ijrosi muddatidan oldin bajarilgan. Amalga oshirilgan ishlar orqali koʻplab sohalarda ijobiy siljishlarga erishilgan. Bu davrda Oʻzbekiston Respublikasining 7 ta Qonuni, Oliy Majlis palatalarining 4 ta qarori, 64 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Hukumatning 40 ta qarorlari, 12 ta idoraviy normativ-huquqiy va 92 ta boshqa tusdagi hujjatlar qabul qilindi.

    Ekologiya qoʻmitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi masʼul boʻlgan vazifalar bajarilmagan

    Ijobiy oʻzgarishlar bilan birgalikda, Davlat dasturining ijrosi oʻz vaqtida taʼminlanmagan bandlari ham mavjud. Jumladan, Davlat dasturida 2 ta band boʻyicha vazifalar bajarilmagan:

    - tajriba tariqasida “Yangi Angren IES” AJning ifloslantiruvchi manbalaridan namuna olish va tahlil qilish boʻyicha avtomatik stansiya oʻrnatilmagan;

    - koronavirus infeksiyasiga qarshi yangi avlod mahalliy vaksinalarni klinik oldi sinovlaridan oʻtkazish va ommaviy ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmagan.

    Toʻliq bajarilmagan vazifalar

    Davlat dasturi ijrosi boʻyicha bir qator vazifalar yuzasidan koʻzda tutilgan qonunchilik hujjatlari ishlab chiqilgan boʻlsada, bugungi kunda koʻrib chiqish jarayonida boʻlganligi bois, mazkur vazifalar ham toʻliq bajarilmagan.

    Jumladan, ijro muddati kelgan (oʻtgan) 58 ta band boʻyicha 91 ta vazifa yuzasidan normativ va boshqa hujjatlar loyihalari masʼul vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan va koʻrib chiqish yoki qabul qilish uchun tegishli idoralarga kiritilgan boʻlib, qabul qilinmasdan turibdi (ijroga qaratilmagan).

    Mazkur normativ hujjatlar bilan jamiyat hayotiga daxldor dolzarb islohotlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

    36 ta vazifa ijrosi boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar belgilangan muddatlardan kechikib, koʻrib chiqish yoki qabul qilish uchun Prezident Administratsiyasiga kiritilgan.

    Davlat dasturida belgilangan 17 ta vazifalar boʻyicha belgilangan vazifalar muddati uzaytirilgan.

    Xorazm va Qoraqalpogʻistonda monitoring natijalari

    Oʻtkazilayotgan doimiy tahlillar bilan birga Davlat dasturining ayrim bandlarining ijrosi bevosita joylarga chiqqan holda jamoatchilik monitoringi doirasida oʻrganildi.

    Joriy yil sentyabr oyi oxirida Harakat tomonidan Davlat dasturining 211-bandiga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida tajriba-sinov tariqasida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash vazifasi joyiga chiqqan holda oʻrganildi.

    Oʻrganishlar davomida 1-oktyabr holatiga joriy oʻquv yilidan boshlab Xorazm viloyatida keytering usulida bepul ovqat berish 94% maktablarda yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, Qoraqalpogʻistonda hali tender tanlovlarini oʻtkazish davom etayotganligi bois ushbu amaliyot hali boshlanmaganligi maʼlum boʻldi.

    Shu bilan birga, oʻtgan oʻquv yili davomida muddati oʻtgan mahsulotlar tarqatilganligi holatlari aniqlanganligi va bu ota-onalarning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlganligi ham bildirildi.

    Yana bir muhim jihat bu maktablarda bu borada zarur infratuzilmaning mavjud emasligi bilan bogʻliqdir. Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati xalq taʼlimi tasarrufida jami 1 275 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalari mavjud boʻlib, ularning 856 tasida oshxonalar, shundan 472 ta oshxona va 384 ta bufet mavjud. Mavjud oshxonalarning 289 tasi taʼmirtalab holatda boʻlsa, 419 ta maktabda oshxona yoki bufet mavjud emas.

    Samarqand viloyatida monitoring natijalari

    17-18-oktyabr kunlari Taraqqiyot strategiyasining 60 va 64-maqsadlariga muvofiq, reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish hamda hududlarda birlamchi tibbiy xizmatni “bir qadam” tamoyili asosida tashkil etish doirasida belgilangan vazifalarning Samarqand viloyatidagi ijrosi oʻrganildi. Bu borada ham qator muammo va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.

    Jumladan:

    - Samarqand tumani Motrid mahallasida oilaviy shifokorlik punktini tashkil etish uchun mahalliy byudjetdan mablagʻ oʻz vaqtida ajratilmaganligi

    - Payariq tumani Reproduktiv salomatlik markazida qurilish taʼmirlash ishlari tender tanlovi oʻtkazilmasdan tuman hokimligining kafolat xati asosida amalga oshirilayotganligi

    - Kattaqoʻrgʻon tumani Andoq mahallasida tashkil etilgan oilaviy shifokorlik punkti iyun oyida taʼmirdan chiqarilgan boʻlsada, hozirga qadar tegishli jihozlar va tibbiy anjomlar bilan taʼminlanmaganligi

    - Samarqand shahri Qorasuv massivida yangi qurilayotgan oilaviy poliklinikaga olib boruvchi yoʻllarni qurish masalasi hal etilmaganligi

    - Kattaqoʻrgʻon va Payariq tumanlarining eng chekka hududlarida shifokorlarni ragʻbatlantirish choralari tatbiq etilmaganligi

    - Reproduktiv salomatlik markazlarida kardiomonitorlar va IVL apparatlari yetishmayotganligi va boshqa muammolar koʻzga tashlandi.

    Oʻtkazilgan monitoring jarayonida aniqlangan holatlar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va mahalliy davlat hokimiyati idoralariga kiritildi.

    Hududiy dasturlar ijrosi. Uchta viloyatda sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan

    Taraqqiyot strategiyasidan kelib chiqib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha hududiy dasturlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan boʻlib, ularning ijrosi boʻyicha ham monitoring olib borilyapti. Mazkur hududiy dasturlar ijrosi boʻyicha qator bajarilmagan vazifalar mavjud.

    Jumladan, Jizzax viloyatida 20 ta, Navoiyda 13 ta, Qashqadaryoda 13 ta, Namanganda 12 ta, Buxoroda 11 ta, Qoraqalpogʻistonda 8 ta, Sirdaryoda 8 ta, Toshkent viloyatida 8 ta, Andijonda 7 ta, Surxondaryoda 7 ta, Xorazmda 6 ta, Toshkent shahrida 4 ta, Fargʻonada 4, Samarqandda 2 ta band boʻyicha vazifalar oʻz vaqtida bajarilmagan.

    Yuqoridagilardan koʻrish mumkinki, Jizzax, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida hududiy dasturlar ijrosi sustkashlik bilan olib borilyapti.

    Samarqand, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrida hududiy dasturlar ijrosi nisbatan yaxshi taʼminlanyapti.

    Amalga oshirilgan tahlillar va monitoring natijalar yuzasidan axborotlar har oy yakuni boʻyicha Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasiga kiritib borilyapti.

    Aytish kerakki, Prezidentimiz tomonidan eʼlon qilingan islohotlarni oʻz vaqtida va soʻzsiz amalga oshirilishini taʼminlashda davlat dasturi ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish muhim ahamiyatga ega. Bu borada jamoatchilikning islohotlarga boʻlgan eʼtiborini jalb etish, muqobil fikrlar va qarashlarni shakllantirish eng asosiysi vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

    Tadbir soʻnggida Mustaqil monitoring va baholash jamoatchilik guruhi tomonidan Davlat dasturi ijrosi doimiy monitoring qilib borilishi va islohotlarni oʻz vaqtida amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish muhim ekanligi taʼkidlandi. Shuningdek, bu borada zarur taklif va tavsiyalar ham ishlab chiqilishi qayd etildi.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.