Davlat dasturining ijrosi va parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 11 Noyabr 2022 1211

    Joriy yil 11-noyabrda Senatning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, ekspertlar guruhi aʼzolari, Yoshlar parlamenti, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

    Dastlab 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022-yil 9 oyi yakuni boʻyicha bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilindi.

    Dasturning 398 ta bandi topshiriqlar kesimida 607 ta yaxlit va kichik bandlarga taqsimlangan holda tahlil etilgan boʻlib, 233 ta band va kichik bandlar toʻliq bajarilgan. Hisobot davrida 219 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

    Dasturning 292-bandida maishiy chiqindilarni yigʻishni 100 foizga uni qayta ishlash darajasini 21 foizdan 50 foizga yetkazish vazifasi belgilanganligi ushbu vazifaning “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida jami 300 ta maxsus texnikalar xarid qilish yuzasidan tender savdolari oʻtkazilishi nazarda tutilgan boʻlsada, lekin bunday maʼlumotlar taqdim etilmaganligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

    Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi doirasida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Suv xoʻjaligi vazirligining axboroti ham muhokama qilindi.

    Hisobot davrida suv yetkazib berish boʻyicha suv isteʼmolchilari bilan 72,5 mingta shartnoma rasmiylashtirilib, respublika boʻyicha maxsus xizmatlar tomonidan 291 milliard soʻm qiymatdagi biznes-reja ishlab chiqilgan hamda suv isteʼmolchilariga 135 milliard soʻmlik xizmatlar koʻrsatilganligi taʼkidlandi.

    Muhokama mobaynida Strategiyada 2021-2022-yillarda daryolar va soylardagi 4 ta gidrologik postni qurish va qayta tiklash hamda 4 ta postni raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan uskunalar bilan jihozlash loyihalari belgilangan boʻlsada, 7 ta loyiha amalga oshirilmaganligi, yil yakuniga qadar 4 540 ta “Aqlli suv” qurilmalarini oʻrnatilishi belgilanganligi biroq, joylarda mahalliy hokimliklarning ushbu topshiriq ijrosiga eʼtiborsizlik bilan yondashishi natijasida 2 346 ta (52 foiz) qurilma hanuzgacha oʻrnatilmaganligi bildirildi.

    Shuningdek, Qoʻmita aʼzolari tomonidan Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish, daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yoʻl xoʻjaligi obyektlariga salbiy taʼsiri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

    Majlisda parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat Ishchi guruh tuzilib oʻrganilganligi taʼkidlandi.

    Oʻrganish jarayonida hozirgi kunga qadar joylarda litsenziya va “Xavfsiz daryo” DUK bilan shartnoma shartlari asosida qazish ishlarini ayrim mutaxassis boʻlmagan xodimlar olib borayotganligi oqibatida daryo oʻzanlari tiklab boʻlmas holatga kelishiga va ularning yoʻnalishi oʻzgarishiga taʼsir qilayotganligi,

    qum-shagʻal mahsulotlari sanoat usulida qazib olinishi natijasida daryoning qirgʻoqlari kengayib borayotganligi kuzatilgan.

    Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida chorvachilik va ipakchilik sohasida amalga oshirilgan ishlar holatini oʻrganish natijalari ham tahlil qilindi.

    Viloyatda 2022-yil yanvar-sentyabr oylarida qishloq xoʻjaligida 289,1 mingta doimiy va mavsumiy, pillachilik sohasida 93,7 mingta, dehqon xoʻjaligi va tomorqa xizmati sohasida 27,7 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan. Ish bilan band boʻlmagan 141 ming nafar fuqaro 0,1-1 gektargacha hamda takroriy ekinga yer ajratish hisobiga doimiy va mavsumiy ish bilan taʼminlanganligi hamda 8 ta tumanda sut va goʻsht yoʻnalishidagi 16 ta kooperatsiya faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi maʼlum qilindi.

    Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.