2020-yil 10-aprel. Xuddi shu kuni oʻzining siyosiy irodasini jahonga namoyon etib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli minbarida tarixda ilk bor oʻz ona tilida nutq soʻzlagan hamda bu orqali butun dunyo ahlini hayrtaga sola olgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi.

Toʻgʻri, bundan oldin ham, aniqrogʻi, 1989-yildan boshlab 21-oktyabrni oʻziga xos ravishda bayram qilib kelganmiz. Ammo 2020-yildan eʼtiboran 21-oktyabr rasman Oʻzbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Albatta, bundan kimdir oʻzida yoʻq quvongan boʻlsa, kimdir ochiq-oshkora boʻlmasa ham “hap senimi” degandek tishlarini gʻijirlatgani aniq. Chunki bir millatning mustaqil boʻlishi, oʻzini, oʻzligini, milliy urf-odatu anʼanalarini, qadriyatlarini tanishi, bilishi, qalban his qilishi va ularni boshqa tashqi kuchlarning salbiy taʼsiridan himoya qilishi hammaga ham maʼqul kelavermaydi. Ayniqsa, bu millat, bu davlat uzoq yillar davomida kimgadir har tomonlama qaram boʻlgan boʻlsa...

Shu oʻrinda XX asr oʻzbek sheʼriyatining oʻziga xos vakili, millatparvar shoir Shavkat Rahmon shogirdi Rahmon Qoʻchqor bilan bir suhbatda aytgan gapini keltirib oʻtishni joiz topdim:

— Bir yuzu oʻttiz yildan soʻng qoʻlga kiritilgan mustaqilligimizni osonlikcha berib qoʻymaymiz, — dedi Shavkat aka mushtlarini tugib. — Mayda-chuyda gaplarni bir chetga yigʻishtirib qoʻyish kerak. Asosiysi — mustaqillik... Uni qoʻldan bermaymiz...

Nima uchun gapni mustaqillikka olib kelyapsiz, deyishga shoshilmang. Axir Oʻzbekiston mustaqilligi arafasida oʻzbek tili davlat tiliga aylanmadimi? Baraka topgur, wikipedia maʼlumotlarida ham ona tilimiz 1989-yil 21-oktyabr kuni 178 mamlakatning rasmiy tillari qatoriga qoʻshilgani qayd etilgan. Bugun ana shu saʼy-harakatlar natijasida dunyoda 60 millionga yaqin (baʼzi manbalarda 50 million) odam oʻzbek tilida soʻzlashmoqda.

Nazarimda, 2020-yil 10-aprelni oʻzbek tili rivoji, kelajagi hamda yanada takomillashishi uchun 1989-yil 21-oktyabrga tenglashtirish mumkindek. Chunki ushbu ikki sana oʻzbek tili “hayoti”da alohida ahamiyat kasb etadi.

Har bahorda shu boʻlar takror deganlaridek, bayram arafasida va bayram kunlari tilimizga oid shiorlarni, uning ulugʻligi, ahamiyati, muhimligini keng jamoatchilikka koʻrsatish, toʻgʻrirogʻi, roʻkach qilish uchun turli dalil va raqamlarni qidiramiz. Oʻzbek tilining kelib chiqishi bir necha ming yillik tarixga borib taqalishi, shu kunlarda ushbu tilga eʼtibor har qachongidan ham kuchliroq ekani, uning davlat tili sifatida foydalanilishi qamrovi yanada kengayib borayotgani, soʻzlashuvchilar soni yildan-yildan ortayotgani, dunyoning koʻplab mamlakatlarida oʻzbek tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqish tobora yuksalayotgani haqida bong uramiz. Ana shu sanada oʻzbek adabiy tilining asoschisi sifatida Alisher Navoiyni, shu tilda ijod qilgan Boburni, oʻz davrida yoʻqolishga yuz tutgan tilni asrab qolish uchun harakat qilgan boshqa ajdodlarimizni yodga olamiz, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar, mushoirayu adabiy kechalar tashkil qilamiz, qoʻlimizdan kelgancha kuyunib yoki oʻzimiz muloqotda boshqa tildan foydalansak ham, shu mavzuga oid balandparvoz fikrlarga toʻla maqolalar eʼlon qilamiz (men tayyorlagan maqola ham shulardan biriga oʻxshab ketdi-yov). Undan koʻra amaliy ishga qoʻl uraylik, oilamizda, doʻstlar davrasida, ishxonada, jamoat ichida oʻrnak boʻlaylik. Qanday qilib deysizmi?

Agar oilada ota yoki ona oʻzbek tilida muloqot qilsa, farzandlar ham ularga taqlid qiladi. Bu bilan hech kim sizning xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan huquqingizni poymol qilish niyatida emas. Masalan, mening oilamda doim oʻzbek tilida soʻzlashiladi. Oʻgʻlim yaqinda ingliz tilini bilish boʻyicha maxsus sertifikatni qoʻlga kiritdi. Lekin bu bilan u oʻz ona tilini unutgani yoʻq, uning qonun-qoidalarini yanada yaxshiroq oʻrganishga harakat qilmoqda. Ha, yana bir gap. Endi u yana bir xorijiy tilni oʻrganishga kirishmoqchi. Men esa uni qoʻllab-quvvatlash niyatidaman...

Ishxonalarda davlat tilida ish yuritishga oid rasmiy koʻrsatmalar mavjud. Shunday ekan, siz ham hamkasblaringizni shu koʻrsatmalarga amal qilishga undang, garchi muloqotingiz suhbatdoshingizdan kelib chiqib boshqa tilda boʻlsa ham, hech boʻlmasa, hujjat yuritishni davlat tilida amalga oshiring. Boshqa tashkilotdan ingliz, rus yoki boshqa tilda taqdim qilingan murojaat xatiga siz davlat tilida javob qaytaring. Bu ham sizning tilimiz rivojiga qoʻshgan hissangiz boʻladi.

Maqtanish boʻlib qolmasin, ammo maqtashga arzigulik. Raqamli texnologiyalar vazirligida rahbariyatning shaxsan koʻmagi va qoʻllab-quvvatlashi natijasida toʻliq davlat tilida lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ish yuritilishi taʼminlangan. Boshida biroz qiyin boʻlgan boʻlsa ham, bugun mevasini koʻryapmiz. Eng quvonarlisi, rus yoki ingliz tilida muloqot qiluvchilar soni kamaydi. Shuningdek, avval hujjatni rus tilida tayyorlab, keyin oʻzbek tiliga tarjima qiladigan hamkasblarimiz bugun baʼzi xato va kamchiliklarni inobatga olmaganda, davlat tilida ravon yozmoqda.

Yaqinda telefonim jiringladi, goʻshakni koʻtarsam, narigi tomondagi qiz ajnabiy tilda soʻzlamoqda. Davlat idorasiga qoʻngʻiroq qilgani uchun u bilan oʻzbek tilida muloqot qila boshladim. Avvaliga qiz gapimni tushunmaslikka oldi, lekin men davom etavergach, u ham oʻzbek tilida gapirishni boshladi. Bir-birimizni tushunishda qiynaldik, biroq ism-sharifi oʻzbekcha qizni oʻzbek tilida gapirishga majburladim. Suhbatimiz yakuniga yetish arafasida unga oʻzi soʻzlagan ajnabiy tilda bu davlat idorasi ekani, davlat idorasida esa davlat tilida ish yuritilishi, muloqot qilinishini tushuntirdim. Hech narsa boʻlmadi, osmon uzilib, yerga tushmadi.

Yana bir yangilikni aytib oʻtmasam boʻlmas. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi farmoni ijrosi doirasida vazirligimiz tomonidan tizimdagi qator korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lugʻati” yaratildi. Ushbu lugʻat avvaliga 1000 dona rejalashtirilgan boʻlsa ham, talab va ehtiyojdan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yana 2000 dona nashr qilindi. Ushbu lugʻat vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy hokimliklarga bepul tarqatildi.

Yaqin oʻtmishda koʻp idoralarda rus tilini bilmaslik ishingiz bitishiga xalaqit qilgan yoki chet tilini bilishni oʻziga obroʻ deb biladigan baʼzilar oʻzbek tilida ish yuritadigan xodimlarning saviyasi past, deb hisoblab kelgan.

Shu oʻrinda yana bir masala. Bugun zamon rivojlanmoqda. Hayotimizning har bir jabhasiga yangidan-yangi texnologiyalar va ular orqali yangi atamalar kirib kelmoqda. Biz osoniga oʻrganib qoldik. Jon koyitishni istamaymiz. Bu atama xorijda yoki birinchi marta qoʻllanilgan mamlakatda qanday qoʻllanilsa, shundayligicha qabul qilib qoʻya qolamiz. Bahona: “agar biz bu atamani oʻzbekchalashtirsak, xorijlik hamkorlarimiz tushunmaydi”, emish. Bekor gap. Ey inson, sen bu atamaning oʻzbek tilidagisini bir marta oʻsha hamkoringga tushuntir va keyin bemalol foydalanaver. Menimcha, u bunga sirayam qarshilik qilmasa kerak. Yana bir bahona tayyor. Oʻzbek tilida uning muqobili yoʻq. Boʻlmagan gap. Oʻzbek tili sizu biz oʻylaganchalik “kambagʻal” emas. Biz bilmaymiz xolos. Kitob javonida turib, chang bosib yotgan lugʻatlarni titishni, hech boʻlmaganda deyarli hamma savolga javob topish mumkin boʻlgan Internetni kovlashtirishni xohlamaymiz.

Kezi kelganda, meʼyoriy-huquqiy hujjat, yaʼni qonunchilikka muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat koʻrsatmalari sifatida huquqiy meʼyorlarni belgilashga, oʻzgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatlarni ishlab chiquvchilarga ikki ogʻiz soʻz. Meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish jarayonida u qaysi yoʻnalishda boʻlsa, notanish atamalarga duch kelinganida, ana shu soha mutaxassislari, ayniqsa, malakali tilshunoslar bilan maslahatlashish, tilimizga kirib kelishi kutilayotgan yangi atamaning oʻzbekcha muqobilidan foydalanish mumkin-ku! Baʼzan bir xorijiy soʻzning bip-binoyidek oʻzbekchasini ishlatishni taklif qilsangiz, ana shunday hujjatlarni roʻkach qiladiganlar topiladi. “Mana qonun hujjatida shunday qoʻllanilgan” deb koʻrsatishadi. Bu bilan hech kimning bilimiga shubha bildirmoqchi emasmiz, ammo har ne boʻlganda ham soha bilimdonlariga murojaat qilgan maʼqulroq.

Menimcha, barcha vazirligu idora, korxonayu tashkilotlarda davlat tilida, xususan, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ish yuritishni, har bir rahbar, eng avvalo, oʻzidan boshlashi kerak. Chunki siz har qancha qoʻl ostingizdagi xodimga xuddi shu yoʻnalishda topshiriq bermang, agar oʻzingiz bu ishni qilmas ekansiz, undan buni kutmang. Zero, xalqimiz bekorga “qush uyasida koʻrganini qiladi” degan naqlni ishlatmaydi.

Germaniya, Turkiya, Gruziya, Ozayrbayjon kabi davlatlarda aholining oʻz ona tilidan foydalanishini koʻrib havas qilasan kishi. Yaqinda Rossiya Ichki ishlar vazirligi muhojirlarning rus tilini bilish darajasiga qarab jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻlovini kamaytirish va shu orqali ularni oʻqishga ragʻbatlantirishni taklif qildi. Bugun koʻproq daromad topish ilinjida oʻsha tomonlarda har qancha qiyin sharoitda boʻlmasin, mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz borligini oʻylasak, bu biz uchun “minus” boʻldi.

Yana bir misol. AQSH Tashqi ishlar vazirligi endi barcha rasmiy hujjatlarda Turkiyaning anʼanaviy inglizcha Turkey nomi oʻrniga Türkiye soʻzini ishlatishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Turkiya anchadan beri oʻz imiji va mahsulotlarini jahon bozorida faol targʻib qilib, mamlakatning brend sifatida maksimal darajada tan olinishiga erishmoqda. 2022-yil iyun oyida BMT ham Turkiyaning barcha rasmiy hujjatlardagi respublika nomini turkiy fonetik meʼyorlarga muvofiq yozilishi uchun xorijiy tillarda oʻzgartirish boʻyicha rasmiy soʻrovini qondirgan edi. Hatto buning uchun BMT Bosh kotibi Guteresh Erdoʻgʻonga minnatdorlik bildirganiga nima deysiz?

Bu kabi holatlar oʻz farzandlarini til oʻrganmasdan turib, xorijiy davlatlarga yuborayotgan millat sifatida bizga har qancha maʼqul boʻlmasa ham, ular uchun toʻgʻri. Ular oʻz tilini himoya qilmoqda, mamlakatiga keluvchilarga oʻz ona tilini oʻrgatish, davlatlari nomini jahon maydonida oʻz tilida yangratish ilinjida. Buni faqatgina olqishlash va kerak boʻlsa, oʻrnak olish lozim.

Kun kelib, bizning yurtimizni ham Uzbekistan emas, balki Oʻzbekiston, deb atashsa, ne ajab...Oʻzbek tili qonun-qoidalari, oʻzbekcha talaffuzda yangrasa... Zero, yaxshi niyat – yorti mol.

Nurulla Abdullayev,

Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi