Bilsalar-da, juda oz maʼlumotga ega. Bu kitob turli kutubxonalar, fond, arxivlar ichida oʻz oʻquvchilarini uzoq kutdi. Deyarli 110-yil bizdan koʻzini uzmadi.

Kitob oʻlchami 21x13,5 santimetr, matn oʻlchami 11x18 santimetr boʻlib, muqovasi och yashil tusli kartondan ishlangan. Bayoz hijriy 1332 — milodiy 1914-yil 22-avgustda Toshkentdagi V.M.Ilin bosmaxonasida nashr qilingan. 49 sahifadan iborat ushbu toshbosma kitobni Munavvarqori toʻplab, nashrga tayyorlagan.

Toʻplam anʼanaviy tarzda basmala (Yaratganning nomi) bilan boshlanadi, hamd va naʼt keltiriladi. Soʻng Sayyidahmad Vasliy, Muhammadsharif Soʻfizoda, Abdulla Avloniy, Xislat, Tavallo, Saidahmad Siddiqiy Ajziy, Xolid Said Xayoliy, Mulla Qoʻshoq Toshmuhammad Miskin, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Mirmullo Shermuhammad oʻgʻli, Ahqariy, Axtariy, Laylixonim, Gʻofil kabi ijodkorlarning tahririyatga yoʻllagan tabriklari, gʻazal, muxammas, musaddaslari beriladi. Xotima bilan yakun topadi.

Toʻplam jadid ziyolilari taʼsis etgan “Sadoyi Turkiston” gazetasi sahifalarida eʼlon qilingan materiallar asosida bayoz shaklida tartiblangan. Gazeta ham oʻz sahifalarida “Sabzazor” toʻplami nashr etilganini xabar bergan.

“Sabzazor” boshdan oxir millatga, xalqqa murojaatdan, milliy ogohlik daʼvatidan iborat.

1906-yildan nashr etila boshlagan “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”; “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Fargʻona”, “Oyina” kabi nashrlar millatni uygʻotish uchun taʼsis etilgan edi. Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Hamza, Tavallo, Sidqiy, Choʻlpon, Xislat, Ajziy, Vasliy, Soʻfizoda kabi koʻplab shoir-yozuvchilar shuning uchun qalam tutdilar. Gazeta, jurnallar nashri yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa-da, Sharq sheʼriyatiga xos tazkirachilik, devon tuzish anʼanalari ham davom etdi, sheʼriy toʻplamlar, bayozlar tuzish ommalashdi. Sheʼriy asarlarning kitob holida nashr etilishida devon anʼanasiga rioya qilinar ekan, shuning barobarida bu asriy tartib-qoidalarda oʻzgarishlar yuz berdi. Shuningdek, bayoz adabiyoti ham yangi bosqichda davom etdi, zotan ijodkorlarning mavzu yoʻnalishi butunlay yangicha edi.

XX asr boshlaridagi oʻzbek adabiyotida tazkirachilikning boyishi, bayozu majmualar yaratilishi va ayni paytda ularning yangilanishi natijasida yangi shakl hamda mazmunga ega sheʼriy toʻplamlar paydo boʻldi. Bayoz, yuqorida keltirganimizdek, shaklan devon adabiyotini takrorlaydi: avval basmala, hamd va naʼt, soʻng boshqa materiallarga oʻrin beriladi. Ammo mavzuni yangilash talabi qoʻyiladi: jaholat, onalarning abgor hayoti, millatni yemirayotgan masalalar, xurofot kechiktirib boʻlmas muammo sifatida koʻtariladi. Bunda oʻzbek sheʼriyati ich-ichidan yangilana borgani, mumtoz adabiyot ustqurma vazifasini bajarganini tushunish mumkin. Jadid adabiyoti tadqiqotchilari davr adabiyoti qardosh xalqlar adabiyoti, rus tarjima adabiyoti, umuman, tashqi omillar taʼsirida yangilandi, degan xulosalarni yaxshi koʻradi. Ammo tizimli tahlillarning koʻrsatishicha, oʻzbek adabiyoti, xususan, sheʼriyatning yangilanishida ichki omillar birlamchi taʼsirga ega boʻlib, muayyan qonuniyatlar mavjud. Masalan, Avloniyning bayozda bosilgan, dialogga qurilgan sheʼrlarida drama va sheʼriyatning yaqinlashuv jarayoni, turlar va janrlar oʻrtasida sintezlashuv boshlanganini koʻramiz. “Sabzazor” toʻplamidan 47 ta sheʼr oʻrin olgan boʻlib, baʼzilari sarlavhasiz kiritilgan. Ularning ichida ishqiy mavzudagi birorta sheʼrni uchratmaysiz. Sheʼrlarning katta qismi aruz vaznida yozilgan, mumtoz sheʼriyatning gʻazal janridan keng foydalanilgan. Ayrim hollarda barmoq vaznidan ham foydalanilgan oʻrinlar mavjud.

Jadid adabiy merosi koʻlami biz tasavvur qilgandan-da kengroq. Hali oldimizda Abdulla Avloniyning “Adabiyot yoxud milliy sheʼrlar” (1909), Sidqiy Xondayliqiyning “Tuhfayi Shavkat” (1913), “Savgʻoti Shavkat” (1913), “Bazmi ishrat”, Hoji Muinning “Guldastai adabiyot” (1913), Fitrat tartib bergan “Oʻzbek yosh shoirlari” (1922) kabi kitoblar, yaqindagina ilmiy jamoatchilikka maʼlum qilingan “Milliy ashʼori Tarjimon” (1910), “Milliy sheʼrlar majmuasi yoxud adabi din” (1912), “Yangi adabiyot” (1915) singari majmualarni chuqur oʻrganish, joriy yozuvda mukammal nashrlarini yaratish talabi turibdi.

Zamonaviy kitob dunyosidagi bu ilk milliy nashrlarda xalqning ruhini uygʻotish bosh maqsad qilib olingan. Mana shu moʻjaz toʻplamlar Turkiston xalqlari uchun bir yorugʻlik, najotdek qabul qilingan. Yonib turgan choʻgʻdek yuraklarni oʻrtagan. Koʻkrak choʻntaklarda, yurak ustida saqlangan. Taqiq zamonlarida sheʼrlar yuraklarga koʻmilgan, kitoblar chordoqlaru qabristonlarga yashirilgan. Qoʻrquv ostida yer ostiga kirgan bu kitoblar hali ham zamin qatlaridan sado berib turadi. Shu kitoblarni yana oʻz soʻzi, ohangi, hatto suratlari bilan xalqimizga qaytarsak, yuraklarga, koʻkrak choʻntaklarga qaytarsak, degan ezgu niyatimiz bor edi. Shu maqsadda oradan 110-yil oʻtib “Sabzazor” ilk bor qayta nashr etilmoqda. Toʻplam yosh olimlar jamoasi tomonidan oʻzigagina xos til tarovati bilan joriy yozuvga oʻtkazildi, izoh va lugʻatlar bilan taʼminlandi. Yaqin kunlarda millat oʻquvchilari qoʻliga, oʻz egalariga yetib borishi kutilmoqda. Illo, mangu haqiqatlar hurriyat hamda Vatan boʻlib bizni qurshab va doimo oʻz kuchini koʻrsatib turadi.

Shu kunlarda Uygʻonish maʼrifati haqida koʻp soʻzlanyapti. Bu axloqiy bezanish, ilmlarni oʻzlashtirishgina emas. Uygʻonish maʼrifati uygʻonish ogʻriqlariga chidam berishdir. Ushbu bayoz milliy uygʻonish maʼrifati, milliy ogʻriqlar haqida. Choʻlpon 100-yil avval “Yozilmogʻonmi bu tunlar soʻnginda tong otmoq?” deya hayqirgan edi. Tong otdi, ammo bu sheʼrlar bugun ham yuragimizni yoqadi, milliy maʼrifat va milliy hushyorlikka daʼvat etadi. Ularning hech biri eskirgan emas. Barchasi Vatan yoʻlidagi mangu tashnalik, mangu bezovtalik haqida. Zotan, bu mangu tashnalik, bu mangu bezovtalik bizdan tashqarida emas.

Shahnoza NAZAROVA,

filologiya fanlari doktori