Qayd etilishicha, bu bilan hududlardagi avtomobil yoʻllarida yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, ayrim aholi yashash hududlaridan tashqarida avtomobillar tezligini kamaytirish maqsad qilingan.

Hokim qarori bilan Toshkent viloyati YHXBning viloyat hududida joylashgan 37 ta yoʻl qismlaridagi ayrim aholi yashash hududlaridan tashqarida avtomobillar tezligini soatiga 100 kilometrdan 80 kilometrgacha kamaytirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi.

Viloyat avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi mashinalar tezligi kamaytirilayotgan hududlardan tashqarida joylashgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllariga 3.24 “yuqori tezlik cheklangan” yoʻl belgilarining amaldagi talablar asosida besh kun muddatda oʻrnatilishini taʼminlash topshirildi.

Viloyat YHXB tezligi kamaytirilayotgan aholi yashash hududlaridan tashqarida cheklangan tezlikda avtomobillar harakatlanishini nazorat qilish uchun shaxsan masʼul etib belgilandi.