Manbalarga koʻra, Tramp may oyida Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida tegishli bayonotni beradi. Yaqin Sharqning koʻplab mamlakatlarida “Arab koʻrfazi” va “Arabiston koʻrfazi” atamalari keng qoʻllaniladi. Eron bunday nomlanishga qarshi chiqmoqda. Fors — bu koʻrfazning anʼanaviy geografik nomi boʻlib, u hozirgi Eron hududida joylashgan qadimgi Fors davlati sharafiga nomlangan.

2017-yilda Tramp birinchi muddati davomida Arab koʻrfazi nomini ishlatganida janjal kelib chiqqandi. Eronning oʻsha paytdagi prezidenti Hasan Ruhoniy AQSH rahbariga “geografiyani oʻrganish”ni taklif qilgan.

Trampning doʻstligini eng yuqori narx taklif qilgan odam sotib olishi mumkinligini hamma bilardi. Endi uning geografiyasi ham shunday ekanini bilib oldik, degan oʻshanda Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif.

Google Maps xizmatida suv havzasi “Fors koʻrfazi (Arab koʻrfazi)” deb koʻrsatilgan. Yandeks xaritalarida esa u shunchaki “Fors koʻrfazi” deb ataladi.

Uni Arab koʻrfazi deb qayta nomlashga Misrning marhum prezidenti Jamol Abdunosir va Iroqning sobiq prezidenti Saddam Husayn harakat qilgan. Ular buni koʻrfaz barcha arab mamlakatlariga tegishli ekani bilan izohlagan.