Oʻzbekistonning Shri-Lankaga yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor elchisi qarorgohi (Islomobod shahrida joylashgan) Alisher Toʻxtayev ushbu mamlakat Davlat protokoli rahbari Rohana Ambagollaga ishonch yorligʻi nusxalarini topshirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

Uchrashuv avvalida Rohana Ambagolla Oʻzbekiston rahbariyatiga Shri-Lankada ilk elchisini tayinlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Uning taʼkidlashicha, mazkur qadam ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash yoʻlidagi muhim siyosiy qaror boʻlib, oʻzaro hamkorlikka yangi surʼat bagʻishlaydi.

Shri-Lankaning Oʻzbekiston bilan yangi formatdagi hamkorlikka ochiqligi tasdiqlandi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning global Janub bilan yaqinlashish, oziq-ovqat xavfsizligi va mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash boʻyicha tashabbuslari yuqori baholandi.

Shri-Lanka rasmiysi Alisher Toʻxtayevning Kolombo shahridagi faoliyati barcha yoʻnalishlarda tizimli va samarali ishlash uchun mustahkam asos yaratishiga ishonch bildirdi.

Shri-Lanka Oʻzbekiston bilan barcha yoʻnalishlarda, xususan, savdo, logistika, taʼlim va turizm sohalarida amaliy hamkorlikni jadal kengaytirishdan manfaatdor ekanligini alohida qayd etildi.

Ikki mamlakat oʻrtasida iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish masalalari, oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarning istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ikki tomonlama savdo aylanmasining hozirgi hajmi qoniqarsiz ekani qayd etilib, ushbu koʻrsatkichni yaqin istiqbolda 50 million dollarga yetkazish uchun aniq choralarni koʻrishga kelishib olindi.

Eksport va import suratlarini oshirish uchun transport va logistika yechimlarini birgalikda ishlab chiqish, axborot texnologiyalaridan unumli foydalangan holda onlayn platforma va dasturlarni ishlab chiqish hamda yoʻlga qoʻyish masalalari xususida fikr almashildi.