Qushlarning samolyotlar bilan toʻqnashuvini oldini olishning samarali usullaridan biri lochinlardan foydalanish boʻlib qolmoqda.
Bu uchish-qoʻnish yoʻlagida xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan ornitologik nazorat tizimining bir qismidir, deyiladi “Uzbekistan Airports” xabarida.
Qayd etilishicha, aeroport xodimlari qushlar toʻplangan hududlarni kuzatib, u yerga oʻrgatilgan yirtqichlarni joʻnatadi. Lochinlar tabiiy tahdid sifatida harakat qilib, boshqa qushlarda qoʻrquvni keltirib chiqaradi va ularni xavfli zonani tark etishga majbur qiladi.
Yilning turli vaqtlarida turli xil qushlar bilan ishlashga toʻgʻri keladi: yozda kichik, qishda esa katta qushlar paydo boʻladi. Ayniqsa qargʻalar juda aqlli, ular tovush yoki vizual qoʻrqitish vositalariga tezda moslashadi. Biroq lochinlardan doim qoʻrqishadi — ularning instinkti yirtqichni eʼtiborsiz qoldirib boʻlmasligini aytadi.
Shuning uchun bu biometod aeroport hududida ornitologik hodisalar xavfini kamaytirishning eng samarali usullaridan biri boʻlib qolmoqda.