Bugungi kunda respublikada 5,1 ming gektar issiqxonalar mavjud boʻlib, soʻnggi yetti yilda ularda yetishtiriladigan mahsulot hajmi 110 ming tonnadan 546 ming tonnaga koʻpaydi.
Lekin tadbirkorlar kredit ogʻirligi, oʻgʻit narxi qimmatligi, uzluksiz gaz taʼminoti yoʻqligini aytmoqda. Masalan, 600 gektardan ortiq maydondagi issiqxona faoliyatini toʻxtatgan, 128 gektari qarzdorlik sababli bank balansiga oʻtgan.
Shu bois issiqxona xoʻjaliklari qoʻllab-quvvatlanadi. Endilikda:
- ichki bozor bilan bir qatorda eksportga ham mahsulot yetishtirish majburiyatini olgan, tabiiy gazda ishlayotgan issiqxonalarga qishki mavsumda gaz kafolatli hajmda beriladi;
- koʻmir yoki boshqa muqobil isitish tizimida ishlayotgan hamda eksport majburiyatini olgan issiqxonalarga ham tabiiy gazga qaytish imkoni beriladi;
- aylanma mablagʻ yetarli boʻlishi uchun oldindan toʻlov oktyabr mart oylariga 50 foiz qilib belgilanadi. Bunda, issiqxonalar gaz korxonalari bilan 1-oktyabrgacha shartnoma imzolaydi;
- tabiiy gazdan koʻmir yoki boshqa muqobil isitish tizimiga oʻtgan issiqxonalarga ajratilgan kredit muddati uzaytirib beriladi;
- issiqlik nasoslari texnologiyalarida ishlaydigan issiqxona tashkil qilganlarga xarajatlarning 20 foizgacha qismi, bu ishlar kredit hisobidan boʻlsa, kredit stavkasini 4 foizi qoplab beriladi.