Ushbu insonparvarlik koʻmagi mamlakatimizda eʼlon qilingan 30-iyuldan 30-avgustgacha boʻlib oʻtayotgan “Vatanga qaytarish“ aksiyasi doirasida amalga oshirilyapti.
Oʻzbekiston elchixonasi xodimlari Malayziya Ichki ishlar vazirligi Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda deportatsiya markazidagi Fargʻona viloyatida tugʻilgan vatandoshimiz M.Yu.ni tez kunlarda Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha kelishuvga erishilgan.
Yurtdoshimizning pasporti yoʻqligi sababli unga elchixona tomonidan Vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirib berildi va uning yaqinlari koʻmagida “Kuala-Lumpur – Toshkent“ yoʻnalishi boʻyicha aviareysga aviachipta xarid qilindi.
Shuningdek, “Vatanga qaytarish“ aksiyasi doirasida Kuala-Lumpur shahrida murakkab vaziyatda qolib ketgan Samarqand viloyatida tugʻilgan fuqaro J.M.ga ham koʻmak berildi.
Diplomatik vakolatxona J.M.ga Malayziya IIV Migratsiya departamenti tomonidan mamlakatni tark etish uchun maxsus ruxsatnoma olishda amaliy yordam koʻrsatdi.
Kuala-Lumpurdagi vatandoshlarimiz tez kunlarda Oʻzbekistonga, yaʼni oʻz oilalari bagʻriga qaytariladi.