2020-yilda Prezident Xalq qabulxonalariga qancha murojaat kelib tushgan?

    Mamlakatimizda 22 Yanvar 2021 6388

    2020-yilda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 1 million 196 ming 370dan ziyod murojaat (oyiga o'rtacha 99,7 mingta, 1 kunda – 3,2 mingta) kelib tushgan.

    Ushbu murojaatlarning 58 foizi (693,9 ming) ijobiy hal qilish va huquqiy maslahat berish orqali yechimini topgan. 373,6 mingdan ziyod murojaat egasiga tushuntirish berilgan, qolgan murojaatlar koʻrib chiqish jarayonida.

    Shuningdek, 2020-yilda aholidan quyidagi yoʻnalishlarda eng koʻp murojaatlar kelib tushgan:

    - moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalar (2 yoshli, 14 yoshli bolalar nafaqasi) masalasi – 129 ming 472 ta

    - ish bilan taʼminlash - 55 ming 203 ta

    - uy-joy taʼminoti - 47 ming 307 ta

    - aliment undirish - 44 ming 780

    - karantin davrida moddiy yordam, oziq-ovqat va himoya vositalari bilan taʼminlash - 44 ming 293

    - elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar - 37 ming 874

    - ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni toʻlash va undirish - 24 ming 80

    - yer maydoni ajratmaslik yoki olib qoʻyish - 20 ming 491

    - maishiy gaz balloni bilan taʼminlash - 18 ming 588

    - aholi uy-joylarini taʼmirlash - 15 ming 722.

    2020-yilda fuqarolik ishlari boʻyicha sud qarorlaridan norozilikka oid murojaatlar 20 foizga, ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq murojaatlar 9 foizga, uy-joy bilan taʼminlash 3 foizga, yer maydoni ajratmaslik yoki olib qoʻyishga doir masalalar bilan murojaat qilish 2 foizga kamaygan.

    Bitta ommaviy qabulda oʻrtacha 300 ga yaqin masala koʻrib chiqilgani, oʻrtacha 201 masala hal qilindi.

    2020-yilda hududlarda qatʼiy karantin qoidalari asosida muntazam ommaviy qabullar tashkil qilingani pandemiya davridagi muammolarni birinchi boʻgʻinda aniqlash va ularga yechim topishda nihoyatda muhim platforma boʻldi.

    Bir misol – Prezident Administratsiyasi masʼul xodimlari, Xalq qabulxonalari, Bosh prokuratura, Oliy sud va yana oʻndan ziyod vazirliklar, qoʻmitalar rahbarlari ishtirokida mamlakatimizning barcha hududida jami 93-marta ommaviy qabullar tashkil qilindi. Bu qabullarda qariyb 26,9 ming nafar murojaatchilarni oʻylantirayotgan 27,7 mingdan ziyod masalalar oʻrganildi. Ulardan 18 ming 720 dan ziyodiga yechim topildi, hal qilib berildi, 8,3 mingdan ziyod murojaat boʻyicha asoslantirilgan huquqiy tushuntirishlar berilgan boʻlsa, 588 ta masala qoʻshimcha oʻrganish uchun nazoratga olindi.

    Bitta ommaviy qabulda oʻrtacha 300 ga yaqin masala koʻrib chiqilgani, oʻrtacha 201 masala hal qilingani – shunchaki oddiy raqamlar emas. Ularning zamirida yuzlab kilometr chang-loy koʻchalarning tosh-shagʻal yoʻllarga aylantirilishi, oʻnlab yangi transformatorlar oʻrnatilishi, ming-minglab suyultirilgan gaz ballonlari, vagon-vagon koʻmir yetkazib berilishi, qanchadan qancha yigit-qizlarning doimiy ishli boʻlishi, tadbirkorlarga kreditlar, ehtiyojmand insonlarga oziq-ovqat, dori-darmon, shifoxonalarga yoʻllanmalar berilishi kabi amaliy ishlar mujassam. Va bularning barchasi insoniyatni dovdiratgan pandemiya mamlakatimiz iqtisodiyotining ham oyogʻidan olgan ogʻir-murakkab bir paytda amalga oshirilgani xalq bilan muloqot tizimi islohotlarni hayotga tatbiq qilishning, xalq roziligini taʼminlashda eng samarali mexanizm ekanining yana bir hayotiy isbotidir.

    Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan kiritilgan axborot va eshitilgan hisobotlar natijasida murojaatlar bilan talablar darajasida ishlamagan 752 nafar masʼul xodim javobgarlikka tortildi.

    2020-yilda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar ijrosi boʻyicha Xalq deputatlari kengashlari majlislariga Xalq qabulxonalari tomonidan 743 ta axborot kiritilgan. Unga koʻra 1 ming 759 nafar sektor yoki davlat idoralari rahbarlarining hisobotlari eshitilgan.

    Kiritilgan axborotlar va eshitilgan hisobotlar natijasi boʻyicha 752 nafar masʼul xodim aholi murojaatlari bilan talablar darajasida ishlamaganligi uchun javobgarlikka tortilgan. Ularning 26 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 20 nafariga jarima qoʻllanilgan, 89 nafariga hayfsan eʼlon qilingan, 617 nafar masʼul xodimlar esa rasman ogohlantirilgan.

    Prezident xalq qabulxonalari taqdimnomalarga asosan 3 ming 108 nafar masʼul xodim javobgarlikka tortilgan.

    2020-yilda Xalq qabulxonalari tomonidan sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyati tizimli oʻrganilib, koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan 3 ming 353 ta taqdimnoma kiritilgan. Taqdimnomalarga asosan 3 ming 108 nafar masʼul xodim javobgarlikka tortilgan, shundan 201 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 286 nafariga jarima qoʻllanilgan, 1 ming 467 nafariga hayfsan eʼlon qilingan, 1 ming 154 nafar masʼul xodim esa rasman ogohlantirilgan.