Eng ulugʻ, eng savobli ish yoxud insonni eʼzozlash uning salomatligini asrashdan boshlanadi

    Ijtimoiy hayot 18 Iyun 2023 1667

    Xalq qabulxonalarida fuqarolarning ariza va shikoyati belgilangan tartibda, xolislik tamoyillari asosida koʻrib chiqilib, ijobiy hal etilayotgani mamlakatimizda inson huquq va manfaatlariga oliy qadriyat sifatida qaralayotganining amaldagi ifodasidir.

    Respublikamizning barcha tuman va shaharlarida tashkil etilgan Xalq qabulxonalari odamlar ogʻirini yengil qilish, ularning muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Buni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahar Xalq qabulxonasi faoliyati misolida ham koʻrish mumkin.

    ***

    Chilonzorlik 1993-yilda tugʻilgan Doniyor Mirzayevga ikki yoshligida gepatit “V”, uch yoshida esa surunkali gepatit “V” tashxisi qoʻyilgan. Muolajalarni oʻz vaqtida olib turishiga qaramay, 2010-yili shifokorlar Doniyorning jigar serroziga chalinganini aniqlashdi. 2012-yilda oʻtkazilgan tibbiy muolajada bolada qizil oʻngachdan qon ketish holati ham kuzatildi. Oʻtgan yili esa, buyragi va jigaridagi jiddiy oʻzgarishlar tufayli muolaja oldi. Xullas, jigarni operatsiya qilishdan boshqa chora qolmadi. Buning uchun yaxshigina mablagʻ zarur edi. Baʼzan mana shunday vaziyatda qarindosh-urugʻlardan ham najot boʻlmaydi. Operatsiya uchun 270 million soʻm Oʻzbekiston Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq kabulxonasi tashabbusi bilan tegishli idoralar tomonidan ajratildi.

    Oʻtgan yilning sentyabrida Doniyorga opasi donorlik qildi. Hindistondagi jarrohlik amaliyoti ogʻir oʻtdi. Qariyb uch oylik davolanishdan soʻng Toshkentga qaytib kelgan opa-ukalarning sogʻligi yaxshi tomonga oʻzgara boshladi. Hozirda D.Mirzayevning sogʻligʻi doimiy ravishda shifokorlar nazoratiga olingan.

    ***

    Xalqimizning “issiq jon, ertaga nima boʻlishingni bilmaysan” degan gapi nihoyatda toʻgʻriligini Doniyordek ogʻir darddan azob chekkan va chekayotganlar chuqur his qiladi. Kasallik bilan olishayotgan bemorga bir qultum suv tutib, “tuzukmisiz?”, desangiz ham katta madad. Ayniqsa, boquvchisiz, yotoqli bemorlar, qariyalar bir ogʻiz shirin soʻzga zor.

    Shu maʼnoda, 2017-yildan buyon Prezidentning joylardagi xalq qabulxonalari tomonidan muntazam oʻtkazib kelinayotgan tibbiy koʻriklar ming-minglab odamlar uchun manfaatli boʻlyapti. Poytaxtda boshlangan bu hayrli ish bugun butun respublika boʻylab davom etmoqda. Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi tashabbusi bilan shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi hamkorligida sohadagi mavjud kamchiliklar, aholi murojaatlari oʻrganilib, har hafta chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikning yoʻlga qoʻyilgani insonni qadrlashning amaldagi koʻrinishidan biri boʻldi. Kam taʼminlanganlar, nogiron va yakka-yolgʻizlar birlamchi tibbiy muassasalarda dispanser nazoratiga olinib, davolash hamda sogʻlomlashtirish ishlari olib borilayotgani esa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam sogʻligini asrashga xizmat qilyapti.

    Chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklarni sifatli oʻtkazish uchun tibbiyot oliy oʻquv yurtlaridan yetuk mutaxassislar hamda shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan oliy toifali shifokorlar jalb qilinmoqda. Shifokorlar koʻrigidan tashqari, EKG, UZI, rentgen tekshiruvlar olib borilib, klinik hamda biokimyoviy tahlillarni oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan.

    – Oʻtgan yili oilaviy poliklinika va mahallalarda tashkil etgan tibbiy koʻriklarda 11255 fuqaro nazoratdan oʻtkazildi. Oʻn mingdan ziyod fuqaro sogʻligida muammo borligi aniqlanib, mingga yaqin fuqaro bilan patronaj ishlari olib borildi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shaxridagi Xalq qabulxonasi mudiri Tohir Mullajonov. – “Nobel” farmatsevtik kompaniyasi, “Joʻrabek labaratoriyasi” kabi homiylar tomonidan bepul tarqatilgan 104 000 000 soʻm qiymatdagi dori-darmon 530 fuqaroning dardiga malham boʻlgan boʻlsa, davolanish uchun berilgan 465 ta order, 103 ta nogironlik aravachasi kemtik koʻngillarni togʻdek koʻtardi.

    Tibbiy koʻriklarda masʼullarga oʻzlarini qiynayotgan muammoli masalalarning hal etilishida amaliy yordam soʻrab 475 nafar fuqarodan kelib tushgan turli mazmundagi murojaatlar oʻsha paytning oʻzidayoq maʼsul idora va tashkilotlarga yuborilgan. Murojaatlarning 233 tasi ijobiy hal etilishiga erishilgan. 216 ta murojaat boʻyicha huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan. 26 ta murojaat esa, mablagʻ va muddat talab etgani bois uzoq muddatli nazoratga olingan.

    Tibbiy koʻriklar davomida kam taʼminlangan oilalar, nogironligi boʻlgan bolalar, yakka-yolgʻizlar va yotoqdagi keksalarga oziq-ovqat va moddiy yordam berilgan boʻlsa, qandli diabetga chalingan fuqarolarga bepul glyukometr va dori-darmonlar tarqatildi.

    Joriy yilning ayni vaqtiga qadar esa, poytaxtning 7 tumanida oʻtkazilgan tibbiy koʻrik 31 mahalladagi 2114 fuqaroni qamrab oldi. 38 nafar muhtojlarga turli shifoxonalarga order berildi, 84 nafar yotoqli bemor muolaja qilindi.

    ***

    Yashnobodlik 1955-yilda tugʻilgan II guruh nogironi Oʻktam Rahimov “Tashselmash zavodi”da ishlagan. Unga ajratilgan uy toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilmagani sababli musodara qilingach, turmush oʻrtogʻi bilan ajrashgan. Ayoli farzandlarini olib Rossiya Federatsiyasiga koʻchib ketgan.

    Murojaatchi Yashnobod tuman Xalq qabulxonasiga qoʻltiqtayoqda bazoʻr harakatlanishi, tanishlarining uyida vaqtinchalik yashagani, nafaqasi dori-darmonidan ortmasligini bildirgan. Tibbiy va moddiy yordamga muhtoj bu fuqaro zudlik bilan travmatologiya kasalxonasiga yotqizilib, moddiy yordam ham koʻrsatilgan. Bemorning oshxonalarda kun kechirib yurgani, mustaqil yurishga qiynalayotgani inobatga olinib, oʻzining iltimosi bilan Xalq qabulxonasi va Tibbiyot birlashmasining ijtimoiy boʻlimi hamkorligida Olmaliq tumanidagi “Qariyalar uyi”ga joylashtirilgan. Qabulxona nazoratida unga 1-guruh nogironligi berilgan. Bunday eʼtibordan ruhlangan Oʻ.Rahimov Oʻzbekiston Prezidentiga minnatdorlik xati yoʻllaydi.

    ***

    1986-yilda tugʻilgan qoraqalpogʻistonlik Yuldus Nurimbetova jiddiy kasalligi sabab davolanishga yoʻllanma olish borasida 2022-yilning 24-avgust kuni amaliy yordam soʻragan. Ota-onasi yoshligida vafot etgan Yuldus Xoʻjayli tumanida yashovchi opasi Gavhar Nurimbetova qaramogʻida ekani, sogʻligʻi tufayli maktabni tamomlay olmagani, har oy 627 ming soʻm nogironlik nafaqasi olishini aytgan.

    Bolalikdan nogironlik aravachasida xarakatlanadigan bu bemor tizzalaridagi kuchli ogʻriqlar sabab yura olmaydi. Ogʻriqni qoldirish maqsadida ichayotgan dorilari uning ruhiyatiga salbiy taʼsir koʻrsata boshlaydi. Yil boshidan buyon Xoʻjayli tumani tibbiyot birlashmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi, tuman hokimliklariga order olish yuzasidan bir necha bor murojaat etgan. Mutasaddilar esa, buning imkoni yoʻqligini aytishgan. Shundan soʻng bemor Xoʻjayli tuman Xalq qabulxonasiga murojaat etgan, biroq natija boʻlmagan.

    Toshkent shahar Xalq qabulxonasiga Yuldus togʻasi Oʻrazimboy Qurbonov bilan kelgan. Togʻa poyezdda ogʻirlashib qolgan jiyaniga yordam koʻrsatishni soʻrab, murojaat qiladi. Bemor hech qanday qogʻozbozliklarsiz Toshkent tibbiyot akademiyasining nevrologiya boʻlimiga joylashtiriladi.

    ***

    Sergeli tumani “Oʻzgarish” mahallasida istiqomat qiluvchi, 1952-yilda tugʻilgan Rixsitilla Tashmetovning koʻzlari 7 yil oldin shikastlanib, bittasi umuman koʻrmay qolgan. Davo istab bir nechta tibbiyot muassasasiga borgan. Hamma joyda koʻrish qobiliyatini tiklab boʻlmasligini eshitib, butunlay umidini uzgan edi.

    Bir kuni shaxsiy koʻz klinikalaridan biri unga agar yetarli mablagʻni topa olsa, koʻrish qobiliyati tiklanishi mumkinligini aytadi. Bazoʻr kun koʻrib turgan bemor umid bilan Sergeli tuman Xalq qabulxonasidan najot topdi. Qabulxona koʻmagi bilan tuman hokimligiga kerakli hujjatlar taqdim etilgach, operatsiya uchun zarur mablagʻ ajratib beriladi. Ayni paytda fuqaro koʻrish neʼmatidan bahramand. Tez orada jarrohlik amaliyotining ikkinchi bosqichi oʻtkaziladi. Buning uchun ham kerakli mablagʻ allaqachon ajratib berilgan.

    ***

    Ha, bugungi odamlarning kechagidan boshqa ekani oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni tan olayotganida koʻrina boshladi. Zero, davlatimiz rahbari ilgari surayotgan har bir tashabbus, har bir ezgu ishning samarasi kundalik hayotimizda aks etyapti. Ayniqsa, salomatlikdek bebaho neʼmatni asrab-avaylashga qaratilgan tizimli ishlar insonni qadrlashning eng yuksak koʻrinishidir.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq kabulxonasi tomonidan bizga taqdim etilgan dasta hujjatlar orasida sogʻligini tiklashda yordam soʻragan hamda tibbiy koʻriklardan manfaatdor boʻlgan bemorlar Prezidentimizga yoʻllagan minnatdorlik xatlarini ham koʻrdik. Xususan, Chilonzor tumani, “1-Qatortol” MFYning 100 nafardan ziyod fuqarolari imzo qoʻygan tashakkurnomada “Xalqning dardiga malham boʻlib, sogʻligini tiklashga yordam berganlari uchun Toshkent shahar va tuman Xalq qabulxonalari rahbariyatiga rahmat. Samimiy muomalasi bilan har bir bemorning koʻnglini olgan qabulxona xodimlariga tashakkur. Tumanimizdagi 37-sonli poliklinika shifokorlariga, oʻz tashabbusi bilan aholiga xolisona yordam bergan JIB Chilonzor tumani sudiga minnatdorlik bildiramiz,” mazmunidagi jumlalar aks etgan. Bu kabi minnatdorlik aholidan kelgan koʻplab xatlarda uchraydi.

    Ha, bugun Xalq qabulxonalari imkon qadar odamlarni rozi qilishga xizmat qilyapti. Nasib qilsa, tizimli olib borilayotgan bunday ezgu ishlar yangi Oʻzbekistonda inson qadrining har narsadan ustun ekani, nuroniylari ulugʻlangan yurt hech qachon kam boʻlmasligini yaqqol isbotlaydi. Zero, hayotning pastu balandini koʻp koʻrgan, achchiq-chuchugini totgan keksa avlod vakillarining har bir soʻzi yoshlar uchun ibrat. Ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish, duosini olish esa, dunyodagi eng ulugʻ, eng savobli ishdir.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri