Minglab muammolar oʻz yechimini topdi

    Ijtimoiy hayot 25 Fevral 2023 1187

    Tibbiy koʻriklar natijasida xastalik aniqlangan 126 nafar kishi viloyat va tuman shifoxonalariga yotqizilgan boʻlsa, 13 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi.

    Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, inson qadri – bu avvalo tekis, ravon va nurafshon koʻchalar, xonadonning obod-u yorugʻ, odamlarning ishli-yu daromadli boʻlishi, farzandlarining davr talabiga mos taʼlim olishi, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati demakdir.

    Prezidentimiz topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Shofirkon tumanidagi faoliyati ham ayni shu ezgu gʻoyalar ijobati bilan uygʻun kechdi. “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida tumanning 50 ta mahallasida uyma-uy, xonadonma-xonadon tashkil qilingan sayyor qabullar esa xalq bilan muloqot tizimini yangi bosqichga olib chiqishda yana bir muhim platforma boʻldi.

    Bu jarayonda eng muhim vazifa – aholining dasturxoni toʻkinligi-yu roʻzgʻori butligini taʼminlash, ishsiz insonlar uchun doimiy ish va barqaror daromad manbai yaratib berishdan iborat. Shu maqsadda “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida tumanda 500 nafardan ziyod fuqarolarga 13 milliard 400 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi.

    Aytaylik, joʻynavlik Dilafroʻz Ismoilova ham boquvchisini yoʻqotgach, ogʻir sharoitga tushib qolgan edi. Ayol dastlab qoʻziqorin yetishtirish texnologiyasini oʻrgandi, kichikroq joyda tajriba qilib koʻrdi. Soʻng Dilafroʻz opaga imtiyozli kredit ajratilgach, ayolning ishlari ancha rivojlanib ketdi. Ayni paytda uy sharoitida qoʻziqorin yetishtirib, daromad topayotgan Dilafroʻz Ismoilova mahalladoshlari bandligini ham taʼminladi.

    Shu bilan birga, hokim yordamchilari tavsiyalari asosida 640 nafar fuqaroga 1,7 mlrd. soʻmlik subsidiya asosida ish anjomlari olib berildi. “Qizilon” qishlogʻida yashovchi “Ayollar daftari”da turuvchi Umida Sultonovaga tikuv mashinasi ajratilishi bu ayol oilasiga ham qoʻshimcha daromad eshigini ochdi.

    Umuman, bu jarayonda 402 nafar ishsiz inson bandligiga koʻmaklashilgan boʻlsa, shundan 173 nafari doimiy ish bilan taʼminlandi, qariyb 1 ming 900 nafarining esa oʻzini oʻzi band qilishiga sharoit yaratildi.

    Yoʻllar taʼmiri, elektr energiyasi, ichimlik suvi, suyultirilgan gaz va koʻmir taʼminoti kabi aholining eng birlamchi hayotiy ehtiyojlari bilan bogʻliq qator masalalarga ham joyida yechim topildi. Xususan, Dorigar, Chuqurak kabi mahallalardagi 60,8 km yoʻllar taʼmirlandi. Shundan 47,3 kilometr tuproq koʻchalar tosh yoʻlga aylantirilib, 9,1 kilometr qismi asfaltlandi, 4,4 kilometr yoʻl betonlashtirildi. Deylik, Dorigar koʻchalarining 2,2 kilometri taʼmirlanishi bilan aholining uzogʻi yaqin, yoʻli ravon boʻldi.

    Joʻshira, Temirchi singari qishloq-mahallalarda 16 ta yangi transformator oʻrnatilib, 110 ta eskirgan simyogʻochlar beton ustunlarga almashtirildi, yana 15 ta transformator taʼmirlandi. Natijada yuzlab xonadonlar ham, ularda yashayotgan minglab insonlar qalbi ham yanada charogʻonlashdi.

    “Bogʻi Afzal” mahallasi “Soʻfiyon” qishlogʻi aholisi uchun esa internetga ulanish katta masala boʻlib kelayotgan edi. Oʻrganishlar davomida 1,7 kilometr tarmoq tortilishi bilan bu muammo hal boʻldi. Umuman, bu jarayonda jami 23,6 km optik aloqa tarmogʻi tortilib, qariyb 760 xonadon yuqori tezlikdagi internet xizmati bilan taʼminlandi. Mobil aloqa operatorlari 32 ta tayanch stansiyani texnik koʻrikdan oʻtkazib, qurilmalarda profilaktika ishlarini olib bordi.

    Shofirkondagi ogʻir turmush sharoitiga tushib qolgan xotin-qizlar va yoshlar muammolarini hal etish, hududda qurilish-obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun viloyat hokimligi 1,2 mlrd soʻm mablagʻ ajratdi. Buning hisobidan “temir daftar”ga kiritilgan 87 ta oilaga, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 84 nafar yoshlarga turli yordamlar koʻrsatildi. Ogʻir sharoitdagi 463 ta oilaga qurilish materiallari, chorva mollari olib berildi.

    Tibbiy koʻriklar natijasida xastalik aniqlangan 126 nafar kishi viloyat va tuman shifoxonalariga yotqizilgan boʻlsa, 13 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi, nogironligi bor 21 nafar inson aravachalar va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlandi. Ancha yildan buyon suyak yemirilishidan aziyat chekayotgan Muhayyo Yarashevaga ham davolanish xarajatlari qoplab berilishi bilan yana bir inson, bir oilaning katta tashvishi aridi.

    Shofirkonlik Barchinoy Akramova va Yoqut Aslonovaning ogʻir xasta turmush oʻrtoqlariga ham shunday yordam koʻrsatilishi bilan birga, uy-joysiz qiynalib yurgan har ikki oila boshpana bilan taʼminlandi.

    Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Shofirkondagi faoliyati davomida aniqlangan 4 ming 530 dan ziyod masalaning 3,4 mingdan ortigʻi joyida hal qilingan boʻlsa, qolgan muammolar boʻyicha “yoʻl xaritasi”, tuman, sektor va mahalla darajasidagi har bir rahbar, har bir masʼulning har haftalik ish rejasi ishlab chiqilib, nazoratga olindi. Bu boradagi vazifalar natijadorligi esa ular faoliyatiga baho berishda asosiy mezon boʻladi.