Chekka qishloqdagi sayyor qabul fuqarolar murojaatlariga yechim topilyaptimi?

    Fikr 21 Avgust 2023 730

    Xalq qabulxonasi tomonidan murojaatlar oʻrganilganda, eng avvalo, ularni yuzaga keltirayotgan omillar, sabablar va shart-sharoitlar toʻliq oʻrganib chiqiladi. Pirovardida takroriy murojaatlarning oldi olinib, muammoni hal qilish amaliyoti samaradorligini oshirish imkoni yuzaga keladi.

    Fikrimizni baʼzi misollar bilan davom ettiramiz. Masalan, A.Abdikarimov 2020-yildan buyon Chov churrasi kasalligidan aziyat chekayotgani, order olish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga bir necha marta murojaat qilsa-da, hech qanday natija boʻlmagani haqida aytgan. Fuqaroning order olishda amaliy yordam soʻrab qilgan murojaatiga asosan, u tibbiy tekshiruvdan oʻtkazildi va Namangan viloyat koʻp tarmoqli jarrohlik boʻlimida imtiyozli davolanishi uchun order berildi.

    Yana bir fuqaro B.Yuldashevning yashash hududidagi elektr tarmogʻi uskunalarini (simyogʻoch, transformator punkti) taʼmirlash va oʻrnatish masalalari yuzasidan qilgan murojaatiga asosan “Qorasuv” MFY Yoshlik-1 koʻchasi hududidagi yaroqsiz simyogʻochlar yangisiga almashtirilib, qoʻshimcha simyogʻochlar ham oʻrnatildi va AAVG-25 markali sim tortildi.

    M.Boboxoʻjayev yashab kelayotgan “Bogʻishamol” MFY Oltin meros koʻchasidagi ichimlik suv yetib bormagan xonadonlarga suv tarmogʻini oʻtkazishni soʻrab qilgan murojaatiga asosan ushbu koʻchadagi xonadonlarning barchasi ichimlik suv taʼminotiga ulab berildi.

    Keyingi yillarda joylarda ommaviy sayyor qabullar oʻtkazish tizimi samarali yoʻlga qoʻyilishi tufayli odamlar davlat idoralaridan, umuman, bugungi islohotlardan rozi boʻla boshladi.

    Ana shu maqsadda, joriy yil davomida Kosonsoy tumanida 127 marotaba sayyor qabul oʻtkazildi. Natijada muammolar chekka qishloqlarga borib, uyma-uy yurib hal etilishi yaxshi samara berdi. Aholini qiynab kelayotgan masalalarga oʻz vaqtida yechim topildi.

    Oʻtkazilgan sayyor qabullarda ishtirok etgan 3500 dan ziyod fuqarodan 694 murojaat tushdi. Shundan 468 tasi ijobiy hal etilib, 154 tasiga tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi, qolgan murojaatlar qoʻshimcha oʻrganishni talab etgani sababli nazoratga olindi.

    Agar sohalar kesimida tahlil qilsak, murojaatlarning eng koʻpi moddiy yordam, gaz, elektr, suv, issiqlik taʼminoti, uy-joy, yer, ish bilan taʼminlash, sogʻliqni saqlash, mahallaning ichki yoʻllarini taʼmirlash, kredit olish masalalarida boʻldi.

    Murojaatlar ijobiy hal etilishi bilan fuqarolardan Prezident nomiga 100 dan ortiq minnatdorlik xatlari kelib tushdi. Bundan tashqari, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni shakllantirish, unga aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini kiritish yuzasidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlashda ham oʻzaro hamkor tashkilotlar bilan uyma-uy yurib, xatlov ishlari amalga oshirilmoqda.

    Bundan tashqari, Oqqoʻrgʻon tajribasi boʻyicha Kosonsoy tumanida aholi muammolari va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni oʻrganish hamda hal etish boʻyicha sektorlar va mahallalar kesimida “xonadonbay” ish tashkil etildi.

    Xususan, 59 mahallada mavjud 38 ming 185 xonadonning barchasi oʻrganildi. Uyma-uy yurish davomida 6182 muammo aniqlanib, 5711 tasi hal etildi, 471 masala boʻyicha ishlar nazoratga olindi.

    Yuqorida keltirilgan raqam va misollar shunchaki statistika emas. Ularda inson taqdiri va kelajakka umid, farovon hayotda baxtli yashash kabi ezgu maqsad hamda niyatlar mujassam.

    Bir soʻz bilan aytganda, xalq bilan muloqotning bu noyob tizimi tufayli murojaatlar bilan ishlash masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bugungi izchil islohotlar jarayonida Xalq qabulxonalarining zimmasida katta masʼuliyat turibdi.

    Tohira MUYDINOVA,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

    Kosonsoy tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri