2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida

    Hujjatlar 7 Iyul 2022 8009

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyuldagi “2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-165-son farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

    1. Quyidagilarga:

    hududlar rahbarlari, neft, gaz, energetika, yoʻl infratuzilmasi, avtomobil sanoati, temir yoʻlda tashish sohalaridagi korxonalar rahbarlariga – innovatsiyalar joriy qilingan korxonalar, innovatsion texnologiyalar, rasmiylashtirilgan ixtirolar soni pastligi, mahalliy ishlanmalarning tijoratlashtirmaganligi, sohalarga innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilgani, ilmiy tashkilotlar bilan uzviy hamkorlikni oʻrnatilmaganligi, innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahalliy byudjetdan mablagʻlar ajratilmaganligi;

    oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy tashkilotlar rahbarlariga – ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarida grant loyihalarining ulushi pastligi, ularning tijoratlashtirish jamgʻarmalariga mablagʻ ajratilmayotganligi, ilmiy loyihalar boʻyicha patentlar olinmaganligi, xalqaro nashrlarda ilmiy maqolalar chop etilmaganligi, ilmiy kadrlarni tayyorlash jarayoni past darajada tashkil qilinganligi, tarmoqlarga xizmat koʻrsatish sohasi yetarli darajada rivojlanmaganligi koʻrsatib oʻtilsin.

    2. Quyidagilar:

    a) 2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini 2022-2023-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;

    b) 2022-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida amalga oshiriladigan innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish va startap loyihalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

    v) tarmoqlar boʻyicha:

    2022-2023-yillarda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari tomonidan yangi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha amalga oshiriladigan aniq ustuvor loyihalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

    2023-2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshiriladigan “drayver” innovatsion loyihalar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

    iqtisodiyot tarmoqlari tashkilotlari tomonidan yangi ishlanma va texnologiyalar asosida ilmiy hajmdor va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish loyihalarini amalga oshirishning 2023-2026-yillarga moʻljallangan prognoz koʻrsatkichlari5-ilovaga muvofiq;

    g) ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlari boʻyicha:

    2022-2023-yillarda ilmiy tashkilotlar tomonidan yangi ishlanma va texnologiyalarni yaratish va joriy etish loyihalarini amalga oshirish dasturi 6-ilovaga muvofiq;

    2023-2026-yillarda ilmiy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan “drayver” innovatsion loyihalar roʻyxati 6a-ilovaga muvofiq;

    2022-2024-yillarda innovatsion faoliyatning istiqbolli yoʻnalishlarida ilmiy tashkilotlar huzurida tashkil etiladigan, ilmiy hajmdor mahsulotlar (tovar va xizmatlar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi innovatsion akademik korxonalar roʻyxati 6b-ilovaga muvofiq;

    2022-2023-yillarda oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan yangi ishlanma va texnologiyalarni yaratish va joriy etish loyihalarini amalga oshirish dasturi 7-ilovaga muvofiq;

    2023-2026-yillarda oliy taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan “drayver” innovatsion loyihalar roʻyxati 7a-ilovaga muvofiq;

    2022-2024-yillarda innovatsion faoliyatning istiqbolli yoʻnalishlarida oliy taʼlim muassasalari huzurida tashkil etiladigan, ilmiy hajmdor mahsulotlar (tovar va xizmatlar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi innovatsion korxonalar roʻyxati 7b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi 2023-yil 1-dekabrga qadar 2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasida erishilgan natijalar va maqsadli koʻrsatkichlar hamda tegishli davr uchun iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqib, mazkur Strategiyani amalga oshirish yuzasidan kelgusi ikki yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasining sifatli ishlab chiqilishi va Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini tashkil etsin.

    3. Mazkur qarorga 5-ilovada koʻrsatilgan tarmoq tashkilotlari Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda ilmiy hajmdor va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish loyihalarini amalga oshirishning 2023-2026-yillarga moʻljallangan prognoz koʻrsatkichlariga muvofiq har yili ishlab chiqiladigan “yoʻl xaritalari” asosida oʻz mablagʻlari hisobidan ilmiy hajmdor va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etsin.

    4. 2022-2024-yillarda istiqbolli yoʻnalishlarda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etiladigan, ilmiy hajmdor va innovatsion mahsulotlar (tovar va xizmatlar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi innovatsion (spin-off) korxonalar roʻyxati8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    Belgilansinki, yangi innovatsion korxonalar:

    iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish jarayonlarida resurslarni maqbullashtirgan holda talab yuqori boʻlgan va istiqbolli innovatsiyalarni keng joriy etish maqsadida tashkil etilayotgan ilmiy hajmdor korxonalar hisoblanadi;

    faoliyati davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamkorligida davlat ilmiy dasturlari doirasida, mahalliy byudjet va tadbirkorlik subyektlari mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi har yili ilmiy hajmdor mahsulot (xizmatlar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi innovatsion korxonalarda raqobatbardosh yangi mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyalarini oʻzlashtirish loyihalariga davlat ilmiy dasturlariga ajratilgan mablagʻlarning 10 foizi yoʻnaltirilishini taʼminlasin.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari yangi innovatsion korxonalarning tashkil etilayotgan hududidan qatʼi nazar oʻz faoliyatini barcha hududlarda amalga oshirishiga hamda mijozlar bazasini kengaytirishiga koʻmaklashsin.

    5. Toshkent shahri, Olmazor tumani, Talabalar shaharchasi hududidagi 1,95 ga yer maydonida Innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparki binosi jihozlangan holda qurib bitkazilganligi hamda uning negizida Innovatsion rivojlanish vazirligi muassisligida “Inno texnopark” MCHJ tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Inno texnopark” MCHJni “Yıldız Teknoloji Geliştirme Bölgesi Teknopark A.Ş.” tashkilotining Oʻzbekistondagi ishonchli vakili (keyingi oʻrinlarda – ishonchli vakil) ishonchli boshqaruviga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:

    a) “Inno texnopark” MCHJ ishonchli boshqaruvga besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga beriladi;

    b) kelishuvlarga koʻra ishonchli vakilga quyidagi asosiy vazifalar yuklatiladi:

    mavjud infratuzilmani boshqarish va texnopark rezidentlariga xizmat koʻrsatish;

    texnopark rezidentlarining innovatsion loyihalarini amalga oshirish hamda intellektual va sanoat mulkini boshqarishda koʻmaklashish;

    marketing, reklama va axborot xizmatlarinikoʻrsatish;

    xorijiy davlatlardan texnologiyalar transferiga koʻmaklashish hamda investitsiya jamgʻarmalarini va venchur kapitallarini jalb qilish;

    texnopark rezidentlari mahsulotining xalqaro koʻrgazma va yarmarkalarda ishtirok etishini taʼminlash;

    v) texnopark loyihalarini amalga oshirish natijasida rezidentlarning barcha olgan ruxsatnomalari, patentlari, ilmiy va innovatsion ishlanmalari, texnologiyalari, xizmatlari va tahliliy maʼlumotlari Innovatsion rivojlanish vazirligi mulki hisoblanadi.

    Belgilansinki:

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlarda innovatsion, startap, tijoratlashtirishga tayyorlash, tijoratlashtirish hamda texnologiyalar transferi loyihalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan loyihalar roʻyxatiga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligi hayʼati qaroriga muvofiq davlat ilmiy dasturlari doirasida byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi;

    “Inno texnopark” MCHJ tasarrufidagi oʻquv-ilmiy laboratoriya asbob-uskunalaridan tegishlicha talabalar va doktorantlar bepul foydalanadi.

    6. “Inno texnopark” MCHJ va uning rezidentlarigaOʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5099-son farmonining 5-bandi bilan IT-park rezidentlariga berilgan imtiyozlar (ijtimoiy soliqdan tashqari) va preferensiyalar 2022-yil 1-avgustdan boshlab tatbiq etilsin.

    “Yashnobod” innovatsiya texnoparki rezidentlari uchun 2022-yil 1-avgustdan boshlab 2025-yil 1-avgustga qadar aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz etib belgilansin.

    Bosh vazir oʻrinbosari S.Umurzakov Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Inno texnopark” MCHJ va “Yashnobod” innovatsiya texnoparkiga rezidentlikka qabul qilishning yangilangan tartibini tasdiqlasin.

    7. Quyidagilarga:

    a) Bosh vazir oʻrinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga:

    mazkur qarorning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli ijro etilishini taʼminlash, “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilish hamda muvofiqlashtirish;

    innovatsiya masalalari boʻyicha rahbar oʻrinbosarlari faoliyati natijadorligidan kelib chiqib, ularni ragʻbatlantirish yoki intizomiy, shu jumladan, egallab turgan lavozimidan ozod qilishgacha boʻlgan qatʼiy choralarni koʻrish, zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritish;

    b) innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abduraxmonov zimmasiga vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalarning innovatsiyalarni joriy etish boʻyicha faoliyatini idoralararo muvofiqlashtirish, ularning faoliyatida innovatsiyalarni joriy etish holatini baholash hamda muntazam ravishda innovatsiya masalalari boʻyicha rahbar oʻrinbosarlarining hisobotlarini eshitish va ularga tashkiliy-metodik yordam koʻrsatish;

    v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, masʼul vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar, shu jumladan, xoʻjalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga – mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq bajarish asosida tegishli hududda innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, har chorak yakunidan soʻng keyingi oyning 5-sanasiga qadar ushbu qaror bilan belgilangan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan Innovatsion rivojlanish vazirligiga hisobot taqdim etib borish vazifalari yuklatilsin.

    8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Ilgʻor texnologiyalar markazini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi PQ-3674-son qaroriga 9-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin.

    9. Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari S.U.Umurzakov hamda innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu.Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2023-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berilsin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2022-yil 6-iyul