30.09.2024-yildagi PF-152-son Prezident Farmoniga muvofiq maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori oʻrinbosariga taʼlim sifatini taʼminlash, pedagog xodimlarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini taʼminlash, taʼlim-tarbiya jarayoniga innovatsiyalar, ilgʻor pedagogik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish vazifalari yuklatiladi.
Davlat MTTlarida xodimlar ish haqini, oziq-ovqat xarajatlari, ota-onalarga aliment boʻyicha toʻlovlar va boshqa toʻlovlarni biometrik identifikatsiya texnologiyasidan foydalangan holda avtomatik hisoblash joriy etiladi.
Boʻsh ish oʻrinlarini hisobga olish, bolalarni navbatga qoʻyish va MTTga joylashtirish uchun yoʻllanmalarni shakllantirish Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining “Bolalar bogʻchasi” maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida amalga oshiriladi.
2025-yil 1-fevraldan Toshkent shahrida pilot sinovi tariqasida, 2025-yil 1-iyuldan esa barcha davlat MTTlarida “Bolalar bogʻchasi” axborot tizimi orqali xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomati, ish vaqti, tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat xarajatlarini hisobga olish joriy etiladi.
“Bolalar bogʻchasi” axborot tizimiga xizmat koʻrsatish, uni qoʻllab-quvvatlash va takomillashtirishni “UZINFOCOM” MCHJ tizim operatori amalga oshiradi, bunda koʻrsatilgan xizmatlar uchun ota-onalar badalining 2 foizi yoʻnaltiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yildan boshlab xodimlar va bolalarning davomatini shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali nazoratga olishni yoʻlga qoʻyish uchun bolalar bogʻchalarini planshetlar va boshqa uskunalar bilan taʼminlash uchun davlat byudjetidan kamida 50 mlrd soʻm ajratadi.
2025-yil 1-iyuldan fiskal belgili kassa cheki berilmasdan ota-onalar toʻlovlarini qabul qilish taqiqlanadi. Ota-onalar toʻlovlarining tushumi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar soliq organlarining axborot tizimiga avtomatik tarzda uzatiladi va qonun hujjatlariga muvofiq daromad soligʻidan ozod qilishni qoʻllash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 23.12. 2024-yildan kuchga kirdi.