Bu haqda 4-iyul kuni tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi biznes vakillari bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotda sogʻliqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov maʼlum qildi.
U prezident aholini xavfsiz dori vositalari bilan taʼminlash maqsadida elektron retseptlarga oʻtish boʻyicha koʻrsatma berganini esladi. Toshkentda davlat tibbiy sugʻurtasini joriy etish bilan toʻldiriladigan tajriba oʻtkazilgan.
“Rivojlangan mamlakatlardagidek biz elektron retseptura tizimiga oʻtishimiz kerak. Bu boʻyicha raqamlashtirish texnologiyasi hozir yoʻlga qoʻyilib, Toshkent shahrida eksperiment qildik… Bu yil Toshkentda boʻladi”, — dedi vazir.
Tibbiy sugʻurta ishga tushirilgach, bemorlar dori vositalarini nafaqat “Dori-darmon” davlat dorixonasidan, balki istalgan xususiy dorixonadan elektron retseptda koʻrsatilgan narxlarda xarid qilishi mumkin boʻladi. Maʼlumotlar Sogʻliqni saqlash loyihalari markaziga yuboriladi va ular asosida farmatsevtika mahsulotlari uchun toʻlovlar reimbursatsiya sxemasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Reimbursatsiya tizimi bemorga oilaviy shifokor tomonidan beriladigan elektron retsept asosida dori vositalarini (kafolatlangan paketga kiritilgan) bepul olish imkonini beradi. Dori vositalari Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi bilan shartnoma tuzadigan dorixonalar tomonidan chiqariladi.
Vazirning taʼkidlashicha, elektron retseptlar tufayli tadbirkorlar oʻrtasida raqobat paydo boʻladi.
Bundan tashqari, ushbu tizim “juda koʻp asossiz va keraksiz dori-darmonlarni” retseptlashning oldini oladi.
«Polipragmaziya (bir vaqtning oʻzida bir nechta dori vositalari yoki tibbiy muolajalarni buyurish — tahr.) tufayli aholiga juda nokerak dori-darmonlar yozib berilyapti. Elektron retseptura boʻlsa, platformada shu narsalar boʻladi: qon bosimi koʻtarilganda qaysi standart boʻyicha qaysi dorilar ishlatilishi kerak? Undan ortiqchasi boʻlsa, vrach ham qoʻlga tushadi, aptekachi ham qoʻlga tushadi», — deydi Xudayarov.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonda qonuniy va roʻyxatdan oʻtgan dori vositalari umumiy maʼlumotlar bazasida shakllantirilgani sababli tizim kontrabanda farmatsevtika mahsulotlari sotilishini aniqlaydi.
“Ogʻir boʻladi koʻpchilikka, lekin biz bu yoʻldan qaytmaymiz”, — deya xulosa qildi SSV rahbari.
Yanvar oyida Sogʻliqni saqlash vazirligi tarkibida yangi muassasa — Sogʻliqni saqlash loyihalari markazi tashkil etilgandi. Loyiha ofisi davlat-xususiy sheriklik uchun xususiy sektorni jalb qilishi va farmatsevtika sektorini isloh qilishi kerak.
Yil oxiriga qadar “Elektron poliklinika” va “Elektron statsionar” tizimlarini ham joriy etish rejalashtirilgan.