Piyoda yurish — shamollash va yurak kasalliklarini yengishga yordam beradi...mi?

    Piyoda yurish — eng oson va qulay mashgʻulot boʻlib, barcha yoshdagi insonlar uchun tavsiya etiladi. U nafaqat jismoniy salomatlikka, balki ruhiy holatga ham ijobiy taʼsir etadi.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlumot berdi.

    Gap shundaki, inson oʻzini har tomonlama sogʻlom his qilishi va tashqi koʻrinishining koʻrkam boʻlishida piyoda yurishning ahamiyati katta. Sababi yayov yurilganda gavdaning barcha muskullari harakatga keladi. Qolaversa, bu mashgʻulot ichki organlar faoliyatiga ham ijobiy taʼsir etadi.

    Natijada organizmda moddalar almashinuvi yaxshilanib, yurak tomirlari, shuningdek nafas va asab tizimi mustahkamlanadi. Ertalab ishga ketadigan payt piyoda yurish ham juda foydali. Bu vaqtda inson kechasi uxlab, dam olgani sababidan toʻxtamay 30-40 daqiqa bemalol yayov keza oladi.

    Ishxonadan charchab chiqqaningizdan keyin ham imkon boʻlsa, avtobus yoki avtomashinaga chiqishga shoshilmang. Yoʻlning bir qismini piyoda bosing. Chunki faol harakat qilish odamni tinchlantiradi, kishining charchogʻini oladi.

    Shuningdek bir kunda 4 marotaba 10 daqiqadan piyoda yurishni odat qilsangiz, qon bosimingiz meʼyorda boʻladi.

    Tez-tez qadamlar bilan kuniga 120 odim tashlasangiz, 15 daqiqada 100 kkal.dan xalos boʻlasiz. Mana, sizga ozishning arzon va qulay usuli!

    Asabiy ish kunining “yuk”laridan xalos boʻlmoqchimisiz? Unda har kuni 20 daqiqa piyoda yuring. Natija sizni albatta xursand qiladi.

    Chekishni tashlashni istaganlar ham xumor tutganda 20 daqiqa piyoda yursalar, bu xohish ayni shu daqiqalarda oʻz-oʻzidan yoʻqoladi.

    Piyoda yurish oʻt pufagi hamda ichaklarning toʻlqinli harakatlari oshishi tufayli oʻt qopida tosh paydo boʻlishi va qabziyatning oldini oladi.

    Oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra, doimiy piyoda yurgan insonlar shamollashni tezroq yengib oʻtadi. Chunki u immunitetni mustahkamlaydi. Shu bois ayni kunlarda piyoda sayr qilishga odatlaning.

    Tahlillarga qaraganda, har kuni 1 soat davomida piyoda sayr qilgan kishilar yurak xastaliklariga kamroq duchor boʻladi. U yurak-qon tomirlar tizimi – vegitativ asab tizimining holatiga taʼsiri orqali qon bosimini kamaytiradi, yurak faoliyatini yaxshilaydi.