2028-yil 1-yanvarga qadar ov qilishga cheklov joriy qilinishi mumkin

    Moratoriy fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xoʻjaliklarida saqlanayotgan va (yoki) yetishtiriladigan yovvoyi hayvonlarni ovlash hamda sanitar maqsadlarda ov qilishga tatbiq etilmaydi

    Prezidentning “Oʻzbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

    Loyihada 2025-yilda oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash, koʻpaytirish va ularni keyingi avlodga yetkazish borasida bir qator ishlar amalga oshirish koʻzda tutilgan.

    Jumladan:

    2025-yil 1-sentyabrdan boshlab yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni yigʻish va tayyorlash uchun tasdiqlangan kvotalar hamda oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalarni elektron auksion orqali berish joriy etiladi.

    Bunda:

    • kvotalar Fanlar akademiyasi tomonidan har yili aniqlanadigan oʻsimlik zaxirasi asosida shakllantiriladi;
    • kvota va ruxsatnomalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlanib, auksionga chiqariladi.

    Shuningdek, hayvonot dunyosi yoʻqotishlarining oʻrnini qoplash maqsadida 2025-yil 1-sentyabrdan 2028-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududida ov qilishga moratoriy (cheklov) joriy qilinadi.

    Bunda:

    • moratoriy fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xoʻjaliklarida saqlanayotgan va (yoki) yetishtiriladigan yovvoyi hayvonlarni ovlash hamda sanitar maqsadlarda ov qilishga tatbiq etilmaydi;
    • ovchilarga muqobil mashgʻulot sifatida hududlarda oʻq otish sportiga ixtisoslashtirilgan maxsus poligonlarda xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi;
    • shaharlardagi tabiiy suv havzalari ixtiofaunasining populyatsiyasini qayta tiklash maqsadida respublikaning markaziy shaharlaridan oqib oʻtuvchi daryo va soylarda 2025-yildan boshlab, har yili 15 tonnadan kam boʻlmagan chavoqlantirish ishlari amalga oshiriladi.

    Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʼminlashga masʼul etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduxakimov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlari belgilangan.