Moddiy boyliklar deysizmi, maʼnaviy boyliklarmi – ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros bilan har qancha faxrlansak, bunga asosimiz bor.
Meʼmorlik, hunarmandlik, musiqa kabi sohalardagi tarixiy boyliklarimizni oʻz koʻzi bilan koʻrgan har qanday xorijlik nazarida hayrat aks etmay qolmaydi. Xalqimiz naqadar shonli oʻtmishga egaligiga ishonch hosil qiladi. Biroq globallashuv davrida faqat shular bilan faxrlanib oʻtirishning oʻzi yetmaydi. Bugun ularni yosh avlod tafakkuriga singdirish, qolaversa, dunyo boʻylab yanada keng targʻib qilish har birimiz uchun oʻziga xos masʼuliyatdir.
Davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixi, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini xorijiy davlatlarda keng targʻib qilish, ular bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi tuzilgan edi. Shunga koʻra, joriy yil 8-15-dekabr kunlari Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori, professor Botir Usmonov boshchiligidagi jamoa hamda 10 kishilik delegatsiya Avstriya va Slovakiyada xizmat safarida boʻlib qaytdi.
Safar davomida Vena shahridagi Vebster universiteti filiali, Vena universiteti hamda Bratislava iqtisodiyot va menejment universiteti bilan hamkorlikda mamlakatimizning boy madaniy merosi, iqtisodiy, sayyohlik va gastronomik salohiyatini targʻib qiluvchi taqdimotlar oʻtkazildi. Tadbir doirasida milliy hunarmandlik namunalari, milliy liboslar koʻrgazmasi, YUNESKOga kiritilgan milliy raqs va kuylar talabalar ijrosida namoyish etildi, tadbir qatnashchilariga xalqimizning milliy taomi – palov tortildi.
Mazkur tadbirlarda diplomatik korpus, siyosiy, biznes, ilmiy-maʼrifiy doira vakillari hamda nufuzli oliygohlarda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar ishtirok etdi. Bratislava iqtisodiyot va menejment universitetida oʻtkazilgan taqdimotda muassasa rektori Lyubosh Chibak oʻzi rahbarlik qilayotgan mazkur oliygoh Oʻzbekiston va Slovakiya oʻrtasida nafaqat taʼlim, balki madaniyat sohasida ham koʻprik vazifasini bajarayotganidan xursandligini taʼkidladi.
Vena shahridagi Vebster universiteti filialida tashkil qilingan taqdimotda oliygoh direktori Samuel Shubert mamlakatimizga, xalqimizga cheksiz hurmat izhor qilib, bu kabi tadbirlar xalqlar, madaniyatlarni birlashtirishga samarali xizmat qilishini qayd etdi. Shuningdek, Vebster universiteti bosh direktori Rayan Gaffeyning Shveysariyadan Venaga ayni tadbirlarda ishtirok etish uchun yetib kelgani Oʻzbekiston bilan taʼlim sohasidagi hamkorlik yuqori darajada ekanini yana bir karra isbotladi.
Taqdimotda professor Tugʻrul Kurt soʻzga chiqib, Oʻzbekiston xalqining islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan katta hissasini nafaqat kitoblardan oʻqib, balki Samarqandga tashrifi chogʻida oʻz koʻzi bilan koʻrishga muyassar boʻlganini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi. U mamlakatimizning boy tarixini xorijiy yosh olimlar oʻrganishi uchun maxsus oʻquv kurslar tashkil qilinishi lozimligini taʼkidlab, bu yoʻnalishda hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligi va kelgusi yili Oʻzbekistonga yana borishni rejalashtirayotganini aytdi.
Taqdimot doirasida delegatsiyalar oʻrtasida 2025-yil davomida kimyo sohasida mutaxassislar tayyorlash mavzusi boʻyicha avstriyalik professorlar bilan onlayn uchrashuv tashkil qilish hamda Vena universiteti talabalaridan bir guruhining 2025-yil aprelida Oʻzbekistonga safarini uyushtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Delegatsiya rahbari, professor Botir Usmonov Oʻzbekistonning Avstriya va Slovakiyadagi faxriy konsullari hamda Vena universiteti fizika-kimyo departamenti rahbari oʻrinbosari Piter Libersayt bilan ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazib, oʻzbek talabalari, magistrant va doktorantlarining malakasini oshirish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.
Xalqimizning shonli tarixini targʻib qilishga moʻljallangan bu kabi tadbirlar xalqaro miqyosda mamlakatimiz obroʻsini oshirish bilan birga sayyohlik imkoniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Boisi, bugun turizm taraqqiy etgan mamlakatlarning barchasi xuddi shunday yoʻl tutganini tarixiy dalillarning oʻzi isbotlaydi. Bu kabi madaniyat targʻibotlarini yanada rivojlantirish, qamrovini oshirish, yoshlarning ishtirokini kengaytirish ustuvor vazifalarimizdan biriga aylanishi kerak.
Bahodir BOBORAJABOV,
texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent