Kun tartibdan ikkita — davlat dasturining 9 oylik hisoboti va 2024-yil uchun davlat byudjeti toʻgʻrisidagi masala oʻrin olgan. Fraksiya aʼzolari dastlab 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid chora-tadbirlarning 9 oylik ijrosi bilan bogʻliq hisobotni tingladi.
Davlat dasturining jami 443 ta yaxlit va kichik bandlarida nazarda tutilgan topshiriqlardan 250 tasining ijro muddati 2023-yilning 9 oyi etib belgilangan. Shundan 187 ta band (kichik band) toʻliq bajarilgan, 42 tasining ijrosi yuzasidan tegishli hujjat loyihalari ishlab chiqilgan, 14 tasining ijro muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan. 2023-yilning 9 oyi yakunida yalpi ichki mahsulot oʻsishi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5,8 foizni, shundan yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat – 5,7 foizni, xizmatlar – 6,5 foizni tashkil qilgan.
Eʼtiborlisi, koʻrilgan qoʻshimcha choralar natijasida 914 mln. dollarlik 2009 ta loyiha muddatidan oldin ishga tushirilib, 24 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishilgan.
Deputatlar byudjet mablagʻlarining katta qismi ijtimoiy sohalarga ajratilganini hisobga olib, xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab quvvatlash, ishsiz va kam daromadli oilalarga yordam qilish, sogʻliqni saqlash, taʼlim tizimi kabi qator yoʻnalishlardagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlarning maqsadli va manzilliligini taʼminlash zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Xususan, joriy yilning 9 oyi davomida 7,7 mln. nafar 30 yoshdan oshgan xotin-qizlar xatlovdan oʻtkazilib, ularning 1 mln. 680 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Ularning 929 813 nafariga yordam koʻrsatilgan. Xususan, 425 760 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlardan 414 849 nafari yangi ish oʻrinlari va jamoat ishlariga joylashtirilgan. Tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlarning 44 956 nafariga imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Bundan tashqari, yoshlar muammolari va murojaatlari bilan ishlashning yangicha mexanizmi joriy etilib, yoshlarga “yoshlardaftari.uz” elektron platformasi, “1093” qisqa raqamli koll-markazi yoki mahalla yetakchisi orqali onlayn ariza qoldirish va murojaat holati toʻgʻrisida maʼlumot olish imkoniyati yaratilgan. Hisobot davrida Yoshlar yetakchilari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida yoshlar murojaatlarini koʻrib chiqish muddati 30 kundan 5 kunga, yordam koʻrsatish 40 kundan 16 kunga qisqartirilishiga erishilgan, yetakchilar tavsiyasi asosida koʻrsatiladigan yordam turlari 11 tadan 25 taga yetkazilgan.
Hisobotni tinglar ekan, deputatlar partiya elektorati bilan bogʻliq masalalarda mutasaddilarga savollar bilan murojaat qildi. Ijtimoiy sohadagi masʼullarning javobgarligini kuchaytirish, byudjet mablagʻlarining manzilliligini taʼminshga oid oʻz takliflari, fikr-mulohazalarini bildirdi.
Fraksiya yigʻilishida shuningdek, “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi hamda Byudjetnoma koʻrib chiqildi. Loyihada davlat byudjetining asosiy parametrlari belgilangan. Fraksiya aʼzolari davlat byudjetining taqsimoti bilan bogʻliq masalalarda masʼullarga savollar bilan murojaat qildi. Xususan, fraksiya aʼzosi Maqsuda Vorisova dori-darmonning realizatsiyasi bilan bogʻliq masalada savollar bilan murojaat qildi. Sohadagi sugʻurtalash tizimining bekor qilinishi, soliqlarni joriy etish narx-navoning oshib ketishiga taʼsir qilishi mumkinligini taʼkidladi. Bu borada Sirdaryodagi voqealar biror qaror chiqarishdan oldin jiddiy oʻylab koʻrishni taqazo qilishi qayd etildi. Shu bilan birga, 40 yoshdan oshgan fuqarolarni qandli diabet kasalligiga tekshirish uchun mablagʻ yoʻnaltirilmaganiga eʼtiroz bildirdi.
Moliya vazirligi aholi glyukoza topshirishi uchun 14 milliard qoʻshimcha mablagʻ loyihaga kiritilishini maʼlum qildi.
Fraksiya aʼzolari kun tartibidagi masalalar yuzasidan keltirilgan raqamlar, taqdim etilgan maʼlumotlardan kelib chiqib, tegishli qarorlar qabul qildi.