Ushbu kitob muallifning publitsistik janrdagi ikkinchi toʻplami boʻlib, avvalgisi 2018-yilda “Bunda bulbul kitob oʻqiydi...” nomi bilan chop etilgan edi.

Olti boʻlimdan iborat asar mavzular xilma-xilligi, ifoda uslubi rango-rangligi bilan, oʻquvchining fikrlar koʻlami va dunyoqarashi yanada kengayishiga xizmat qilishi bilan gʻoyatda ahamiyatlidir.

Birinchi sahifani varaqlashga tushishingiz bilan muallifning zaminimizda yetishib chiqqan, elimizni hidoyat va maʼrifatga boshlagan yirik allomalar, mutafakkir va shoiru adiblarga beadoq muhabbati sezilib turadi.

“Ibrat maktabi” baidasida jahongashta, shoir, olim, pedagog, qomusi bilimlar sohibi Isʼhoqxon toʻra Ibrat, “Yurt gʻamxoʻri kerak menga” badiasida esa oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarining birday sevimli shoiri Berdaq, “Hamid Olimjon moʻjizasi” maqolasida azim ijodkor Hamid Olimjon, “Seni kuylayman, hayot!”da betakror oʻzbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiyaxonim, “Vatan borki, hayot-saodat bor”da Asqad Muxtor, “Sahro bulbuli navolari”da Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov hayoti va ijodi haqida batafsil toʻxtalgan.

Bundan tashqari, benazir shoirlarimiz, xalqimizning buyuk farzandlari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Normurod Narzullayevning botiniy qiyofalarini oʻziga xos yondashuv va mahorat ila ochib beradi, barchasining sheʼriyatini professional tarzda oʻrganib, badiiy izohlab beradi.

Ikkinchi boʻlimda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, shoir, tarjimon va tazkiranavis Mirzo Kenjabekning “Qusam ibn Abbos – Shohi Zinda”, taniqli shoir Xayriddin Sultonovning “Odamlardan tinglab hikoya”, Zokirjon Mashrabovning “Bori elga yaxshilik qilgʻil”, Sirojiddin Sayyidning “Alamli dunyoda alamli gulim”, Shayx Nazrullohxon eshon Gʻaribiyning “Qasidai Amoliy” sharhi va tavhid manzumasi”, Orziqul Ergashning “Toʻy”, “Shohsanam”, “Qalb gavhari”, Neʼmat Aminovning “Vijdon qoʻngʻirogʻi”, Ikrom Iskandarning “Yashil xirgoyi” kabi qator kitoblarni mutolaa qilish asnosida muallif olgan taassurotlar va oʻz fikr-mulohazalari beriladi. Bu oʻziga xos yangilik boʻlib, kitobxonlikni, yaxshi asarlarni, ilm olish va maʼnaviy neʼmatlarning insonga nechogʻli foydali ekanligi taʼkidlanadi.

Boshqa boʻlimda Turkiy kengash yigʻilishida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy nomidagi mukofotni taʼsis etish, Xivaning “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilinishi toʻgʻrisidagi qarorlardan, ona tilimizning maqomini yuksaltirish boʻyicha qabul qilingan qator tarixiy hujjatlardan, ijod ahliga, adabiyot va sanʼatga berilayotgan yuksak eʼtibordan toʻlqinlanib yozgan maqolalari oʻrin olgan. Bunga doir bir toʻrtligida shunday xitob qiladi:

Bir qutlugʻ nasiba – boʻgʻdoy soʻzlarim,

Koʻksingni koʻtargay tugʻday soʻzlarim.

Ona tilin pisand etmaganlarning,

Qalbiga sanchilsin tigʻday soʻzlarim.

Ushbu qismdan soʻnggi yillarda rivojlanib borayotgan Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston xalqlari bilan doʻstlik va qardoshlik, strategik sheriklik aloqalari toʻgʻrisida, shuningdek, muallifning Afgʻoniston, Hindiston va Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirgan ijodiy safarlari chogʻida olgan unutilmas taassurotlari haqida qiziqarli va ajoyib maqolalar, dilbar sheʼrlar oʻrin olgan.

Ularning aksariyati turli yillarda nufuzli nashrlarimiz “Yangi Oʻzbekiston”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Hurriyat”, “Mahalla”, “XXI asr” gazetalarida va “Yoshlik” jurnallarida eʼlon qilingan.

Gʻayrat Majid ijodkor uchun eng qiyin masala – buyuk adib va shoirlarning ijodiy izlanishlari, ilohiy ilhom lahzalarida ruhiy olami ichida yashab, oʻz ona tilida yaratilgan umrboqiy va bebaho sheʼriyatdan cheksiz minnatdorlik va faxrlanish hissini tuyadi.

Millat ziyolilarining hayoti va ijtimoiy faoliyatidagi muhim qirralari, soʻzning ularga xos ohanglari, har bir ajdodimizning xalqimiz oldidagi bebaho xizmatlari haqida toʻlib-toshib bildirgan fikrlar, ularga monand qadim tariximizning unutilmas va ibratli voqealari, goʻzal satrlar va sheʼriy parchalar bilan boyib boradi hamda Gʻayrat Majidning oʻz hayot yoʻlidagi ibratli misollar bilan uygʻun holatda qiziqarli shaklda, hayratu hayajon ila bayon etadi.

Bir oʻrinda u Hamid Olimjon haqida yozar ekan, shoirning qismati haqida shunday original baho beradi: “Shoirning hamrohi xayol, hayoti xayol qismati xayol. Ijodkor xayolni chizadi. Xayolning parvozi buyuk kashfiyotlarni yaratadi. Xayolning qanotidan tutib, uni soʻz bilan oq qogʻozga abadiy muhrlagan shoirning asarlari umrboqiy yashaydi”.

Shuningdek, bugungi tahlikali davrda Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar natijalari, oʻzgarishlar jarayonlari, murakkab pandemiya paytida xalqimizga nisbatan davlatning mehr-muruvvat, xayru saxovat choralari, ulkan bunyodkorlik ishlari yangi bosqichga koʻtarilayotgani, muallifning qalb prizmasidan oʻtkaziladi. Yozilgan fikrlarni oʻqir ekansiz, oʻzingizga-oʻzingiz ichki savol qoʻyasiz, yanada yaxshiroq inson boʻlishga intilasiz, har bir oʻtayotgan lahzaga shukrona aytib, umr daqiqatlardan unumliroq foydalanish zarurligini, eng avvalo vijdon qonuniyati oldida hisobdorligingizni anglaysiz.

Alaloqibat asardan tugʻilajak umumiy gʻoya shulki, Gʻayrat Majidning asl muddaosi – razil illatlarning poyon topishi, halollik va adolatning aslo magʻlub boʻlmasligi istagi mujassam. Shu bilan birga, uning publitsistik ishlari oʻzining baquvvat falsafasi va teran irmoqlari, oʻqigan sari soʻzning nafosati va tarovati jilolanaverishi, insoniy pozitsiya va yondashuvlar tabiiyligi, goʻzallikning ijodkorning sehrli qalamidan musavvirona rango-rang tasvirga aylanishi, qalbdan quyilib kelgan ehtiroslarning barkamol obrazli ifodasi, ruhiy dunyo va moddiy olam mutanosibligiga erishishi bilan ajralib turadi.

Muallif umuman olganda, buyuk va maʼrifatparvar ajdodlarimiz kabi ilmu fanning afzalligiga, milliylikka sadoqat, yurt ozodligi va elning farovonligiga xizmat, millat qalbining muazzam etmoq uchun hissa qoʻshish ulugʻ saodat ekaniga urgʻu beradi.

Xalqona, ravon tilda yozilgan, bebaho manbaalar bilan toʻldirilgan, qalbga nur-ziyo bagʻishlovchi barkamol shoirning mana shunday ajoyib armugʻoni nafaqat keng aholi qatlamlari uchun, balki maktab va oliygohlarda tahsil olayotgan yigit-qizlarimiz uchun ham qoʻshimcha adabiyot, kitob javonini bezovchi ajoyib bir ganjinadir, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Laziz Rahmatov,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi