баннер
2 Apr 2025
04:42

    “Aqlli” issiqxonali uylar

    Aholi ularda yashab, shu yerning o'zida ishlashi va mulk egasi bo'lishi mumkin.

    Dunyoda oziq –ovqat xavfsizligi dolzarb masalaga aylanib borayotgan bugungi kunda tashqi bozor qishloq xo'jaligi mahsulotlarini mavsumiy emas, doimiy yetkazib berishni talab qiladi. Yil davomida sifatli mahsulot taklif qila olgan korxona bozorda munosib o'rin egallaydi. Ammo oddiy dala yoki issiqxonalarda bunga erishish anchayin mushkul. “Beshinchi avlod issiqxonalari”da esa yil 12 oy mahsulot olish mumkin.

    Nomidan o'ta zamonaviy qurilmaga ishora qilayotgan “beshinchi avlod” issiqxonalari eng ilg'or “Ultra Clima” nou-xau texnologiyasi asosida ishlab chiqariladi. Oddiy issiqxonalardan farqli, unda barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan bo'lib, bu inshoot ichidagi haroratni kerakli darajada saqlab turish, ko'chatlarni gidroponika usulida oziqlantirish hisobiga yuqori hosildorlikni ta'minlashga xizmat qiladi. Masalan, plyonkali issiqxonlarda pomidor ko'chati 6 oy hosil bersa, mazkur innovatsion issiqxonada bir yil mobaynida uzluksiz mahsulot olish mumkin.

    Ilg'or texnologiyalar qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirishda yuqori natijadorlikka erishishning asosiy omili ekanini tushunib yetayotgan ko'plab davlatlar asta-sekin ana shunday zamonaviy issiqxonalarni qurishga o'tmoqda. Yurtimizda ham “beshinchi avlod” texnologiyasiga ega issiqxonalardan foydalanish so'nggi yillarda jadallashib boryapti. Bu borada tashlangan ilk qadamlar allaqachon o'z samarasini bera boshladi.

    Shunday innovatsion issiqxonalardan biri 2019-yilning fevral oyida Xorazm viloyati Xonqa tumanida “Red Star Oxus” MCHJ tomonidan 205 milliard so'mdan ziyod mablag' evaziga tashkil etilgan edi. Issiqxonada Niderlandiyaning “Kubo” kompaniyasida ishlab chiqarilgan “Ultra Clima” nou-xau texnologiyasi o'rnatilib, barcha jarayonlar avtomatlashtirildi. Uning eng muhim afzalligi — issiqlik ventilyator yordamida ul`tra iqlim zonasiga tortiladi va plastik quvurlar orqali kerakli joyga ehtiyoj darajasida yuboriladi. Ya'ni, harorat butun issiqxonaga emas, balki etishtirilayotgan sabzavotning ildiziga yo'naltiriladi. Issiqxona tepasiga o'rnatiladigan quyosh nuriga o'xshash maxsus chiroqlar esa fotosintez jarayoniga sezilarli ta'sir o'tkazadi. Bu energiya va suvni tejab, hosildorlikni oshirishga yordam beradi.

    Hozirda 7 gektar maydondagi issiqxonada gidroponika usulida pomidor, bodring, baqlajon, bulg'or qalampiri, ko'katlar yetishtirilib, yaxshi hosil olinmoqda. Davlatimiz rahbari 2020-yilning 12-13-dekabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida mazkur innovatsion issiqxonada bo'lib, “Bu korxona — drayver. Bunday issiqxonalar ko'payishi uchun boshqa tadbirkorlarni ham o'rgatib, har tomonlama yordam berish kerak. Xorazm qishloq xo'jaligining kelajagi shu”, deya bu yo'nalishdagi ishlarni yanada kengaytirish lozimligini ta'kidladi.

    O'zbekistonda qora pomidor yetishtirilyapti

    Yangi tajriba Buxoro viloyatida ham yaxshi samara beryapti. Bundan 2 yil muqaddam Turkiyaning “Varnet Cam Sera sıstemları Inş. Ihr. ıth. san ve tıc. LTD. Ştı.” kompaniyasi investitsiya mablag'lari asosida ish boshlagan “Buxara Varnet” xorij korxonasi 30 gektar yerda superzamonaviy oynavand issiqxonalar qurib, turli navdagi pomidor maxsulotlari yetishtirmoqda. Ayni paytda korxonada 300 nafarga yaqin ishchilarning bandligi ta'minlangan.

    Buxoro viloyatining ko'p erlari sho'rxok va qumloq, suv esa tanqis bo'lgani bois, bunday joylarda qishloq xo'jaligi mahsulotlari etishtirish uchun gidroponika usuli juda qulay hisoblanadi. Hududda klaster tizimida qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish uchun keng sharoit yaratish maqsadida Prezidentning 2018 yil 10 iyuldagi “Buxoro-agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan “Buxoro-agro” direktsiyasi faoliyati yo'lga qo'yildi. Mazkur zona uchun Jondor, Kogon, Peshku, Romitan va Buxoro tumanlaridan umumiy 3 ming gektar yer ajratilib, to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar jalb etildi. “Buxara Varnet” xorij korxonasi iqtisodiy zonada bo'y ko'rsatayotgan umidbaxsh loyihalardan biri bo'lib, umumiy qiymati 120 million AQSH dollardan ziyodni tashkil etadi.

    Issiqxonada yetishtiriladigan pomidorning cherri (qora, sariq va qizil navlari), o'zga, ergen, blek panter kabi yurak uchun tabiiy darmondori bo'lgan 9 turdagi navining bari katta va chiroyli ko'rinishi bilan kishi e'tiborini tortadi. Ayrimlar ularga qarab turib, hatto, sun'iy bo'lsa kerak, degan hayolga ham boradi. Axir, bunday yuqori sifatli mahsulotlarni oddiy sharoitda etishtirishning imkoni yo'q-da. Biroq yangi uslub, yangi texnologiya asosida ish boshlagan korxona shuning o'zi bilan kifoyalanmadi. Katta jamoaning sa'y-harakati bilan yurtimizda bugungi kunda jahon bozorida oliy nav sanalgan qora pomidor ham yetishtirilyapti.

    — Zamonaviy issiqxona qurib, sifatli hosil yetishtirish uchun juda katta mehnat sarflandi va erishilgan natijalar ham shunga yarasha bo'lyapti, — dedi “Buxara Varnet” MCHJ xorij korxonasi direktori Beshim Hamroyev. — Ushbu yangi tajribani viloyatda qo'llashimizga, avvalo, davlatimizda qabul qilingan qonun, qarorlar, tadbirkor va investorlarga berilayotgan imtiyozlar yo'l ochib berdi. Jami 115 gektarga teng korxonada innovatsion issiqxonalar qurish bilan birga, issiqxonalar uchun konstruktsiyalar ishlab chiqaruvchi zavodni ishga tushirish rejalashtirilgan. Unda yiliga 200 gektargacha hajmdagi issiqxonalar konstruksiyalari ishlab chiqarilib, mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yo'naltiriladi.

    Har gektardan 300 tonna hosil naqt

    Aslida, “issiqxona” so'zi nam va bug'lanish bilan birga ajralib chiqadigan issiqlikni anglatadi. Biroq biz so'z yuritayotgan zamonaviy oynavand issiqxonalarda bunday holat kuzatilmaydi. Ular odatiy plyonkali issiqxonalardan farqli ravishda, quyosh nurlarini yuqori darajada o'tkazish va butun inshoot bo'ylab teng taqsimlash xususiyatiga ega. Ya'ni, oyna quyosh nurini 97 foizgacha o'tkazadi. Issiqxonaning energiya sarfi jixatidan tejamkor tizimi mahsulotlarning quyosh nurlarida tabiiy, mazali va sifatli pishib etilishiga xizmat qiladi.

    Issiqxona haroratini mo'tadillashtirishda oftob nurlaridan foydalanilgani hisobiga atmosferaga tarqaladigan zararli chiqindilar miqdori ko'rsatkichi ham ancha pasayadi. Korxona tomonidan qurilayotgan oynavand issiqxonalarda turli zararli bakteriya, hasharot va mikroorganizmlarning ko'payish xavfi deyarli yo'q. Odatiy issiqxonlarda esa quyosh nurlarining yetishmasligi tufayli bakteriya va mikroorganizmlar ko'payib, o'simliklarning nimjon o'sishiga sabab bo'ladi. Shu bois, xorijiy banklar ko'proq oynavand issiqxonalar qurilishini moliyalashtirishni afzal biladi.

    Shuningdek, bunday issiqxonalar yuqori texnologik, energiyatejamkor, nihoyatda mustahkam, har qanday ob-havo sharoitiga bardoshli hisoblanadi. Avtomatik boshqariladigan eng zamonaviy texnologiya, texnikalar bilan jihozlangani bois, ichida bir gramm ham chang topolmaysiz. Bunga maxsus o'rnatilgan sovutish, havo almashtirish tizimlari yo'l qo'ymaydi.

    — Shukurki, ishlarimiz juda yaxshi ketyapti. Pomidorlarning ilk hosilini 54 kunda tera boshladik, — dedi turkiyalik agronom Sinan Işchan (Sinan Ishchan). — Bu yerdagi navlarning qisqa fursatda hosil berayotgani bir tomondan texnik ishlanmalarimiz samarasi bo'lsa, yana bir siri mamlakatingizning quyoshli o'lkaligi, deb bilaman. Bizga yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqin 5 yil ichida korxonamiz juda yaxshi ko'rsatkichlarga erishishiga ishonaman.

    Harakat qilganga baraka ham yog'ilib kelaveradi. Tinimsiz mehnat va xorij texnologiyasi har bir ko'chatdan olinadigan 14 kilogramm hosil, har gektardan 300 tonna mahsulotni naqt qildi. 2020-yilda Rossiya Federatsiyasi, Qozog'istonga katta miqdorda mahsulot eksport qilindi. Korxona hozirda Evropa bozoriga yo'l ochadigan “Global G.A.P” sertifikatini olish harakatida.

    Avvaliga koxonada faqat issiqxona ishga tushirilgan edi. Endilikda, uning yonida o'quv markazi va laboratoriya ham tashkil etildi. Bugungi kunda o'quv markazini kengaytirish ishlari olib borilyapti. Qisqa vaqtda o'quvchilar oqimi o'rtacha 300 kishiga yetkazilib, ular yo'nalishiga ko'ra 3 oydan 6 oygacha o'qitiladi.

    Davlatimiz rahbari joriy yilning 21-22-yanvar kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog'ida zamonaviy agrosanoat majmuasiga aylanib borayotgan “Buxara Varnet” xorij korxonasining yangi imkoniyatlari bilan tanishdi. Bu yerda tashkil etilgan o'quv markazini ko'rib, “Bu tizim nima uchun muhim? Birinchidan, yoshlarimizga rivojlangan mamlakatlar mutaxassislari onlayn rejimda dars beradi. Ikkinchidan, issiqxonalar uchun zarur materiallar mahalliylashtiriladi. Eng muhimi, bozor talabiga mos mahsulot ishlab chiqariladi”, deya ta'kidladi. Shuningdek, Prezident “Issiqxonalar bilan shuncha yildan beri shug'ullanyapmiz, lekin professionallar yo'q edi. Endi bu yo'nalish yangi sifat bosqichiga chiqyapti”, deya soha istiqboliga ishonch bildirdi.

    Yurtimizda bu yo'nalishdagi ishlarni takomillashtirishda “Buxara Varnet” MCHJ shaklidagi xorijiy korxonasining ham hissasi bo'ladi. Korxona to'liq ishga tushgach, yillik ishlab chiqarish quvvati 33,8 ming tonnaga yetib, jami 2 mingga yaqin ish o'rni yaratiladi. Shuningdek, respublikadagi tadbirkorlarga ham innovatsion issiqxonalar qurish bo'yicha hamkorlik asosida ko'maklashish ko'zda tutilgan.

    Issiqxonalar yo'nalishida yangicha tashabbus

    Kompaniya aholini ish bilan ta'minlash, kam ta'minlangan oilalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida yana bir yangi “Issiqxonali uylar” qurish loyihasi ustida ishlamoqda. Unga ko'ra, 20 sotix maydonning 11 sotixida innovatsion issiqxona, 9 sotixida turarjoy qurilib, korxonada faoliyat yuritayotgan xamda ushbu soxada tajribaga ega bo'lgan yosh oilalarga berish, keyinchalik bu amaliyotni Buxoro viloyatining tumanlarida xam amalga oshirib, muhtoj oilalarni ish bilan ta'minlash rejalashtirilgan. Yagona sharti, oila shu erda yashab, issiqxonada mehnat qilib, talab etilgan mahsulotarni kompaniyaga etishtirib beradi. Korxona kerakli ko'chat, mineral ozuqalarning barini o'zi yetkazib beradi, tayyor mahsulotni ham o'zi oladi. Oila faqat ishchi sifatida mehnat qiladi. Buning uchun ularga doimiy oylik maoshi to'lanadi. 10 yildan so'ng oilaning uzoq yillik mehnati evaziga uy ham, issiqxona ham ularga shaxsiy mulk sifatida rasmiylashtirib berilishi ko'zda tutilmoqda.

    — Mazkur loyihadan ko'zlangan asosiy maqsad korxonaning doimiy ishchilariga ega bo'lishi orqali, jahon standartlariga mos sifatli hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, kompaniya faoliyatini kengaytirish barobarida yosh oilalar va kam ta'minlangan oilalarga munosib ish sharoiti yaratib, doimiy daromad manbai bilan ta'minlashdan iborat, — dedi Beshim Hamroyev. — Bunda odamlarning ish jarayonini bilmasligi muammo bo'lmaydi. Ular uchun Gollandiyadan taklif etilgan tajribali agronomlar tomonidan maxsus o'quv kurslari o'tiladi. Keyinchalik ham ular oilaga yo'l-yo'riq ko'rsatib, issikxona ishlarini tashkil etishda ko'maklashib boradi.

    Hozircha O'zbekistonda, balki O'rta Osiyoda ham yagona bo'lgan bunday loyihaning ilk namunasi ustida ishlar olib borilyapti. Viloyatda ana shunday uyning birinchisi qurib bitkazilgan. Unda mustaqil ishlay oladigan oila tayyorlanib, keyin ularga topshiriladi.

    Yaqin yillarda Buxoro viloyatida bosqichma-bosqich 400 ta ana shunday “issiqxonali uylar”ni qurib, odamlarga berish rejalashtirilgan. Ushbu xayrli tashabbus hududda aholini ish bilan ta'minlash, turli xildagi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, issiqxonalar sohasida mutaxassislar tayyorlashda yangicha yondashuv, ilg'or tajriba bo'lishi shubhasiz.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Telegram kanalimiz
    Text to speech