Agrovoltaika — qishloq xo'jaligida yangi va samarali usul

    Hisob-kitoblarga ko'ra, mamlakatimizda 10 gigavattli agrovoltaika salohiyati mavjud.

    Hozir eng ko'p iste'mol qilinayotgan va kun sayin talab ortib brayotgan resurslardan biri elektr energiyasi hisoblanadi. Shu bilan birga, uni ishlab chiqarish jarayonida ajraladigan chiqindilar atmosferaga eng katta zarar yetkazayotgan omillardan biri. Hayriyatki, insoniyat bu borada muhim kashfiyotlardan birini qilishga erishgan — qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan, quyosh va shamoldan elektr toki olishni uddalagan odamzod, endilikda, buni keng ommalashtirish harakatida. Axir, ular tabiiy va ekologik toza bo'lish bilan birga, beminnat ne'matlar hamdir.

    Tahlillarga ko'ra, yurtimizda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga bo'lgan hozirgi ehtiyojni 10-12 barobar ortig'i bilan qoplashga yetadi. Faqat buning uchun mavjud imkoniyatni ishga solish kerak. Oxirgi yillarda nafaqat sanoat tarmoqlari va korxona-tashkilotlar, balki aholi xonadonlarida ham quyosh panellaridan foydalanish ko'lami ortib borayotganini sohaga jiddiy e'tibor qaratilayotgani bilan izohlash mumkin. Deyarli barcha viloyatlarda zamonaviy quyosh va shamol elektr stantsiyalari barpo etilyapti. “Yashil energiya” manbalarini barpo qilish bo'yicha katta dasturlar boshlangan. Ayniqsa, bundan aholining manfaatdorligini oshirish maqsadida “Quyoshli xonadon” dasturi joriy qilindi. Unga ko'ra, quyosh paneli o'rnatgan aholidan har 1 kilovatt elektrni 1 ming so'mdan sotib olish tizimi yo'lga qo'yildi. Hozirda 11 mingga yaqin xonadon egalari bu imkoniyatdan samarali foydalanmoqda.

    Dunyoning ko'plab davlatlari “yashil” iqtisodiyotga o'tish harakatida. Bu hozirgacha biz foydalanayotgan va ekologiya, atrof-muhitga jiddiy zararli ta'sir ko'rsatayotgan yoqilg'i manbalari o'rnini tabiiy, ekologik toza, eng muhimi, qayta tiklanadigan manbalar bilan almashtirishga qaratilgan harakatdir. “Yashil” energiya quvvatlarini ko'paytirish buning bir qismi. Shu bois, joriy yilning 28-fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko'paytirish bo'yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o'tkazilgan yig'ilishda mazkur yo'nalishda yangi vazifalar belgilab olindi. Xususan, qishloq va suv xo'jaligi, ichimlik suv ta'minoti kabi energiya sarfi yuqori bo'lgan sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo'llash ishlarini jadallashtirish topshirildi. Joriy yilda yurtimizning 6 ta tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “agrovol`taika” usulidagi pilot loyiha shular jumlasidan. Bu qishloq xo'jaligi yerlarida quyosh panellarini o'rnatishga qaratilgan loyiha bo'lib, ayni paytda bu bo'yicha xorij tajribasi o'rganilmoqda.

    — “Agrovoltaika” yoki “quyosh fermalari” — bu qishloq xo'jaligi erlari yoki to'g'ridan to'g'ri ekinlar, bog'lar ustida quyosh panellarini o'rnatish orqali ham elektr energiyasi ishlab chiqaradigan, ham ekinlarni noqulay ob-havo, quyoshning zararli nurlaridan himoya qilib, ularning sog'lom o'sishi uchun qulay sharoit yaratib beradigan kombinatsiyalangan tizimdir, — deydi Qishloq xo'jaligi vazirligi bo'lim bosh mutaxassisi Bahrom Yusupov. — Bunda o'simliklar yorug'lik energiyasining atigi 10 foizini talab qiladi, quyosh nurlarining qolgan qismi esa elektr energiyasi ishlab chiqarishga sarflanadi. Shu jihatdan, “agrovoltaika” mamlakatimiz qishloq xo'jaligi uchun yangi usul bo'lib, uni rivojlantirish agrar tarmoq va ekologik barqarorlikni ta'minlashning muhim istiqbolli imkoniyatlaridan biri hisoblanadi. “Agrovoltaika” so'zinining o'ziga kelsak, uni o'zbekchada “agroelektrik quyosh parki” yoki “agroelektrik maydon” deyish ham mumkin. Hisob-kitoblarga ko'ra, mamlakatimizda 10 gigavattli agrovoltaika salohiyati mavjud. Bu diyorimizda muqobil iqlim sharoiti hamda deyarli yil bo'yi beminnat nur sochib turuvchi quyosh energiyasi mavjudligi bilan bog'liq.

    Kamxarj va tejamkor

    Yaqinda internet tarmog'ida bir ma'lumotga ko'zim tushdi. Unda yozilishicha, 2023-yilda Yevropa Ittifoqi rekord miqdordagi quyosh panellari va shamol turbinalarini o'rnatib, to'g'onlar va atom elektr stansiyalaridan ko'proq elektr energiyasi ishlab chiqarishga muvaffaq bo'libdi. Buning hisobiga yonilg'ining yoqilishidan chiqadigan karbonat angidrid chiqindilarini avvalgi yilga nisbatan 8 foizga kamaytirgan. Qayd etilishicha, bu so'nggi 60 yildagi eng past ko'rsatkichdir.

    Dunyo mamlakatlari “yashil” iqtisodiyot tomon dadil harakatlanmoqda. Chunki vaziyat va holat allaqachon shuni taqazo etyapti. Global iqlim o'zgarishlari bilan bog'liq bir necha o'n yillik taxminlar bugun reallikka aylandi va odamzod uni boshdan kechirmoqda. Havoning ifloslanishi bilan bog'liq kunlik statistik ma'lumotlardan tortib, buning oqibatida yuzaga kelayotgan suv taqchilligi, qurg'oqchilik, oziq-ovqat etishmovchiligi bir emas, o'nlab mamlakatlarga xavf solmoqda. BMTning hisobotiga ko'ra, 2050-yilga borib, jahon aholisi soni salkam 10 milliardga yetadi. Demografik o'sish, tabiiyki, insoniyatga yangidan yangi muammolarni keltirib chiqaradi. Ularning orasida energiya muammosi ham bo'lishi tabiiy. Qizig'i, ushbu muammoning muqobil echimlari boshqa mushkulotlarni-da bartaraf etishi mumkin. Bu, albatta, qayta tiklanadigan energiya manbalari ko'lamini oshirish bilan bog'liq. Bir tasavvur qiling, shamol generatori, quyosh panellari, elektr tokida harakatlanadigan transport vositalari ekologik muhitni asrashimizga qanchalik katta hissa qo'shadi.

    Bunday zarurat qishloq xo'jaligi sohasida ham mavjud. Ya'ni, muqobil energiya manbalari oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, qishloq xo'jalik mahsulotlari etishtirishdagi qiyinchilarni bartaraf etishga ko'maklasha oladi. Ilm-fan va innovatsion texnologiyalar uyg'unligi bunga yo'l ochmoqda. Biz yuqorida tilga olgan “agrovoltaika” usuli shulardan biri. Texnologiyaning o'ziga xosligi shundaki, yer maydoniga o'rnatiladigan quyosh panellari nafaqat elektr energiya ishlab chiqarish, balki uning ostidagi hududlardan samarali foydalanishga xizmat qiladi.

    — Gap shundaki, “agrovol`taika” energiya va oziq-ovqat ishlab chiqarishni bitta er uchastkasida birlashtiruvchi usul hisoblanadi, — deydi Bahrom Yusupov. — Sodda qilib aytganda, quyosh panellari ostidagi soyali joylarda ekinlarni o'stirish yoki chorva mollari uchun maydon sifatida foydalanish mumkin. Shuning uchun panellar orasidagi zichlik o'ta yuqori bo'lmasligi kerak. Ayniqsa, ekinlar yetarli quyosh nurini olish uchun panellar orasidagi bo'shliqqa muhtoj. Panellar shaffofligi tufayli qishloq xo'jaligida foydalaniladigan erlar, masalan, dala va issiqxonalarni butunlay qoplab olishi mumkin. Bunda u o'simliklarning pastki qismini qorong'ulik bilan to'sib qo'ymaydi, tabiiy yashash muhitini buzmaydi yoki atrof-muhitga zarar etkazmaydi. Dalalarga quyosh panellarini o'rnatish o'simliklar uchun soya va himoyani ta'minlaydi, bu, ayniqsa, yuqori harorat va quyosh nurlari ekinlarga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan issiq hududlarda muhim. Bundan tashqari, agrovol`taikadan foydalanish qishloq xo'jaligida suv sarfini kamaytirishi mumkin, chunki bug'lanish kamayadi va tuproqdagi namlik uzoq vaqt saqlab kolinadi. Asosiysi, ushbu qurilma ekologik toza energiya manbai bo'lib, hech qanday issiqxona gazlarini chiqarmaydi. Qolaversa, quyosh panellari dehqon va fermerlarning energiya xarajaltlarini sezilarli kamaytiradi. Ular fermer xo'jaliklarida quyosh panellari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan yorug'lik, sovutish yoki sug'orish texnologiyalarini qo'llash kabi o'z ehtiyojlari uchun foydalanishlari mumkin.

    Agrovoltaik panellarini o'rnatish hech qanday geotexnik ishlarni talab qilmaydi. Aksincha, quyosh panellari dehqon va fermerlar uchun qo'shimcha daromad manbai bo'lib, elektr energiyasining o'z ehtiyojlaridan ortgan qismini davlatga sotish imkoniyatiga ega. Muqobil energiya manbaalarini hosil qiluvchi qurilmalardan foydalanish nafaqat aholi, balki mamlakat iqtisodiyoti uchun ham foydali. Shu bois, Yaponiya 2012-yilda agrovol`taiklar uchun maxsus imtiyozlarni joriy qilgan birinchi davlat bo'ldi. Keyinchalik Fransiya, Xitoy, AQSH va boshqa ko'plab mamlakatlarda shunga o'xshash tizimlar tatbiq etila boshladi. Yurtimizda ham keyingi yillarda muqobil energiya hosil qiluvchi qurilmalarni o'rnatadigan talabgorlarga ko'plab imtiyozlar, subsidiyalar ajratilyapti.

    Har qanday haroratda ishonchli himoya

    Dehqon yoki fermerlar bilan suhbatlashganda, ularning quyosh panellarini o'rnatishga qiziqishi ortib borayotganiga guvoh bo'lamiz. Aksariyatini, ushbu qurilmalar arzon va ekologik toza energiya manbai ekani, umumiy tarmoqqa bog'liq bo'lmagan holda, muntazam elektr toki olish imkoniyati mavjudligi qiziqtiradi. Axir, dala maydonlarida ham elektr tokiga ehtiyoj katta — foydalaniladigan qurilmalarning ko'pi elektrda ishlaydi.

    Shu bois, yurtimizdagi qishloq xo'jaligi erlari, fermer xo'jaliklarida ham quyosh panellarini o'rnatish boshlangan. 2022-yilda buni o'z faoliyatida birinchilardan bo'lib joriy qilgan fermer xo'jaligi haqida yozgan edik. Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi “Bakhmal fruit growing” fermer xo'jaligi hududdagi ko'p kuzatiladigan shamol va yog'ingarchiliklar ortidan elektr energiyasi ta'minotida yuzaga keladigan tez-tez uzilishlar sabab avvaliga quvvati 3 kilovattlik shamol generatori, 2022-yil mart oyida esa quvvati 5 kilovatt bo'lgan kichik quyosh fotoelektr stantsiyasi qurilmasini o'rnatgandi. O'shanda qurilma xo'jalik uchun zarur elektr tokining bir qismini uzluksiz ta'minlash barobarida, iste'mol qilingan elektr toki to'lovlarining kamayishiga olib kelgan. “Ochig'i, bu qurilmalarni o'rnatish haqida ancha avvaldan o'ylab yurardim. Texnologiya yurtimiz sharoiti uchun yangi bo'lgani bois, samaradorligi borasida havotir va ikkilanishlarim ham bo'lgan. Ammo shamol generatori ishlay boshlagach, barcha shubhalarim yo'qoldi. Qurilmalar nafaqat xo'jalikni uzluksiz elektr energiya bilan ta'minlashda, balki moddiy tomondan ham foyda keltiryapti. Ular energiya xarajatini 10—15 foizga qisqartirdi”, degandi “Bakhmal fruit growing” fermer xo'jaligi rahbari Olim Nazarov.

    Odamlar quyosh panellari yordamida elektr toki olishga odatiy hol sifatida qaray boshladi. Ularning ko'p o'rnatilishi mamlakat iqtisodiyotiga ham foyda. Elektr energiya muqobil energiya manbalaridan olingani sari, tabiiy manbalar tejaladi. Energetika tarmoqlaridagi yuklamalarni yengillashtirish, avariyalarning oldini olish, tarmoqlardagi texnologik yo'qotishlarni pasaytirish imkoniyati oshadi. Asosiysi, ekologik toza, “yashil” energiyaga o'tish jarayoni faollashadi.

    Endilikda, ana shunday quyosh panellaridan yurtimizning barcha hududlaridagi qishloq xo'jaligi yerlarida foydalanishni jadallashtirish ko'zda tutilgani boisi ham shunda. “Agrovoltaika” usuli joriy etiladigan hududlarni tanlab olishda esa bir qancha omillarga e'tibor qaratilyapti.

    — Avvalo, “agroelektrik maydon” qurg'oqchilikdan zarar ko'rayotgan hududlar uchun muhim ahamiyatga ega, — deydi Bahrom Yusupov. — Boisi, jazirama issiqda ham quyosh batareyalari ostida qishloq xo'jaligi maxsulotlari yetishtirish imkoniyati mavjud va panellar ekinlarni quyosh hamda ultrabinafsha nurlaridan himoyalaydi. Qolaversa, mazkur innovatsion usulni erkin iqtisodiy zonalardagi yirik maydonlarda tashkil etilgan issiqxona kompleks xo'jaliklari, aholi yashash punktlaridan uzoqda joylashgan, elektr va suv ta'minoti og'ir bo'lgan hududlarda tashkil qilingan fermer va dehqon xo'jaliklari, tog' yon bag'irlari va adirlardagi katta maydonlarda tashkil etilgan uzumzor va mevazorlar, issiqxona xo'jaliklarida tashkil etishga zarurat bor. Elektr ta'minotida tez-tez uzulishlar bo'ladigan yoki elektr ta'minoti og'ir bo'lgan, aholi zich joylashgan va aholining ko'p qismi tomorqasida qishloq xo'jaligi maxsulotlari yetishtirish bilan band bo'lgan hududlar ham shular jumlasidan. Ya'ni, biz dastlabki bosqichda ana shunday er maydonlarini tanlab olamiz. Keyinchalik, yurtimizning barcha hududlarida ushbu usulni joriy etish rejalashtirilgan. Umuman, bu borada barcha ilmiy va huquqiy asoslarni yaratish maqsadida “Qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlarda va quvvati 1–20 MVt bo'lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi elektr stansiyalaridan foydalanish to'g'risida” Prezident qarori loyihasi ham tayyorlangan.

    “Agrovoltaika” chindan yangicha va zamonaviy usullardan biri. Ammo bu juda mukammal usul, barcha kamchilik va muammolardan holi, deyish fikridan yiroqmiz. “Agrovoltaika” o'rnatishda ham ayrim muammolar mavjud va shulardan eng asosiysi — chang miqdori. Mutaxassisning tushuntirishicha, panellar yuzasiga chang zarralari qo'nishi natijasida yuz beradigan changlanish samaradorlikka salbiy ta'sir ko'rsatuvchi asosiy omillardan biri. Afsuski, geografik joylashuvimiz asosan tekisliklardan iborat relyef bo'lgani bois, yurtimiz iqlimida chang zarralari ko'p. Panellar o'rnatilgan lokatsiya atrofida qishloq xo'jaligiga doir ishlar yoki avtomobil` trassalarining joylashuvi changlanish darajasini belgilaydi. Agar ushbu lokatsiyada yengil shamol bo'lsa, changlanish darajasi ham yuqori bo'ladi. Kuchli shamol yuzalarni changdan tozalashi evaziga changlanish miqdorini kamaytiradi. Shu sababli fotoelektrik quyosh panellarini o'rnatishda atrof-muhit va o'sha muhitdagi changning xususiyatlari inobatga olinadi.

    Bundan tashqari, panellar yuzasida profilaktik tozalov ishlarini amalga oshirish lozim. Yana bir yechim sifatida panellar yuzasini gidrofob va changdan himoyalovchi shaffof qatlamlar bilan himoyalash tavsiya etiladi. Changli ob-havo sharoiti, xususan, yoz oylarida bir oyda 1-2 marta yuzasini artib turish lozim.

    Qish oylari esa quyosh panellariga u qadar zarar yetkaza olmas ekan. Gap shundaki, qor panel yuzasiga o'rnashib qolishi hollari O'zbekiston sharoitida kam kuzatiladi. Bunda oddiy usullar bilan tozalash mumkin. Qor erimaydigan hollarda ham quyosh batareyasiga sezilarli zarari bo'lmaydi. Faqat, qorning yorug'lik o'tkazuvchanligi yuqori bo'lgani uchun stantsiyaning ko'pi bilan 15—20 foiz quvvatini kamaytirishi mumkin. Yog'ingarchilik bo'lgan fasllarda panellar yuzasi changlardan tabiiy ravishda tozalanib, yuvilib turadi. Chunki panellar yog'ingarchiliklardan himoyalovchi maxsus qoplamalar hamda mustahkam suv o'tkazuvchanlikka ega.

    Umuman, hozirgi kunda quyosh energetikasi qayta tiklanadigan energiyaning eng istiqbolli manbalaridan biriga aylangan. Xalqaro energetika agentligi ekspertlarining hisob-kitobiga ko'ra, 2050-yilga borib insoniyatning energiyaga bo'lgan ehtiyojining 45—50 foizi quyosh energiyasi yordamida ta'minlanishi kutilmoqda. Demak, yaqin yillarda barcha sohalarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan keng foydalaniladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 06.03.24-yil, 47-sonida e'lon qilindi)