Jumladan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ham nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatlardagi axborot texnologiyalaridan, imo-ishora tili hamda muloqotning boshqa muqobil shakllaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish vazifasi belgilangan.
Toshkent shahridagi “SHAROIT PLUS” nogironlar jamoat birlashmasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida zaif ko‘ruvchi shaxslar uchun ishlab chiqilgan ochiq va bepul audiokitoblardan iborat dastlabki onlayn kutubxona — “Kitob Plus” loyihasining gibrid formatdagi taqdimoti ana shu ezgu maqsad yo‘lidagi sa’y-harakatlardan.
Onlayn kutubxonadan o‘zbek va rus tilidagi turli adabiyotlar, ma’lumot va maqolalar o‘rin olgan. Bundan tashqari, spektakllardagi jonli muloqot ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlar uchun qulay formatda taqdim etiladi. Kontentni muntazam yangilab borish ko‘zda tutilgan.
— Bugun ko‘rish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ko‘plab audiokitob platformalari mavjud. Ammo ularning barchasi ham foydalanish uchun to‘liq imkoniyat berolmasdi. Audiokitob qidirib yurardik, — deydi Ko‘zi ojizlar jamiyati Chilonzor tumani bo‘limi raisi Muzaffar Po‘latov. — Yangi ilovaning afzalligi shundaki, istalgan joyda mobil telefon orqali saytdagi audiokitobdan foydalanish, spektakllardan bahramand bo‘lish mumkin. Gapiruvchi tizim ko‘rish imkoniyati cheklanganlar uchun telefon yoki internetdan foydalanishda katta qulaylik yaratadi.
Ilovadagi barcha elementlar muqobil matnga ega. Ularning ustiga kursor belgisi qo‘yilsa, vazifasi nimadan iboratligini maxsus gapiruvchi dasturlar to‘liq o‘qib beradi. Boshqarish ham juda oson. Bu ko‘rish imkoniyati cheklanganlarga badiiy adabiyot va sahna asarlarini qulay hamda to‘lig‘icha taqdim etishga xizmat qiladi.
Loyiha rahbari Mirali Gʻiyosov audiokitoblar tarixi, bugungi audiokitob eshitish platformalari, ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lganlar duch kelayotgan muammolar, maxsus platformaga ehtiyoj va “Kitob Plus” loyihasi haqida so‘zlarkan, jumladan, bunday dedi:
— Brayl yozuvi kashf qilinganidan keyin ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lganlar dastlab brayl alifbosini, ya’ni bo‘rtma yozuvlarni o‘qib savod chiqargan. Radio va ovoz yozib olish uskunalari yaratilganidan keyin gapiruvchi kitoblar yo‘nalishi yuzaga keldi hamda ko‘rish imkoniyati cheklanganlar uchun audiokitoblar tayyorlana boshlandi. Bu dastlab AQSHda, keyin sobiq ittifoqda ancha rivojlandi. Audiokitoblarning asosiy talabgori ko‘zi ojizlar edi. Hozir bunday kitoblar barcha uchun qulay mutolaa shakliga aylandi. Azaldan mavjud audiokitoblardan foydalanish ko‘rishda muammosi bo‘lganlar uchun qulay emasdi. Ular audiokitobdan foydalanish uchun kutubxonaga borishi, kitobni fleshka yoki diskka yozdirib olishi, eshitib bo‘lganidan so‘ng yangi kitob uchun fleshka yoki disk ko‘tarib yana kutubxonaga borishi talab etilardi. Keyinroq esa ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalar, YouTube platformalarida ham tarqatila boshladi. Ammo bu ham masalaga yechim bo‘la olmadi. Chunki kitoblar har yerda va tarqoq holatda edi. Hozir yurtimizda audiokitoblarni taqdim etuvchi ko‘plab platformalar mavjud. Unda nega yangi platformaga ehtiyoj sezildi, audiokitob eshitish uchun boshqa dasturlar ham bor-ku, degan haqli savol paydo bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, turli platformalar orqali audiokitob eshitish mumkin. Biroq ular ko‘zi ojizlarga moslashtirilmagan. Nogironligi bor insonlar gapiruvchi dasturlardan foydalanayotganda turli muammolarga duch keldi. Qolaversa, o‘ziga qulay bo‘lmagan dasturni ishlata olmaganini ham inkor etolmaymiz. Ular kerakli kitobni qidirib topib, o‘qib chiqolmasdi. Brayl yozuvidagi kitoblarni chop etish juda qiyin va qimmatga tushadigan jarayon. Shuning uchun ko‘rish borasida nogironligi bo‘lganlar yangi chiqayotgan adabiyotlardan hamma qatori bahramand bo‘lolmasdi. Yechim sifatida o‘zbek tilida nutq sintezatorini ham yaratdik. Bu orqali ko‘zi ojizlar kompyuterda elektron kitoblarni bemalol o‘qishi mumkin edi. Lekin bu ham masalaga to‘liq yechim bo‘lolmadi. Shunda ko‘zi ojizlarning mobil qurilmasiga maxsus dastur o‘rnatish hamda o‘zbek va rus tilidagi audiokitob, radiospektakllarni shu ilovaga joylashtirish ustida ishladik.
Mazkur loyiha sohada katta tajribaga ega rossiyalik dasturchi, “LOGOS” onlayn kutubxonasi bosh direktori Mixail Korneyev ko‘magida yaratildi. Ekotizimga ega yangi platforma telefondan eshitishni boshlagan audiokitobingizni saytda eshitishda davom etish imkonini beradi. Eshitilayotgan audiokitobning to‘xtalgan joyi eslab qolinadi. Istalgan qurilmadan kirib kitobni qolgan joyidan tinglashingiz mumkin. Bu ko‘rish qobiliyati cheklanganlar uchun katta qulaylik.
— Ayni paytda o‘zbek tilidagi qariyb 600 ga yaqin audiokitob, 400 ga yaqin spektakl mavjud, — deydi Mirali Gʻiyosov. — Qolaversa, yangi nashr etilayotgan kitoblar ham bor. Ularni ovozlashtirish, platformani kontent bilan to‘ldirish uchun xolis hamkorlar va ijtimoiy vazifalarni zimmasiga oluvchi biznes v akillari, davlat tashkilotlari ko‘magiga muhtojmiz. Chunki platformani kontent bilan muntazam to‘ldirib borish va ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning har doim hamma bilan teng axborot olish imkoniyatiga ega bo‘lishiga erishish — eng katta maqsadimiz.
Onlayn kutubxona o‘ziga xos dizaynga ega. Bu dizaynda uchta asosiy element bor: kutubxonaning o‘zi, kitob javoni va profil sozlanmalari. Onlayn kutubxona to‘rt asosiy bo‘limga bo‘linadi. Bular: kitoblar, mualliflar, suxandon va janrlar.
— Istalgan muallifni tanlash imkoniyati yaratilgan, — deydi loyiha koordinatori Abdulaziz Salimov. — Uning asarlari to‘lig‘icha chiqib keladi. Janrni tanlab, unga tegishli barcha kitob bilan tanishish mumkin. Keyingi imkoniyat javon bo‘lib, undan juda ko‘p kitob joy olgan. Foydalanuvchi uchun har safar o‘zi istagan kitobni qidirib topish murakkab bo‘lishi mumkin. Ilovada “Kitob javoni” degan funksiya bor. Bu o‘zimiz eshitayotgan, ko‘p murojaat qilayotgan kitoblarni mana shu javonga qo‘yish imkoniyatini beradi. Xohlagan paytimiz shu kitoblarga qaytishimiz mumkin.
Bugun yurtimizda ko‘rish imkoniyati cheklanganlarning hayot sifatini yaxshilash, har bir jabhada imkoniyat yaratish, qolaversa, ta’lim, umuman, ijtimoiy sohada qo‘llab-quvvatlash uchun turli loyihalar taqdim etilmoqda. “Kitob Plus” ana shunday ajoyib loyihalardan biri bo‘ldi. Yangi platforma ko‘rish imkoniyati cheklanganlarga qulaylik yaratish barobarida bilim olish huquqini ham ta’minlaydi.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri