Yil yakunida xulosa qilar ekanmiz, pandemiya koʻplab mamlakatlar tibbiyoti va iqtisodiyotini qiyin vaziyatga olib kelganligini aytish mumkin.
Kuni kecha oʻtkazilgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga murojaatnomasida ham, “hozirgi vaqtda dunyoning boshqa mintaqalarida kuzatilayotgan «pandemiyaning navbatdagi toʻlqini” va u bilan bogʻliq xavf-xatarlar hammamizni yana-da hushyor va ogoh boʻlishga undayotganligini, shu bois, mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, pandemiya davrida orttirgan tajribamiz hamda xorijdagi ilgʻor yutuqlardan foydalanib, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga koʻtarishimiz zarur» ekanligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Darhaqiqat, aynan malakali shifokorlarimizning saʼy-harakatlari va davlat rahbarining oʻz vaqtida qabul qilgan qarorlari hamda tibbiyotni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor tufayli maxsus qiyinchiliklarsiz, katta ijtimoiy-iqtisodiy yoʻqotishlarga duch kelmasdan pandemiya davrini nisbatan barqarorlashtirishga erishildi.
Shuningdek, endilikda jamiyatimiz sogʻliqni saqlash va tibbiyot sohasida raqamli uskunalardan foydalanishga, oʻz salomatlik holatini mustaqil kuzatishga, maʼlumotlarni shifokorga tushuntirishga, sogʻliqni toʻgʻridan-toʻgʻri aniqlovchi qurilmalarga koʻproq ishonishni boshladilar.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotini (JSST) taʼkidlashicha “pandemiya raqamli sogʻliqni saqlash texnologiyalariga misli koʻrilmagan talabni keltirib chiqardi” va Accenture kompaniyasi ekspertlari “pandemiya nafaqat MedTech sanoati uchun sinov boʻlib, balki uni yangi fikrlash va yangi ish prinsiplar asosida ishlashiga xizmat qiladi”[2] deb aytib oʻtishdi. Bu yil tibbiyot boʻyicha konsultatsiyalar hajmining oʻsishiga xizmat qildi. Sunʼiy intellekt yordamida tibbiy diagnostika qilish toʻgʻrisida optimistik fikr bildiruvchilar soni 8 foizga oshdi.
Ayniqsa, pandemiya bemorlar va shifokorlar oʻrtasidagi psixologik toʻsiqlarni yengib oʻtishda sezilarli rolni oʻynadi.
Umuman olganda, har bir insonga salomatlikdan koʻra muhim, sogʻliqdan koʻra koʻproq eʼtibor berilishi lozim boʻlgan narsaning oʻzi yoʻq. Shuning uchun insonlar kasalliklardan saqlanish, salomatlikni asrash va mustahkamlash uchun kuch-gʻayrat, mablagʻ va vaqtni ayashmaydi.
2021-yil sogʻliqni saqlash sohasidan qanday oʻzgarishlarni kutishimiz mumkin?
Davlat rahbari tomonidan 2021-yil uchun yana bir muhim yoʻnalish sifatida belgilangan tibbiyot sohasida quyidagi ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratilishi maʼlum qilindi:
Birinchidan, kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish eng muhim vazifalarimizdan biri boʻlishi. Bu ishlar uchun 2021-yil davlat byudjetida 3 trillion soʻm zaxira shakllantirilishi. Ushbu mablagʻlar hisobidan, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari amalga oshirilishi;
Sanitariya-epidemiologiya xizmati sifatini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etishga 200 million dollar yoʻnaltirilishi;
Pandemiya saboqlaridan kelib chiqqan holda, tibbiyot sohasini raqamlashtirish koʻlamini yana-da kengaytirish. Jumladan, barcha tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni koʻpaytirish, poliklinika va kasalxonalarni elektron ish yuritishga oʻtkazish choralarini koʻrish;
Shuningdek, respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari va ularning filiallari oʻrtasida telemeditsina yoʻlga qoʻyilib, diagnostika va davolash uchun joylardagi imkoniyatlar yana-da kengaytirilishi.
Ikkinchidan, ona va bola sogʻligʻiga jamiyatga, kelajakka eʼtibor sifatida qarash. Shu maqsadda, keyingi yildan boshlab, 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatilishi;
Bu jarayon bilan 2021-yilda 11 million nafar, 2022-yilda 17 million nafar aholi qamrab olinishi va bu ishlarga 100 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi;
Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul taʼminlash orqali aholi oʻrtasida kamqonlikni 25 foizga kamaytirish.
Uchinchidan, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish zarurligi.
Bu borada birlamchi boʻgʻinda umumiy amaliyot shifokori oʻrniga oilaviy shifokor va unga 5 ta yordamchi-hamshiradan iborat tibbiy brigadalar tashkil qilinishi.
Har bir mahallada, eng avvalo, 5 yoshgacha bolalar, shuningdek, tugʻish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi boʻlganlar, qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi boʻlgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimini joriy etish.
Shuningdek, tibbiy xizmatlar koʻrsatishda birlamchi boʻgʻin qamrovini kengaytirish maqsadida kelgusi 3 yilda 315 ta oilaviy shifokor punkti va 85 ta oilaviy poliklinika ishga tushirilishi.
Bundan tashqari, “qishloq shifokori” dasturi doirasida olis hududlarda ish boshlaydigan mingdan ortiq vrachlarga 30 million soʻmdan yordam puli berilishi hamda ular xizmat uylari bilan taʼminlanishi.
Olis va chekka hududlarda birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatish va ehtiyojmand aholi uchun skrining tadbirlariga xususiy shifoxonalar ham jalb qilinib, ularga subsidiya ajratilishi.
Shuningdek, oʻrta boʻgʻin tibbiyot xodimlariga “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shugʻullanish uchun ruxsat beriladi.
Toʻrtinchidan, kelgusi yilda onko-gematologiya sohasi hamda davolash qiyin boʻlgan kasalliklar boʻyicha murakkab diagnostika va tibbiy amaliyotlar uchun byudjetdan 250 milliard soʻm ajratiladi.
Beshinchidan, jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish orqali aholi salomatligini taʼminlash maqsadida kelgusi yilda 70 ta jismoniy tarbiya va sport muassasasi, 16 mingta bogʻcha va maktablarni sport jihozlari bilan taʼminlashga 100 milliard soʻm ajratilishi.
Shuningdek, barcha tuman markazlari va shaharlarda piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etilishi.
Oltinchidan, xalqimizning madaniy-maʼrifiy hayotini yuksaltirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish kabi ustuvor vazifalar belgilab oʻtildi.
Bir soʻz bilan aytganda, kelgusi yilda sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish tubdan isloh qilish boʻyicha qator amaliy tadbirlarni kutib qolamiz. Shubhasiz, sohadagi islohotlar, yangilanishlar xalqning davlatga ishonchi, yoshlarning kelajakka umidini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Anvar Rahmatov,
Toshkent davlat yuridik universiteti Intellektual mulk huquqi kafedrasi oʻqituvchisi