Ajdodlar tajribasi – yoshlar maktabi: Namanganda “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi

    Jamiyatimizdagi barcha sohalarda tarix, bugun va kelajakni oʻzida mujassam etgan “Uch avlod uchrashuvlari” maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarini oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylandi.

    Bunday uchrashuvlarning ahamiyatli jihati shundaki, muloqotlarda ishtirok etgan yoshlar keksa avlod vakillaridan hayotiy tajriba oʻrganishsa, bugungi soha fidoyilaridan amaliy koʻnikma va tavsiyalarga ega boʻlishadi. Bu esa ertamiz egalarining istiqbolida gʻoyat muhim.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-yillik bayrami munosabati bilan Namangan viloyati sudi tomonidan oʻtkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” ham kechagi, bugungi va ertangi avlod vakillarini birlashtirdi.

    Umrini el-yurt xizmatiga baxshida etgan insonlarning xotirasi abadiy, qadri muqaddas. Ular garchi oramizda boʻlmasalar ham bosib oʻtgan umr yoʻllari, qoldirgan ezgu amallari koʻplar uchun ibrat maktabidir. Shu maʼnoda tadbir avvalida turli yillarda sud idoralarida faoliyat olib borgan marhum sudyalar xotirlandi. Ular xotirasiga bagʻishlangan videorolik namoyish etilib, oʻtganlar yodga olindi.

    Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda dastlab Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboyevning “Poklanish pallasi” nomli kitobi taqdimoti oʻtkazildi. Mazkur kitob, uning mazmun-mohiyati haqida viloyat sudi sudyasi Davlatmirza Kamilov soʻz yuritib, asarda sudyaning qonun talablariga rioya etishi, kasbiy masʼuliyat mezonlari, maʼnaviy yuksalishga boʻlgan intilishi, har bir ishni oqibatini oʻylashi lozimligi, halol va pok boʻlishiga oid fikrlar jamlanganini taʼkidlab oʻtdi.

    Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi Ikromxon Najmiddinov, viloyat sudi raisi Alisher Usmanov soʻzga chiqib, sud faxriysi U. Mingboyevning shonli hayot yoʻli, ibratli faoliyati haqida soʻzlab berdilar. Ustozning boy tajribasi barcha sudyalar uchun ibrat maktabi ekanligini alohida taʼkidladilar.

    Ustoz Ubaydulla Mingboyev ishtirokchilar bilan samimiy muloqot qilar ekan, sudya oʻz xatti-harakatlari bilan boshqalarga oʻrnak boʻlishi, shu orqali fuqarolarda sudga, sudyaga nisbatan hurmat hissini uygʻota olishi lozimligini alohida taʼkidladilar. Shundan soʻng “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist”, sud faxriysi Ubaydulla Mingboyevning dastxatlari tushirilgan “Poklanish pallasi” kitobi faxriy mehmonlarga topshirildi.

    Ustozlarni eʼzozlab, ularga hurmat koʻrsatish ezgu va xayrli ish. Shu maʼnoda tadbirda Oʻzbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi, “Oʻzbekistondan xizmat koʻrsatgan yurist”, sud faxriysi Ubaydulla Mingboyevga Namangan viloyati hokimligi hamda “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimining tashakkurnomasi topshirildi.

    Uch avlod vakillarini birlashtirgan tadbir samimiy, ochiq muloqotlar tarzida oʻtdi. Koʻp yillar sud, prokuratura, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda faoliyat olib borgan, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriylar soʻzga chiqib, bosib oʻtgan hayot yoʻllari, boy tajribalari haqida yoshlarga soʻzlab berdilar. Faoliyatlari davomida roʻy bergan esda qolarli va ibratli voqealarni esga oldilar.

    Suhbat va muloqotlarda mamlakatimizda inson omiliga yuksak eʼtibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sud-huquq tizimida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani va bu sudlarni chinakam “Adolat qoʻrgʻoni”ga aylanishi, fuqarolar huquq va manfaatlari, qonun ustuvorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi. Tadbir bugungi kunda sud idoralarida faoliyat olib borayotgan yoshlar va ertangi istiqbolini ayni sohada koʻrishni istayotgan talabalarning savollari, fikr-mulohazalari bilan yanada qizgʻin oʻtdi.

    Eʼtibor va eʼzoz har bir xodimni faol va tashabbuskor boʻlishga, oʻz ishiga yanada masʼuliyat bilan yondashishga undaydi. Shu nuqtai-nazardan uchrashuvda viloyat sudlarida koʻp yillar faoliyat olib borgan faxriylar, bugungi kunda odil sudlovni amalga oshirishga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan sudyalar va tizim xodimlaridan bir guruhi Namangan viloyati hokimi, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi, adliya boshqarmasi hamda viloyat kasaba uyushmalari birlashmasining faxriy yorliq va sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

    Tadbirda shuningdek, viloyat sudlari tarixiga bagʻishlab yozilgan “Moziyga bir nazar...” nomli kitob-albom taqdimoti ham oʻtkazildi. Kitob muallifi, manbashunos-jurnalist Rahimjon Irisov mazkur solnoma haqida gapirib, unda keltirilgan tarixiy manbalar va shaxslarning sud tizimidagi oʻrni va ahamiyatiga alohida toʻxtaldi.

    Hayotning baland-pastini, achchiq-chuchugini koʻrgan keksalarning har biri oʻzi bir dorilfunun. Ularning tajribasiga, yoʻl-yoʻrigʻiga suyangan odam hech qachon qoqilmaydi. Viloyat sudi tomonidan oʻtkazilgan “Uch avlod uchrashuvi”da ham yoshlar ana shunday koʻpni koʻrgan insonlar bilan muloqotda boʻlib, hayotiy tajribalaridan ibrat oldilar.

    Bahodir Moʻminov,

    Namangan viloyati sudi matbuot kotibi