Aktam HAITOV: maqsad — xalqimizning bugungidan-da farovon va baxtli yashashini taʼminlash

    Davlatlarning tashqi qarzi atrofida koʻp bahslar yuradi, turlicha fikrlar uchraydi. Gap shu haqda ketganida, avvalo, aytish mumkinki, tashqi qarzni qaysidir maʼnoda davlatga boʻlgan “ishonch krediti”, deb ham tushunsa boʻladi. Zero, qarz yoki investitsiya hamma davlatga ham berilavermasligi kundek ravshan.

    Oʻzbekistonning tashqi qarzi va uning tarkibi boʻyicha rasmiy maʼlumotlar eʼlon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda, internet sahifalarida ayrim fuqarolar tomonidan vaziyatni toʻgʻri baholamasdan turib, tanqidiy fikrlar bildirila boshlandi. Aslida bu ham ijobiy holat. Chunki yangilanayotgan Oʻzbekistonda har qanday sohada ochiqlik, shaffoflik alohida mezon sifatida belgilangan. Lekin davlat va xalq manfaatlari bilan bogʻliq masalalarda munosabat bildirish yoki xabar tarqatishdan oldin masalani atroflicha tahlil qilib, keyin fikr aytilsa toʻgʻri boʻladi.

    Davlat tashqi qarzini muhtojlik tufayli olingan oddiy qarz maʼnosida tushunmaslik kerak. Tashqi qarz aslida maqsadli kreditlar, sarmoyalar va boshqa mablagʻlarning mamlakat iqtisodiyotiga kirib kelishini bildiradi. Xalqimizning farovon hayotini va barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlash uchun, avvalo, infratuzilmani rivojlantirish talab etiladi. Aholining yashashi, ishlab chiqarish hamda tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun zarur boʻlgan energetika, suv taʼminoti, transport va kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish uchun katta mikdordagi sarmoyalar talab etiladi.

    Ichki imkoniyatlar cheklangan holatda davlat tashqi qarzi, asosan, infratuzilma, sanoat va qishloq xoʻjaligi loyihalariga yoʻnaltirilmoqda. Tushunib olishimiz kerakki, birinchidan, Oʻzbekistonning hozirgi kundagi tashqi qarzi miqdori juda past darajada, deb hisoblanadi. Ikkinchidan, tashqi qarz xavotirga tushiradigan sabab emas. Agar bu qarz notoʻgʻri sarflansa yoki shaffof boʻlmagan jarayonlar orqali oʻzlashtirilsa, ana shundagina xavotir oʻrinli va asosli boʻladi.

    Keyingi yillarda Prezidentimiz rahbarligida xalqimiz turmushi farovonligi yoʻlida juda katta maqsad va vazifalarni amalga oshirishga kirishdik. Investitsiyalarni barqaror jalb etish ham ana shu muhim vazifalar sirasiga kiradi. Bilamiz, investitsiya oʻz-oʻzidan kirib kelmaydi. Buning uchun mamlakatda infratuzilmani rivojlantirish zarur.

    Shu maʼnoda, qarz olib, uni aql, ilmga asoslanib, aniq hisob-kitoblar bilan sarflab, keyinchalik bosqichma-bosqich qaytarish juda toʻgʻri yoʻldir. Pirovard maqsad bitta — xalqimizning bugungidan-da farovon va baxtli yashashini taʼminlash. Oʻzbekistonning biznes yuritish hamda investitsiya kiritish uchun eng jozibador mamlakatlar qatoridan oʻrin olishini taʼminlash ham oldimizda turgan eng muhim vazifadir. Zero, jahonning rivojlangan davlatlari tajribasiga qaraydigan boʻlsak ham mazkur amaliyot oʻzini toʻla oqlagan.

    Taʼkidlash lozimki, ayni paytda Oʻzbekistonning tashqi qarz olishi masalasi muhim. Chunki jalb qilinayotgan davlat tashqi qarzlari energetika, transport va transport infratuzilmasi, qishloq xoʻjaligi, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, kimyo, taʼlim hamda sogʻliqni saqlash singari muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga yoʻnaltiriladi. Agar chetdan mablagʻ jalb etilmasa, islohotlarni davlat byudjetidan amalga oshirishga toʻgʻri keladi.

    Shu nuqtayi nazardan, tashqi qarzni, birinchi navbatda, davlat dasturlarini va davlat zimmasidagi ijtimoiy vazifalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, tashqi qarzdan maqsadli hamda samarali foydalanishda shaffoflik taʼminlash, bu boradagi axborotlar keng jamoatchilikka maʼlum qilinishini ham ijobiy qadam sifatida baholash zarur.

    Umuman olganda, tashqi qarzlarni nufuzli xalqaro moliya tashkilotlarining mamlakatimizga boʻlgan ishonchi, deb baholashimiz joiz. Takror boʻlsa-da taʼkidlash oʻrinliki, qarz har qanday davlatga ham berilavermaydi. Avvalo, qarz oluvchining ishonchliligi, iqtisodiy imkoniyatlari va istiqbollari obdon oʻrganiladi. Mavjud tahlillar, mamlakatimizning ichki resurs hamda imkoniyatlarini, qolaversa, yangi islohotlar samarasidan kelib chiqib, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, davlat tashqi qarzi borasida tushkunlikka yoki xavotirga tushishga hech qanday asos yoʻq. Jarayon aniq tahlil va hisob-kitoblarga tayangan holda olib borilyapti.

    Aktam HAITOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

    Spikeri oʻrinbosari