Anjumanda Oʻzbekiston elchisi Bahodir Abdullayev, IHT Madaniyat instituti raisi Sarvar Baxti, Eron parlamenti deputati, Fors tili va adabiyoti akademiyasi va “Saʼdiy” xalqaro jamgʻarmasi prezidenti Gʻulom Huseyn Hadod Odil, Eronda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillari hamda Oʻzbekiston, Eron, Afgʻoniston, Tojikiston va mintaqamizning boshqa davlatlaridan yetakchi navoiyshunos olim va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Anjumanda Oʻzbekistonda Alisher Navoiyning ilmiy va adabiy merosini saqlash va uni keng targʻibot qilish borasida dalatimiz rahbari rahnamoligida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarga yuksak baho berildi. Ushbu amallar nafaqat Oʻzbekiston, balki IHT mintaqasi mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.

Tadbirda Alisher Navoiy ijodiy merosini oʻrganish boʻyicha taniqli tadqiqotchi, koʻplab maqola va kitoblar muallifi, “Doʻstlik” ordeni sohibi Muhammadzade Huseyn Siddiq bilan hamkorlikda Navoiyning “Qirq hadis” asariga bagʻishlangan kitobning taqdimoti oʻtkazildi.

Konferensiya ishtirokchilari Alisher Navoiyning boy merosiga oid fikr-mulohazalarini izhor qildi.

Sarvar Baxti, IHT Madaniyat instituti raisi:

- Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi butun mintaqaning umumiy yutugʻidir. Navoiy nafaqat oʻzbek, balki fors tilida ham koʻplab asarlarning mualifidir. U Navoiy taxallusi ostida oʻzbek tilida ijod qilgan boʻlsa, uning forsiy tildagi ijodi Foniy taxallusi bilan tanilgan.

Osiyo renessans davrining ilgʻor mutafakkiri sanalgan Navoiyning jahon adabiyotiga qoʻshgan hissasi madaniyatlarning oʻzaro taʼsirining yorqin namunasidir.

Navoiy butun hayotini turkiy tilning ravnaqi uchun bagʻishladi va bu borada ulkan yutuqlarga erishdi. Uning turkiy tildagi noyob yozuv uslubi oʻz davrida nafaqat temuriylar saltanatida, balki Qashqardan tortib to Tabriz va Istanbulgacha judda katta hurmat va ehtiromga ega boʻlgan.

Buyuk shoirning asarlari ham jahon miqyosida juda keng tarqalgan. Uning asarlari fors, italyan, nemis, fransuz, hind, turk, ingliz, rus, ozarbayjon, turkman va boshqa tillarga tarjima qilinib, qayta-qayta nashr etilmoqda.

Gʻulom Huseyn Hadod Odil, Eron parlamenti deputati, Fors tili va adabiyoti akademiyasi va “Saʼdiy” xalqaro jamgʻarmasi prezidenti:

- Men Alisher Navoiy kabi buyuk madaniyat elchilari tushunchasi toʻgʻrisida oʻz fikrlarim bilan boʻlishmoqchiman.

Madaniyat elchilari jismonan mavjud boʻlmasligi mumkin, yaʼni ular oʻtgan asrlarda yashagan boʻlishi mumkin.

Ammo ularning ruhi, fikrlari, xotiralari va asarlari xalqlarning ongida qoladi. Navoiy Oʻzbekiston, Eron, Afgʻoniston, Tojikiston va mintaqamizning boshqa xalqlari oʻrtasidagi madaniyat elchisi hisoblanadi va ular tomonidan ardoqlanadi.

Buyuk shoir turkiy va forsiy tillarda soʻzlashuvchi xalqlar oʻrtasida madaniy aloqalarni oʻzining ushbu tillardagi turli gʻazal, sheʼr va asarlari orqali mustahkamlashga va rivojlantirishga muvaffaq boʻlgan.

Shuning uchun, Alisher Navoiyni abadiyatga yoʻgʻrilgan millatlararo madaniyat elchisi desam, hech mubolagʻa boʻlmaydi.

Alisher Navoiyning boy ijodiy meʼrosini chuqur oʻrganish va uni qayta nashr etish hamda mutaffakirning ilmiy hayoti va ijodini oʻrganish boʻyicha markazlarni butun mintaqamiz boʻylab ochish mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik rishtalarini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi, deb oʻylaman.

Bahodir Abdullayev, Oʻzbekistonning Erondagi elchisi:

- Buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat oʻzbek xalqi, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadi.

Ulugʻ shoir oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, oʻzbek tilining beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egalladi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, uning oʻlmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targʻib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, shoir tugʻilgan qutlugʻ 9-fevral sanasini har yili adabiyot va maʼrifat bayrami sifatida yuksak darajada nishonlash anʼanasi qaror topdi. Ulugʻ soʻz sanʼatkorining asarlari muntazam nashr etilib, navoiyshunoslik sohasida koʻplab tadqiqotlar olib borilmoqda, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar oʻtkazilmoqda.

Shu bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani, mamlakatimiz hamda qator xorijiy davlatlarda Navoiyning haykallari oʻrnatilgani, asarlar toʻplami toʻliq nashrdan chiqarilgani, poytaxtimiz markazidagi ulugʻ bobomizning muazzam meʼmoriy yodgorligiga mutanosib ravishda Adiblar xiyoboni barpo etilgani madaniy hayotimizdagi ulkan voqealarga aylandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etildi.

Bundan tashqari, buyuk shoir va mutafakkir ijodiy merosini chuqur oʻrganish va ommalashtirishga ulkan hissa qoʻshgan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolarini hamda ilmiy-ijodiy muassasalarini taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordenini ham taʼsis etildi.

Muhammadzade Huseyn Siddiq, navoiyshunos olim, professor

- Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat oʻzbek, balki jahon adabiyoti taraqqiyoti tarixida alohida ahamiyatga egadir.

Sanʼat va mafkura nuqtayi nazaridan Alisher Navoiy butun dunyo madaniyatiga oʻz hissasini qoʻshgan boʻlsa, til nuqtayi nazaridan turkiy xalqlar madaniyatiga ulkan xazina taqdim etdi. Shuning uchun ham Navoiy tili, yaʼni oʻzbek adabiy tili, hozirgi kunda ham jahon tilshunoslarining va ilmiy tadqiqotchilarining diqqat markazida boʻlib kelmoqda, jumladan mening ham.

Navoiy oʻzbek adabiy tilining ajralmas boʻlagi boʻlgan oʻzbek atamashunosligining shakllanishi hamda taraqqiy etishiga katta xizmat qilgan shaxslarning sardoridir. Uning asarlarini tahlili shuni koʻrsatadiki, bugungi oʻzbek terminologiyasi, xususan, kitobatchilik terminologiyasi shakllanishini oʻrganishda asosiy manba sifatida xizmat qilmoqda.