O'zbekiston "Surajkund Mela" festivalida ishtirok etmoqda

    Xaryana shtatining Faridobod shahrida Oʻzbekiston hamkor mamlakat maqomida ishtirok etayotgan “Surajkund Mela” xalqaro hunarmandchilik festivalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

    Marosimda Hindiston Prezidenti Ram Nath Kovind, Xaryana va Himachal-Pradesh shtatlari bosh vazirlari, diplomatik korpus, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda 40 mamlakat delegatsiyalari ishtirok etdi.

    Tadbir ochilishi festivalning asosiy koʻchasi boʻylab tantanali yurish bilan boshlanib, unda Hindistonning turli hududlari va ishtirokchi mamlakatlardan kelgan musiqachilar va folklor ansambllar oʻz sanʼatini namoyon qildi. Ular orasida Samarqand, Xorazm va Buxoro raqs jamoalari ham bor edi.

    Hindiston Prezidenti Ram Nath Kovind festival qatnashchilari huzurida soʻzga chiqdi, va, jumladan, “Surajkund Mela” festivali Oʻzbekistonning boy madaniyati va anʼanaviy sanʼati bilan yana-da yaqinroq tanishish uchun yaxshi imkoniyat taqdim etganini taʼkidladi.

    “Hindiston va Oʻzbekiston sermahsul madaniy va diplomatik aloqalarga ega. Mamlakatlarimiz chegaradosh boʻlmasa-da, koʻngillarimiz bir-biriga juda yaqin. Madaniyat va sanʼat sohasidagi yaqin hamkorlik odamlarni birlashtiradi, doʻstlik tuygʻularini mustahkamlaydi”, - dedi hind siyosatchisi.

    Hindiston Prezidenti Oʻzbekiston pavilyonida boʻlib, mamlakatimiz hunarmandchilik va amaliy sanʼati ekspozitsiyasi bilan tanishdi, hunarmandlar bilan suhbatlashdi.

    Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Tvitteridagi sahifasida festivaldan olingan fotosuratlarni joylashtirib, Oʻzbekistonni yirik hunarmandchilik festivalidagi ishtiroki bilan olqishladi. “Bugun Hindiston Prezidenti Ram Nath Kovind tomonidan ochilgan “Surajkund Mela” festivalida Oʻzbekistonni hamkor mamlakat sifatida qabul qilganimizdan baxtiyormiz. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Hindiston va Oʻzbekistonni bir-biriga yaqinlashtirishga qaratilgan tashabbuslari uchun samimiy minnatdorchilik izhor qilaman”, - deb yozgan Hindiston hukumati rahbari.

    - 2019-yil sentyabr oyida Qoʻqon xalqaro hunarmandchilik festivalida ishtirok etib, Oʻzbekiston Prezidentining hunarmandchilikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan katta eʼtiboriga guvoh boʻldik, - deydi Xaryana shtati turizm vazirining oʻrinbosari Vijay Vardxan. - Bu esa Osiyoda eng yirik festival hisoblanadigan “Surajkund Mela-2020”ga Oʻzbekistonni hamkor mamlakat sifatida taklif qilishimizga sabab boʻldi.

    Ochilish marosimida Hindistonning qator yuqori martabali rasmiylari ham soʻzga chiqib, Oʻzbekistonning hamkor mamlakat sifatidagi ishtiroki va ikki mamlakat oʻrtasida faol rivojlanib borayotgan madaniy aloqalarning muhimligini qayd etdi.

    Oʻzbekistonning Hindistondagi elchisi Hindiston rahbariyatiga Oʻzbekistonni “Surajkund Mela” festivalida ishtirok etishga taklif etgani hamda Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan mehmondoʻstlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

    “Oʻzbekistonning festival hamkor davlati sifatida ishtirok etishi ramziy maʼnoga ega, chunki oʻtgan yili mamlakatimiz Qoʻqonda xalq amaliy sanʼati xalqaro festivalini dunyoga taqdim etdi. Hunarmandchilikni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish vositasida madaniy hamkorlik uchun yangi koʻpriklar yaratamiz, yosh avlodning bu yoʻnalishdagi intilishlariga yordam beramiz va xalqlarimiz betakror merosi namunalarini namoyish etamiz”, - dedi dipmissiya rahbari.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibiga “Hunarmand” uyushmasi vakillari, amaliy sanʼat ustalari, yurtimizning barcha hududlaridan kelgan dizayner va zargarlar, Samarqand, Buxoro va Xorazmdan kelgan musiqachilar, xalq ansambllari va oshpazlardan iborat 100 ga yaqin kishi kiritilgan.

    Festivalning birinchi kuni tadbirlarida 100 mingdan ortiq mehmon qatnashdi. Uning pavilyonlari 40 mamlakat, Hindistonning barcha shtatlari hamda tarixiy, madaniy va sayyohlik hududlarini ifodalagan. Anjuman 16-fevralgacha davom etadi. Unga 1,5 million kishi tashrif buyurishi kutilmoqda.