Moʻysafid tarix sahifalarida dunyoning turfa qiyofalari bitiklarini oʻqish mumkin. Qadim asrlardan buyon uning shaklu shamoyili necha bor oʻzgargan ekan?! Lekin bugungiday tahlikalar, jiddiy sinovlar qarshisida mardona turish, bunda milliy davlatchilik, oʻzlikni saqlab qolish, tinchlik-osoyishtalikni, xalq farovonligini taʼminlash nihoyatda mushkul vazifa boʻlib qolmoqda.
Quvonarlisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ana shu gʻoyat murakkab va buyuk vazifa mohirona uddalanmoqda. “Yangi Oʻzbekiston ruhi”ni oʻzida jo etgan bu tarixiy oʻzgarishlar har bir yurtdoshimiz shuuriga koʻtarinkilik kayfiyatini singdirib kelayotgani ham ayni haqiqat.
Bugun bunday qutlugʻ evrilishlar solnomasi bizni 2024-yilda erishilgan yutuqlarimizning katta tahliliga chorlab turibdi. Zero, nimagaki erishgan, xalqimiz hayotida qanday yaxshi oʻzgarishlar qilgan boʻlsak, uni birov chetdan kelib, oʻrinlab bergani yoʻq. Ularning bariga oʻz qudratimiz, birligimiz, hamjihatligimiz, fidoyi mehnatlarimiz evaziga erishdik.
Ha, bu natijalarga erishish uchun davlatimiz rahbari boshchiligida yil boʻyi tinimsiz mehnat qilinganini yaxshi bilamiz. Shuning uchun “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati 2024-yilda xalqimiz turmushi farovonligiga xizmat qilgan islohotlarni birma-bir yoritib borishni va bu yoʻnalishdagi maqolalarni “2024-YIL: islohotlar sarhisobi” degan ruknda birlashtirishni maqsad qildi.
Shunday qilib, bu turkumdagi birinchi maqola Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yetakchiligida “Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” degan konstitutsiyaviy tamoyil asosida aholini kambagʻallikdan chiqarish va ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilgan jozibador saʼy-harakatlarning yangi bosqichga qadam qoʻygani haqidadir.
Tashabbuskor davlat
Mamlakatlarni rivojlangan, rivojlanayotgan yoki qoloq davlatlar safiga boʻlish mumkin. Bu mezonlar oʻz yoʻliga, ammo keyingi yillarda boshqa bir sifat paydo boʻldiki, u insonlarning oʻz ona yurtidagi taqdiri bilan bogʻliq.
Demak, siyosiy mojarolar, qurolli toʻqnashuvlar, urush girdobida yashayotgan, ertangi kuni nima bilan tugashi mavhum boʻlib qolayotgan, qorni toʻyib ovqat yemayotgan, farzandlari taʼlimdan bebahra, kelajagi qorongʻi mamlakatlar bir tomon, butun dunyodan uzilib, yakka-yolgʻiz kun koʻrish yoʻlini tanlagan, zamonaviy taraqqiyotdan xoli davlatlar oʻzi bilan oʻzi boshqa tomon, tinchliksevar olamga keng ochilib, barcha qitʼalarni oʻzaro bogʻliqlikda, hamjihatlikda rivojlanishga, siyosiy ahillikka chorlab kelayotgan mamlakatlar esa alohida kamyob tomondir.
Yaratganga behad shukrki, yangi Oʻzbekiston ana shu uchinchi safga kiradi, nafaqat shunday, balki bu maqomda tashabbuskor davlat sifatida oʻzining mustahkam pozitsiyasiga ega.
Albatta, bu balandparvoz gaplar emas. Asoslangan va eʼtiroflarga toʻla fikrlar.
Birinchidan, Oʻzbekiston dunyoga boricha ochildi. Oʻtgan asrdan buyon yelkamizda ogʻir yuk boʻlib kelayotgan tashvishli muammolar tan olindi. Va eng muhimi, ularga birin-ketin yechim topilib, vaziyat butunlay oʻnglandi.
Masalan, mamlakatda kambagʻallik darajasi ochiqlandi. Paxta siyosati bilan bogʻliq asriy qarashlar oʻzgartirildi, majburiy mehnatga barham berildi. Oʻzimizning tadbirkorlar, chet ellik investorlar uchun adolatli, huquqiy asosi mustahkam muhit yaratildi.
Ikkinchidan, qoʻshni davlatlar bilan “muzlagan” aloqalar qayta tiklandi, chegaralar ochildi. Oʻzbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan doʻstona munosabatlarga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Uchinchidan, mamlakatda ilk bor iqtisodiy oʻsish dinamikasi maʼnaviyatga eʼtibor qaratish darajasiga yetdi.
Toʻrtinchidan, aholini ijtimoiy himoya bilan qamrab olish harakatlari boshlandi.
Beshinchidan, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqaro ahamiyatga ega oʻta dolzarb tashabbuslarni ilgari sura boshladi va ularni xalqaro hamjamiyat ham qizgʻin qoʻllab-quvvatlamoqda.
Buni oʻtgan davrda Oʻzbekistonning tashabbuslari asosida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 11 ta rezolyutsiya qabul qilingani misolida ham koʻrishimiz mumkin.
Ijtimoiy adolat faktorlari
Mana shu besh muhim asos milliy jamiyatimizning yangi qiyofasini yaratishga zamin boʻldi. Uning bugungi qiyofasi tahlilini bir maqolada keng qamrov bilan ochib berish imkoni yoʻq.
Biz yangi Oʻzbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish va kambagʻallikni qisqartirish siyosati haqida gaplashish istagida edik. Poyoniga yetib borayotgan yilda bu yoʻnalishlarda juda katta tarixiy islohotlar amalga oshirildi.
Ularni atroflicha, mazmun-mohiyatini keng tafakkur qilish uchun, avvalo, “Ijtimoiy davlat” tamoyili zamiridagi oʻzak maqsadlarni anglab olishimiz kerak boʻladi.
Sodda qilib aytganda, ijtimoiy davlatda xalq xohish-irodasiga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Bunda fuqarolar davlat uchun emas, aksincha, davlat xalq uchun xizmat qila boshlaydi.
Xoʻp, shunday boʻlsa, jamiyatda nimalar oʻzgaradi? Buni 2024-yilda erishilgan natijalar misolida tahlil qilamiz.
1. Toʻrtta tuman tajribasi
Biz uzoq yillar boqimandalik kayfiyatida yashashga oʻrganib qolgan edik. Boisi, mamlakatdagi, atrofimizdagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy muhitning oʻzi shunday edi.
Bunday sharoitda odamlarga davlatning ishonchi, oʻz navbatida, odamlarning ham davlatga, islohotlarga ishonchi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatlar chuqur oʻylangan holda, agar xohish-iroda boʻlsa, har bir inson yaxshi yashashi mumkinligi hayotiy namunalar misolida koʻrsatib berildi.
Xususan, 2024-yilda Uychi, Sayxunobod, Zarbdor va Gʻijduvon tajribalari yurtdoshlarimiz hayotida katta oʻzgarishlarni boshlab berdi.
Mazkur tumanlar tajribasi doirasida yil boshidan buyon 3 million 300 ming aholi doimiy daromadga ega boʻldi. Rasman ish bilan band boʻlgan aholi soni esa ilk bor 10 million 500 mingga yetdi.
Shu oʻrinda bir muhim jihatga eʼtibor qaratishimiz kerak boʻladi: 4 ta tuman tajribasi xalqimizga nima berdi? Avvalo, ilm bilan mehnat qilish koʻnikmasini.
Yaʼni atrof-muhit, jiddiy iqlim oʻzgarishlari kuzatilayotgan bir sharoitda tabiat bilan uygʻunlikda tomorqadan unumli foydalanish tajribasi shakllandi. Shuningdek, ishlab chiqarish mahsuldorligini oshirish imkonini berdi. Bunda tadbirkorlik madaniyatidan tortib, ilgʻor fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, bozor talablari asosida marrani baland olish koʻnikmalari yanada takomillashmoqda.
Endi anʼanaga koʻra, bir raqam sharhiga oʻrin bersak. Biz 4 ta tuman tajribasi doirasida 2024-yilning oʻzida 3 million 300 ming aholi doimiy daromadga ega boʻlgani haqida aytdik. Bundan kelib chiqadiki, aholi oʻrtasida tomorqachilik, tadbirkorlik koʻnikmalari shakllanib boryapti. Qovun qovundan rang oladi, degan gap bejiz aytilmagan. Ertaga 3 milliondan ziyod aholi yoniga yana shuncha yurtdoshimiz qoʻshiladi va bu harakat mamlakat miqyosida qoʻr oladi.
Shunga asoslanib aytish mumkinki, aslida, bizning yurtda kambagʻallikning oʻzi boʻlishi mumkin emas. Chunki Oʻzbekiston aholisi eng koʻp shaxsiy tomorqasiga ega davlatlar qatorida turadi. Har bir oilaga tadbirkorlik, dehqonchilik uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotgan, qoʻllab-quvvatlanayotgan bir paytda tomorqada mehnat qilgan odam kambagʻal boʻlmasligini mehnatkash, uddaburon xalqimiz yaxshi biladi.
2. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ishga tushdi
Hayot insoniyatga berilgan katta sinov va jiddiy masʼuliyat. Sinov shuki, bu dunyoda har birimiz insoniy feʼl-atvorimizni tarbiya qilib, ezgu amallar ijrochisi boʻlishimiz joiz. Masʼuliyat esa hayot davomiyligi bilan daxldor burchlarimiz jamlanmasi. Shulardan biri oʻzimiz va farzandlarimiz kelajagi uchun masʼuliyat bilan yondashishdir.
Prezidentimizning 2024-yil 23-sentyabrdagi “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi farmoni aynan shu masʼuliyatimizni toʻlaqonli ado etish uchun muhim dasturulamal, katta imkoniyat boʻldi.
Gap shundaki, ushbu farmon bilan mamlakatimizda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ishga tushdi. Dastur 2024-yil 1-noyabrdan boshlab “Kambagʻal oilalar uchun yettita imkoniyat va masʼuliyat” tamoyili asosida ijroga yoʻnaltirildi.
Agar bu imkoniyat va masʼuliyatlarni xalqchil tilda sharhlaydigan boʻlsak, koʻz oldimizda shunday manzara paydo boʻladi.
Endi mahallalarda tadbirkorlik muhiti rivojlantirilib, pirovardida barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishiladi.
Buning uchun mahallalarga yetakchi tadbirkorlarni jalb qilish, tomorqadan unumli foydalanishni yoʻlga qoʻyish, har bir tuman va shaharda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beruvchi “drayver” loyihalarni amalga oshirish, qoʻshimcha 50 ming gektar ekin maydonlarini kambagʻal oilalarga ijaraga topshirish, ularga kichik ishlab chiqarish uskunalari, koʻchma doʻkon, motoroller, skuter kabi vositalarni boʻlib toʻlash sharti bilan berish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.
Kambagʻal oilalar farzandlari taʼlim olishi va kasb-hunar oʻrganishiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratiladi.
Ularning kamida bitta farzandini xorijiy tillarga, kasb-hunarga yoki mutaxassislikka oʻqitish, bitta farzandi, xususan, qiz farzandining oliy maʼlumotga ega boʻlishi uchun sharoit yaratish maqsad qilingan.
Kambagʻal oilalarning har bir aʼzosi bir yilda bir marta toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Bunda ularning oʻz sogʻligʻi uchun masʼuliyatini oshirishi, farzandlari sport toʻgaraklariga qatnashishi uchun imkoniyatlar yaratish, oilaning tibbiy xizmatlarga oʻz hisobidan sarflaydigan xarajatlarini ikki barobar qisqartirish koʻzda tutilgan.
Ijtimoiy xizmatlardan foydalanish koʻlami oshiriladi.
Shu maqsadda oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi omillarni bartaraf etish, xususan, oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga kunduzgi qatnov asosida qarab turish, bolalarni tarbiyalash va kunduzgi parvarishlash xizmatlari yoʻlga qoʻyilmoqda.
Umuman, oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, davlat organlari xodimlari bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish, rahbarlarni kambagʻal oilalarga biriktirish, ularning muammolarini birgalikda yechishga koʻmaklashish kabi hayotbaxsh tizim yangi Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat sifatida xalqimizni rozi qilish yoʻlidagi katta siyosatini ifodalaydi.
3. Mehrning ijtimoiy portreti
Biz maqolamizning shu qismiga qadar koʻproq kambagʻallikni tugatish chora-tadbirlari haqida soʻz yuritdik. Boisi, kambagʻallik va ijtimoiy himoya bir-biriga bogʻliq oqibatlardir.
Aslida, 2024-yil mamlakatimiz hayotida kambagʻallikni tugatish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi chora-tadbirlarga huquqiy, maʼnaviy va iqtisodiy poydevor qoʻyilgan yil sifatida tarixda qolmoqda.
Yuqorida yangi Oʻzbekistonni ezgu tashabbuslar mamlakati, deya taʼriflab, uning asoslaridan biri sifatida aholini ijtimoiy himoya qilish harakatlari boshlanganini bejiz taʼkidlamagan edik. Mamlakat qachon oʻz fuqarolarining bugungi va ertangi hayoti uchun qaygʻuradi. Qachonki, bu yurtda barqaror rivojlanish bosqichiga oʻtilsa, islohotlar uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan boʻlsa.
Prezidentimizning 2023-yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi, shuningdek, tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilgani joriy yilda aholini ijtimoiy himoya qilish borasida yangi bosqichga oʻtishga mustahkam huquqiy asos boʻldi.
Bu tizim minglab oilalarga hayotbaxsh koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Ayniqsa, mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani juda katta yutuqlarimizdan biri boʻldi.
Misol uchun, “Inson” markazlari ochilishi bilan mahallalarda 102 ta ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, shu yil reyestrda boʻlmagan 95 ming muhtoj odamga yordam koʻrsatdi. 51 ming nafar odamga nogironlik belgilandi, 26 ming nafari protez oldi. Yotib qolgan 4 ming yolgʻiz keksa aniqlanib, ularga uyining oʻzida parvarish tashkil etildi. Nogironligi bor 5 ming nafar bola bogʻcha-maktabga joylashdi. Pirovardida bunday manzilli ishlar tufayli xalq qabulxonalari va hokimliklarga ijtimoiy xizmat va yordam boʻyicha murojaatlar 35 foiz kamaydi.
Uch oy oldin viloyatlar va tumanlardagi 14 ming rahbar 75 ming kambagʻal oilaga biriktirilib, ular bilan individual ishlash yoʻlga qoʻyildi. Natijada bu oilalardagi 17 ming odam doimiy ishga joylashtirildi, tadbirkorlik va tomorqa orqali 14 ming aholining daromadi oshirildi. 30 ming bola bogʻcha, toʻgarak va kasbga oʻqitish bilan qamrab olindi, 45 ming muhtoj aholiga tibbiy yordam koʻrsatildi.
Bu raqamlarning har birida katta ijtimoiy yuk bor. Jamiyatimiz yangi qiyofasi shakllanishining eng taʼsirchan asosi bu raqamlar.
Men bir imkoniyati cheklangan inson taqdiriga guvoh boʻlganman. U taqdir taqozosi bilan yurolmay, toʻshakka mixlanib qolgan keksa kishi edi. Olis viloyat markazidagi koʻp qavatli uylardan birida yashardi. Oʻzining aytishicha, oʻn-oʻn besh yilcha koʻchaga chiqmagan, hayotni derazadan kuzatib yashagan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy iqtidori bilan xalq va davlat idoralari oʻrtasida muloqot mexanizmi yoʻlga qoʻyilgach, bir guruh mutasaddilar uning uyiga qadam ranjida qilib, nogironlik aravachasi sovgʻa qilgani va u ilk bor hovliga chiqib, hayotni chanqoq havas bilan tomosha qilgani hech koʻz oldimdan ketmaydi. Kambagʻal, mehrga va yordamga muhtoj oilaning ijtimoiy portreti haqida gap ketsa, hamon shu manzara xotiramda jonlanaveradi...
Aytmoqchimizki, aholini ijtimoiy himoya tizimi bilan atroflicha qamrab olish, ayniqsa, bugungi tahlikali davrda har qanday davlatning ham qoʻlidan kelavermaydi. Buning uchun yuqorida ham aytganimizdek, barqaror taraqqiyotga erishganlik, kelajakka ishonch siyosati mustahkam boʻlishi kerak boʻladi.
Hammamiz masʼulmiz
Bugun kambagʻallikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish mavzusida soʻz yurityapmiz. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunday ijtimoiy-iqtisodiy qudratli siyosat chuqur va atroflicha oʻylangani bilan boshqa davlatlar tajribasidan farq qiladi.
Qaysi jihatlari bilan?
Davlatimiz rahbari kambagʻallikni qisqartirishda, avvalo, uni keltirib chiqaruvchi omillarga eʼtibor qaratmoqda.
Birinchidan, kambagʻallikning bosh aybdori — bilimsizlik, hunar egallamaslikdir.
Shu bois, Prezidentimiz ota-onalar, mahalla faollari, nuroniylar oldiga farzandlarda bolalikdan boshlab kitobxonlikka mehr uygʻotish, ularni xorijiy tillar, kasb-hunar va sanʼatga oʻrgatish, ayoli va qizining oʻqishi va ishlashi uchun sharoit yaratish — muhim hayotiy vazifa, degan qarashni singdirish vazifasini qoʻydi.
Ikkinchidan, odamlar, ayniqsa, yoshlarimiz oʻz oldiga katta maqsadlar qoʻyib, bu maqsadlarga halol mehnat, doimiy izlanish va shijoat orqali erishishga intilib yashashni kundalik hayot tarziga aylantirmoqda.
Uchinchidan, tomorqaga ekin ekish, uy-joyida shinam va fayzli muhit yaratish, tozalikni saqlash, toʻgʻri ovqatlanish, piyoda yurish, zararli odatlardan voz kechish boʻyicha faol targʻibot va tashviqot olib borilyapti.
Toʻrtinchidan, oila va mahallaning tinchligi, farovonligi uchun kuyinish, oʻzaro ahillik, hamjihatlikni taʼminlash, hayotimizdagi oʻzgarish va yangilanishlarga daxldorlik hissini kuchaytirish boʻyicha muntazam taʼsirchan ish olib borilmoqda.
Boshqa tajribalardan farqli hayotiy shu kabi jihatlar bizning ertangi kunimizni belgilovchi muhim omillardir. Xulosa oʻrnida esa bitta muhim gapni esga olmoqchimiz.
“2025-yil bandlikni taʼminlash va kambagʻallikni kamaytirishda eng muhim va hal qiluvchi yil boʻladi”, dedi davlatimiz rahbari joriy yil 16-dekabr kuni banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini taʼminlash va daromadli qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida.
Demak, oldinda bizni yanada muhim va dolzarb vazifalar kutib turibdi. Eng avvalo, bu maqsadlarga erishish uchun mamlakatimizda mustahkam asoslar yaratilgan. Ularning eng muhimlari — kambagʻallikni kamaytirish va aholini ijtimoiy himoya qilish tizimidagi katta islohotlarni esa imkon qadar tahlil qildik.
Salim DONIYOROV