“Yashil” taraqqiyot yangi Oʻzbekistonni tashabbuslar va kelajak mamlakati sifatida namoyon etmoqda

    Fikr 17 Dekabr 2024 282

    Joriy yil 13-dekabr kuni yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarini qurishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Shu kuni dunyodagi eng yirik “yashil” energetika ishlab chiqaruvchilar, investorlar, kelajak loyihachilari Toshkentda jam boʻldi.

    Oʻtgan yili dekabrda 5 ta quyosh va bitta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. Oradan bir yil oʻtib, umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod yana 24 ta loyiha tayyorlandi. 13-dekabr kuni esa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ramziy dastakni bosib, 18 ta majmuaning faoliyati va 6 ta loyihaning qurilishini boshlab berdi.

    Bu loyihalar Oʻzbekistonning ishonchli hamkorlari boʻlgan “Masdar”, “ACWA Power”, “Aksa Enerji”, Xitoy va Germaniyaning nufuzli kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Eʼtiborlisi, bunday loyihalarning barchasi toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalardir.

    Ushbu 24 ta loyiha orqali kelgusi yillarda qoʻshimcha 9,5 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi. Eng muhimi, 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan taʼminlanadi. Bu esa, oʻz navbatida, iqtisodiyotning boshqa sohalarida 4 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratishga turtki beradi.

    Erishilgan bu yutuqlar va qayd etilgan raqamlar zamirida katta hayotiy maqsadlar, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rivojlanishning kelajakka qaratilgan quvvatlari bor. Raqamlar faqat qogʻozdagina “jim turishi” mumkin. Ularning oddiy odamlar hayotidagi “soʻzi”ni chuqur tahlil qilib koʻradigan boʻlsak, oʻtgan sakkiz yil davomida hali koʻpchiligimiz teran tushunib yetmayotgan tarixiy ishlar bajarilgani, kelajak uchun juda muhim poydevor yaratilayotgani guvohi boʻlamiz.

    Ularning anglamlari hayotimizda qanday ifoda topadi?

    BIRINCHI ANGLAM: noldan yaratilgan tizim yoxud qatʼiy siyosiy iroda orqali butun dunyoni islohotlarimiz qudratiga ishontira oldik.

    Agar bundan bor-yoʻgʻi oʻn yillar oldin “Yaqin orada Oʻzbekistonda «yashil” energetika quvvatlari taraqqiyotni harakatga keltiruvchi asosiy manbaga aylanadi», deyishsa, oʻzimiz ham ishonmagan boʻlardik. Ertak ayt­yapti deb oʻylardik.

    Toleni qarangki, bugun yangi Oʻzbekistonda “yashil” taraqqiyot ogʻushida yashayapmiz.

    Tahlikali davrda mamlakat miqyosida yangi tizimga asos solish, nafaqat asos solish, uni keng koʻlamda rivojlantirish oson ish emas. Shuningdek, hayotimiz zamonaviy texnologiyalar asosida jadallashayotgan bir davrda dunyodan eʼtirof eshitish ham har kimga nasib qilavermaydigan yutuqdir.

    Shu maʼnoda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning nuktadonlik bilan ish koʻrib, oʻtgan qisqa muddatda mamlakatda “yashil” energetika tizimiga noldan asos solgani bugun barchamiz uchun quvonchli hodisa boʻlibgina qolmay, bizning kuch-qudratimiz, birlashsak, katta ishlarga qodir ekanimiz dalili hamdir.

    Ochigʻini aytish kerak, davlatimiz rahbari mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya sohasini rivojlantirish borasidagi tashabbuslarni, amaliy harakatlarni boshlab berganida, avvaliga koʻpchilik bu ishni hozirgidek darajada uddalashimizga ishonmagan edi.

    Shunga qaramay, ruhimiz tushmadi, shashtimiz soʻnmadi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha juda katta maqsad va vazifalar belgilanib, amaliy ishlar boshlab yuborildi. Prezidentimiz bu boradagi harakatlarni bir soʻz bilan juda maʼnoli izohlaydi: “Yaratganning oʻzi ato etgan bunday imkoniyatlarni xalqimiz manfaatlariga yoʻnaltirishning ahamiyati katta”.

    Bu yoʻlda bizni qoʻllab-quvvatlovchilar ham koʻp boʻldi. Ular bugun ham davlatimiz rahbarining tashabbuslarini, ezgu maqsadlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida biz bilan birga harakat qilmoqda.

    “Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston shunchaki bugungi kun bilan yashaydigan davlat emas. Uning Prezidenti esa kelajakni oʻylaydigan, kelajak avlodlar uchun mustahkam poydevor qoʻyadigan, butun dunyoga uzoqni koʻra olish qobiliyatini namoyon etayotgan yetakchidir”, dedi oʻtgan haftada Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al-Ramahiy.

    Bu dunyoda hamma narsaning, shu jumladan, harakatlarning ham oʻz nomi bor. Kimgadir muhtoj holida koʻmaklashsak, uni yaxshilik deb ataymiz. Yurtni himoya qilish, el nomusi uchun kurashish haqiqiy vatanparvarlik, deya sifatlanadi. Oilaga, mahallaga gʻamxoʻrlik insoniy burch deyiladi.

    Millat saodati, milliy davlatchilik rivoji uchun qaygʻurish, bugungi kun va ertangi kelajak uchun mustahkam poydevor yaratishning sifati qanday boʻladi?

    “Masdar”ning bosh ijrochi direktori haq gapni aytdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tom maʼnoda, bugun va kelajak yetakchisidir. Shu maʼnoda, haqli ravishda davlatimiz rahbarining bu ezgu saʼy-harakatlarini MILLIY QAHRAMONLIK sifatida qadrlasak, adolatdan boʻladi.

    IKKINCHI ANGLAM: bu vaqtincha emas!

    Biz Buyuk Amir Temur bobomizning “Saltanat toʻnini kiygach, tanimdan halovat ketdi”, degan taʼsirchan soʻzlari magʻzini keyingi yillarda anglab yetyapmiz. Bunda davlatchilik ishiga, el-yurt xizmatiga bel bogʻlagan inson amal qilishi zarur boʻlgan oliy mezon nazarda tutilganini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev siymosida koʻryapmiz, hayotimizdagi oʻzgarishlar misolida sezyapmiz, ruhlanyapmiz.

    Baʼzan bir inson taqdiri koʻz oʻngimizda oʻzgarib ketadi. Oniy bir ehtiyotsizlik kishini bir umrga ojiz qilib qoʻyishi mumkin. Yoki aksincha, bir jiddiy intilish bilan inson farovonlik sari yuzlanadi.

    Demak, hayot harakatdan iborat, degan gap toʻgʻri. Shu oʻrinda jamiyatdagi muhitni oʻzgartirish, odamlarni harakatga chorlash va ularni munosib yashash baxtiga erishtirishdek kuchli iroda oldida hamisha katta maqsadlar turishini anglab yetishimiz zarur boʻladi.

    Davlatimiz rahbari bu yoʻlda bizga hamisha oʻrnak boʻlib kelyapti. Boshlagan islohotlarimiz ortga qaytmasligini koʻp bor taʼkidlaydi. Ortga yoʻl yoʻq.

    Nega mamlakatimizda boshlangan katta-katta ishlarga baʼzan ishonchsizlik paydo boʻladi? Boisi, biz uzoq yillar tashabbus koʻrsatmadik, harakatsizlik iskanjasida yashab keldik, yangi gʻoyalarni amalga oshirmadik. Gʻoya taraqqiyot ekanidan koʻz yumdik.

    Lekin endi bunday emas. Oʻtgan qisqa fursat — atigi sakkiz yilda Oʻzbekiston haqiqiy TASHABBUSLAR MAMLAKATIga aylandi. Koʻz oʻngimizda shunday darajaga erishdik.

    Bu nimadan dalolat beradi? Xalqimiz qonida quyuqlashgan gendagi kodlar uygʻonyapti. Uygʻonish hodisasi oʻz-oʻzidan sodir boʻlmaydi, albatta. Unga turtki, boshqacha aytganda, odamlar ongi va qalbiga “qoʻngʻiroq effekti”ni singdirish zarur boʻladi.

    Inson tabiatan juda murakkab xarakterga ega. U doim oʻzi koʻrgan va guvohi boʻlgan, tanida his qilgan voqea-hodisalardan xulosalanadi. Yangi Oʻzbekistonda jamiyatimizning yangi qiyofasini yaratish borasida qilingan ishlar ham xuddi shunday — odamlarda yaxshi yashashga boʻlgan intilish xulosasini shakllantira oldi.

    Shu bois, biz boshlagan yirik ishlarimizni oxirigacha muvaffaqiyatli yetkaza olyapmiz. Keling eslaymiz, valyutani erkinlashtirish siyosati boshlanganida koʻpchilik bizga ishonmagandi, bank plastik kartalaridagi pulni bankomatlar orqali bemalol naqdlashtirishga oʻtganimizda ham uch-toʻrt kunlik amaliyot deb oʻyladik. Mamlakatda erkin harakatlanish, Toshkent propiskasi bilan bogʻliq azoblar barham topishi esa hali-hamon tushdek tuyulaveradi. Bir umr Oʻzbekistonda yashab, lekin fuqarolik berilmagan yurtdoshlarimiz bugun mamlakatimiz fuqarosi ekanidan baxtiyorligini hech toʻxtovsiz aytib yuribdi.

    “Yashil” energetika tizimida bugungi erishilgan yutuqlarimizni ham bundan toʻrt-besh yil avval tasavvur qila olmasdik. Ammo har bir ishni qatʼiy iroda, fidoyilik va azmu shijoat bilan qilsak, qanday natijalarga erishish mumkinligini oʻtgan haftadagi tadbirlar misolida koʻrdik. Xorijlik nufuzli mehmonlar eʼtiroflarida bizga va olib borilayotgan islohotlarimizga boʻlgan ishonchning yaqqol ifodasiga amin boʻldik.

    Ulardan biri — Xitoyning “Sʼhina national technical” kompaniyasi prezidenti Li Xu shunday dedi: “Davlatingiz rahbarining olib borayotgan siyosati, mavjud qonun-qoidalar va aholining tadbirkorlikka boʻlgan ochiqligini alohida taʼkidlash kerak. Ayniqsa, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston biznes uchun yanada yaxshi manzilga aylanib bormoqda”.

    UCHINCHI ANGLAM: kelajak loyihalari — milliy davlatchiligimiz faxriga aylanadi.

    Maqolamiz avvalida bir qator raqamlarni keltirib, ularning hayotdagi “soʻzi” gʻoyat taʼsirli ekani haqida aytgan edik. Endi shu fikrimizni ayrim faktlar bilan izohlashga harakat qilamiz.

    Eʼtibor bering, joriy yil 13-dekabr kuni ishga tushirilgan va qurilishi boshlangan jami 24 ta loyiha tufayli 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan taʼminlanadi.

    Buning natijasida:

    birinchidan, agar har bir xonadonda oʻrtacha uch-toʻrt kishi yashashini hisobga olsak, taxminan 15 milliondan ziyod yurtdoshimiz hayotida jiddiy oʻzgarishlar roʻy beradi. Yaʼni ular barqaror rivojlanish bosqichiga oʻtadi. Aytaylik, xonadonida katta-kichik tadbirkorlik loyihalarini boshlaydi. Ishlab chiqarish quvvatlarini oshiradi;

    ikkinchidan, oʻsha 4 million xonadonda boshlangan tadbirkorlik harakati boshqa bittadan oilani qamrab olganda ham 8 million roʻzgʻorga baraka kiradi;

    uchinchidan, bunday harakatlar natijasida iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratishga turtki beradi.

    Bu byudjetimizga yirik miqdorda kirim paydo boʻladi, degani. Albatta, bu mablagʻ bizniki boʻladi. Ular hisobiga bogʻcha, maktab, tibbiyot muassasalari quriladi, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga uzluksiz va tizimli yordam koʻrsatiladi, kambagʻal oilalar farzandlari oliy oʻquv yurtlarida oʻqitiladi;

    toʻrtinchidan, 1 kambagʻal oiladan hech boʻlmaganda 1 nafar oliy maʼlumotli chiqsa, u oʻz oilasini boqishga qodir boʻladi. Shu tariqa jamiyatda kambagʻal oilalar soni qisqarib boradi.

    Buni hech ikkilanmasdan, kambagʻallikni tugatish boʻyicha «YANGI OʻZBEKISTON TAJRIBASI» sifatida eʼtirof etishimiz mumkin boʻladi;

    beshinchidan, Prezidentimiz bejiz toza energiyani rivojlantirish borasida qaygʻurmayapti. Boisi, dunyoda toza — “yashil” energiya asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga talab kun sayin kuchayib bormoqda.

    Biz bugun dunyo bozorlarini zabt etish harakatidamiz. Dunyo bozori esa sizdan soʻraydi: “Xoʻp yaxshi, menga chiroyli, sifatli kostyum-shim olib kelibsan, u qanday energiya yordamida tayyorlangan?”. Siz aytasiz: “Oddiy, ota-bobolarimiz foydalanib kelgan anʼanaviy elektr manbai bilan”. “Yoʻq”, deydi u, “menga tabiatga zarar keltirib ishlab chiqargan bu mahsuloting kerak emas”.

    Yevropaning qoq markaziga borib ayting: “Hoy doʻstlar, men tikkan mana bu kostyum-shim Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan. U bizda juda keng qoʻllanilayotgan «yashil” energiya quvvati yordamida tayyorlangan». Shunda ular sizning mahsulotingizni bajonidil qabul qiladi. Xalqimiz tili bilan aytganda, bozoringizni beradi.

    Mana shu birgina raqam sharhidan ham anglashiladiki, mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan “yashil” energetika loyihalari, haqiqiy maʼnoda bugunimiz va kelajagimiz uchun gʻoyat jozibador hamda milliy taraqqiyotimizning ertangi kunida hal qiluvchi ahamiyatga ega omillardan biridir.

    TOʻRTINCHI ANGLAM: taraqqiyot yoʻlida yurish emas, yugurish kerak!

    Tabiatda instinkt hodisalar koʻp. Masalan, biror xavf toʻsatdan yaqinlashganda koʻzimizni yumamiz, qornimiz ochsa, ovqat gʻamini yeymiz, qattiq qaygʻu yoki xursandchilikdan beixtiyor koʻzimizga yosh olamiz, hech kim oʻrgatmasa ham kulamiz, yigʻlaymiz va hokazo.

    Inson aqli bilan boshqariladigan tuygʻular ham kam emas. Aytaylik, oʻrni kelmaganda, bir soʻz aytishdan tiyilasiz, yaqinlaringizga mehringizni baʼzan oshkor bildirmaysiz. Biror manfaat koʻrmagan joyga boshqa bormaslikka harakat qilasiz...

    Shu tariqa tabiiy va aqliy instinktlar dunyoviy munosabatlarni tartibga solib turadi. Ammo insoniyat komilligi uchun bularning oʻzi kamlik qiladi, nazarimizda.

    Biz bugun XXI asrning birinchi choragini yashab oʻtyapmiz. Ikkinchi chorak, yaʼni bir yildan soʻng dunyoda vaziyat tubdan oʻzgarib ketishi ehtimoli katta.

    Bunda siyosiy manzara alohida mavzu. Lekin tahlilchilar fikricha, xalqaro miqyosdagi yirik investorlarning yangi davri boshlanadi. Ular endi koʻproq “yashil” iqtisodiyot sari talpinadi.

    Mana shu joyda mamlakatimizda “yashil” energetika, umuman, “yashil” taraqqiyotga nima uchun bu qadar muhim eʼtibor qaratilayotganining yana bir mohiyati ochiladi. Demak, yangi Oʻzbekiston nafaqat bugun, balki juda yaqin KELAJAK MAMLAKATI boʻlishga intilmoqda.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻtgan haftada yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarini qurishga bagʻishlangan tantanali marosimda “Bugungi tadbir yurtimiz energetika tarixida yangi sahifa ochadi. Ishga tushirilayotgan bu loyihalar orqali nafaqat iqtisodiy oʻsishga erishamiz, balki kelajak avlodlarimiz uchun yashil va barqaror Oʻzbekistonning mustaqil poydevorini yaratamiz”, deganida juda katta maqsadlarni nazarda tutganini har birimiz tahlil qilib koʻrishimiz kerak boʻladi.

    Albatta, bu jarayonni tahlil qilayotgan yirik investorlar ham bor. Ular allaqachon yangi Oʻzbekistondagi bugungi ishbilarmonlik muhiti qay oʻzanga burilayotganini anglab yetgan va buni keng doiralarda eʼtirof eta boshlagan.

    Birlashgan Arab Amirliklarining energetika va infratuzilma vaziri Suhayl bin Muhammad al-Mazruiy shunday dedi: «Janob Prezident, sizning uzoqni koʻra oladigan yetakchiligingiz tufayli Oʻzbekiston ulkan yutuqlarga erishib, innovatsion taraqqiyot yoʻlida dadil qadam tashlamoqda...

    Doktor Sulton janoblari bilan birgalikda 500 megavatt quvvatga ega Zarafshon shamol elektr stansiyasini ishga tushirayotganimizdan gʻoyat mamnunmiz. Bu Markaziy Osiyodagi eng yirik loyihalardan biri boʻlib, sizning energetika sohasidagi yetakchiligingizning jahon miqyosidagi yana bir ifodasi. Bunday murakkab loyihaning qisqa muddatdagi realizatsiyasi, soʻzingizga sodiqligingiz va kuchli irodaga ega lider ekaningizni yaqqol koʻrsatdi.

    Siz bilan yelkama-yelka ishlash men uchun ham sharaf, ham ulkan masʼuliyatdir. “Biz yurish emas, yugurishimiz kerak, ortda qolmaymiz”, degan soʻzlaringiz hamon qulogʻimizda jaranglab turadi. Shu bois, biz ham siz bilan birgalikda olgʻa intilish va yuqori marralarni zabt etishga tayyormiz. Biz nafaqat qayta tiklanuvchi energiya sohasida zamonaviy mamlakat qurish, balki qoʻshni davlatlar va Yevropa bozorlariga energiya eksport qilishdek buyuk maqsadlaringizni amalga oshirishda koʻmak berishga doim tayyormiz. Sizning kelajakni koʻra oladigan yetakchilik qobiliyatingiz biz uchun ilhom manbai boʻlib qolmoqda».

    Biz yuqorida insoniyat komilligi uchun tabiiy va aqliy instinktlarning oʻzi kamlik qilishi haqida bejiz aytmadik. Boisi, Prezidentimizning «Biz yurish emas, yugurishimiz kerak, ortda qolmaymiz», degan hayotiy chorlov mazmunidagi gapidagi tiriklik mohiyati oʻsha boʻshliqni toʻldiradi.

    Suhayl bin Muhammad al-Mazruiyning eʼtiroflari ham barchamizga faxr bagʻishlaydi. Oʻzbekiston ulkan yutuqlarga erishib, innovatsion taraqqiyot yoʻlida dadil qadam tashlamoqda, dedi u.

    Xalqaro miqyosdagi yirik investorlarning yangi davri haqida soʻz ketganda, yangi Oʻzbekiston — investitsiyalarni har tomonlama kafolatlaydigan, investorlarning barcha loyiha va tashabbuslarini toʻla qoʻllab-quvvatlaydigan, xorijiy hamkorlarimiz manfaatlarini himoya qiladigan dunyoga ochiq mamlakat ekanidan haqli ravishda faxrlanamiz va bundan keyin bu tamoyil yanada mustahkamlanib borishiga qatʼiy ishonamiz.

    Bir soʻz bilan aytganda, “yashil” energetika bilan farovon hayotimizni taʼminlashga erishamiz. Bu yoʻlda bizda barcha imkoniyatlar, sharoit va huquqiy asoslar bor. Oldimizda esa birgina vazifa: boshlagan yoʻlimizdan aslo ortga qaytmaslik, buyuk maqsadlarimiz sari hech ikkilanmasdan faqat va faqat olgʻa yurish. Shunda biz marrani yanada baland olamiz, katta-katta rejalarimizni amalga oshiraveramiz.

    Salim DONIYOROV,

    «Yangi Oʻzbekiston« va «Pravda Vostoka« gazetalari bosh muharriri