Amaldagi “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi qonun davr talabiga javob bermasligi, undagi koʻplab tushunchalarning maʼnosi bugungi kunda eskirgani sababli yangi qonun qabul qilindi.
Yangi qonunga 17 yangi tushuncha kiritildi. Jumladan, “temir yoʻl transporti” “umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti”, “vakolatli tashkilot”, “temir yoʻl transporti yoʻlovchisi”, “yuk”, “muhofaza zonasi” va boshqa tushunchalar alohida moddalarda oʻz aksini topib, ularga doir talablar belgilandi.
Bir-biriga nomuvofiq va havolaki normalar qayta koʻrib chiqildi. Xususan, “temir yoʻl transporti” tushunchasi qayta koʻrib chiqildi va yangi tahrirda bayon etildi. Bunda respublikaning temir yoʻl transporti belgilangan maqsadlar boʻyicha umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻl transportiga ajratildi.
“Temir yoʻl transporti infratuzilmasi” tushunchasi ushbu qonunda nazarda tutilgan turli xil obyektlarni oʻz ichiga oluvchi texnologik majmua sifatida ifoda etildi.
Qonunga “umumiy foydalanish temir yoʻl transporti infratuzilmasi operatori” degan yangi tushuncha kiritildi va operatorga qoʻyiladigan asosiy talablar qonunning alohida yangi moddasida bayon etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti faoliyatiga nisbatan amaldagi qonunda “tashuvchi” tushunchasi mavjud emas edi. Bu esa bartaraf etilishi kerak boʻlgan qonunchilikdagi boʻshliqdir. Shunga koʻra, qonun “Tashuvchining huquq va majburiyatlari” moddasi bilan toʻldirildi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida temir yoʻl transportida faoliyatni tartibga solish muammolarini sifatli hal qilishda yuqori darajadagi boshqaruvning roli va masʼuliyati oshib bormoqda.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati, bir tomondan, yoʻlovchilar va yuklarni tashishga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash boʻyicha davlatning asosiy vazifasi bilan bir qatorda, boshqa tomondan, xoʻjalik yurituvchi subyekt sifatida shartnomalarni bajarish, moliyaviy manfaatlar, mahsulotlar, ishlar va xizmatlarni sotishdan va aksiyadorlik jamiyatini saqlash va rivojlantirishga qaratilgan boshqa faoliyat turlaridan daromad olish boʻyicha majburiyatlarini oʻz zimmasiga olgan.
Shu munosabat bilan amaldagi qonunning 10-moddasi toʻliq qayta koʻrib chiqildi va bir nechta moddalarga ajratildi. Temir yoʻl transporti faoliyatini tashkil etish va boshqarish bilan shugʻullanuvchi organlar vazifalari aniq chegaralandi, vakolatlar (kompetensiyalar) belgilandi.
Ijro etuvchi hokimiyat organi sifatida Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari sifatida hokimliklar, davlat boshqaruvi organlari sifatida Transport vazirligi va Transport nazorati inspeksiyasi, umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti sohasidagi xoʻjalik boshqaruvi organi sifatida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati etib belgilandi.
Qonunga yangi moddalar ham kiritildi. Xususan, temir yoʻl transporti tashuvchisining yoʻqotishlari va zararlarini qoplash toʻgʻrisida (30-modda) meʼyorlar kiritildi. Chunki, amalda yoʻlovchilarni temir yoʻl transportida tashishdan koʻrilgan zararlar tashkilotga ortiqcha yuklatilgan boʻlib, Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanishi nazarda tutilmagan edi. Konstitutsiyaning 19-moddasini taʼminlash maqsadida alohida toifadagi yoʻlovchilarga temir yoʻl transportida yiliga bir marta bepul yurish huquqi belgilandi.
Amaldagi qonunda havolaki normalar, shuningdek, “normativ hujjatlar” soʻzlari ifodalangan moddalar mavjudligi, temir yoʻl transporti faoliyati nafaqat meʼyoriy texnik hujjatlar bilan, balki normativ-huquqiy hujjatlar bilan ham tartibga solinishi sababli, ushbu normalarning tahririga oʻzgartirish kiritildi.