Hozirgi kunda global miqyosda inson faoliyatining deyarli barcha sohalarida raqamli texnologiyalardan foydalanish tez sur'atlar bilan rivojlanib bormoqda. Qishloq xo'jaligi ham bundan mustasno emas. Shu bois mamlakatiizda ham so'nggi yillarda tarmoqda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga alohida ahamiyat berilyapti. Prezidentimizning mazkur yo'nalishga doir farmonlarida, Vazirlar Mahkamasining o'tgan yil 17 dekabrdagi “O'zbekiston Respublikasi agrosanoat majmui va qishloq xo'jaligida raqamlashtirish tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida tarmoqning ustuvor vazifalari o'z ifodasini topgan.
Tahlillarga qaraganda, qishloq xo'jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchi mavsum davomida (qisqa muddatlarda) 40 tadan ortiq turli echimlarni qabul qilishiga to'g'ri keladi. Uning aksariyati raqamlashtirish ob'ekti hisoblanib, bevosita ishlab chiqarish samaradorligiga ta'sir ko'rsatadi. Hisob-kitobga ko'ra, ekish, yetishtirish, saqlash va tashishda hosilning 33 foizi yo'qotilmoqda. Shunday bir sharoitda mavjud er, suv, moddiy-texnika va mehnat resurslaridan oqilona foydalanishni ta'minlovchi “smart” yoki “aqlli qishloq xo'jaligi” texnologiyalari muhim ahamiyat kasb etadi.
Sohaning texnik va texnologik bazasi esa, asosan agrosanoat majmuasining umumiy rivojlanishini belgilaydi. Bu chorvachilik va o'simliklarni yetishtirishni texnologik takomillashtirish, yer unumdorligini oshirish va qo'l mehnatini mexanizatsiyalashgan faoliyat bilan almashtirishda namoyon bo'ladi. Texnikalarining yetishmasligi fermerlarning imkoniyatlarini cheklaydi va mahsulot tannarxida mehnat sarfini oshiradi. Mavjud texnik vositalardan samarali foydalanish uning qoplanish muddatini qisqartiradi va innovatsion texnologiyalarni qo'llash bilan birga, takror ishlab chiqarish jarayonini tezlashtiradi.
Yaqinda Inspektsiyaning mutasaddi bo'limi va uning quyi bo'g'inlari tomonidan raqamli texnologiyalar qo'llangan holda, respublikadagi mavjud barcha qishloq xo'jaligi, melioratsiya va yo'l qurilish texnikalarining yagona elektron bazasi ishga tushirildi. Unda 295 ming donadan ziyod texnika, jumladan, 12 ming dona haydov, 49 mingdan ortiq chopiq, 71 mingga yaqin transport traktorlari, 5 ming 600 ta g'alla o'rish kombayni, mingdan ortiq zamonaviy yuqori unumli paxta terish mashinalari va boshqa texnikalar to'g'risidagi ma'lumotlar to'liq jamlangan. Natijada, avvallari ularning birontasi haqida axborot egasi bo'lish uchun barcha ro'yxatga olish daftarlari birma-bir ko'zdan kechirilib, bir necha kunlab vaqt sarflangan bo'lsa, endilikda buni elektron baza orqali bir necha daqiqada amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Ushbu baza Davlat xizmatlari agentligi va Majburiy ijro byurosi elektron xizmatlari bilan integratsiya qilingan. Bugungi kunda Davlat soliq inspektsiyasi, Adliya vazirligi va Markaziy bank g'aznachiligi bilan uyg'unlashtirish ishlari yakunlanish bosqichida turibdi.
Elektron hujjat aylanishining ta'minlanishi qog'oz shaklidagi so'rovlarni bartaraf etish, xat orqali murojaat etib, shu tariqa javob olishga sarflanadigan ortiqcha vaqt va qog'oz sarfining oldini olishga xizmat qilmoqda. Berilgan so'rovlarga o'sha vaqtning o'zidayoq elektron tarzda javob qaytarish imkoniyati yaratildi va bu inspektorlar ish samaradorligining keskin oshishiga olib keldi.
Bundan tashqari, texnikalarni ro'yxatga olish, hisobdan chiqarish, texnik ko'rikdan o'tkazish, traktorchi-mashinist guvohnomasini berishni on-layn nazorat qilish yo'lga qo'yildi. Sohani raqamli texnologiyalarga o'tkazish jarayonida inspektsiyaning tuman (shahar) bo'limlari 174 ta zamonaviy komp`yuter texnologiyalari jamlanmasi bilan ta'minlandi.
2020-yil 1-martdan boshlab respublika bo'yicha texnik pasport, texnik va traktorchi-mashinist guvohnomalarining yangi plastik shakldagi namunalari amalga kiritildi. Bu, o'z navbatida, texnikalarning aniq elektron hisobi yuritilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, hududlardagi bo'limlarimiz texnikalarni o'z joyida majburiy ko'rikdan o'tkazish uchun 9 turdagi diagnostika anjomlari va asbob-uskunalar bilan jihozlangan 14 ta maxsus transport vositasi bilan ta'minlandi. Bu ish davom etadi. Ushbu zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni o'rgatish va xodimlar malakasini oshirish maqsadida masofaviy o'qishlar tashkil etilgan.
Inspeksiyaning mazkur bo'limi mutaxassislari qishloq xo'jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga texnikalardan samarali foydalanish, servis xizmati ko'rsatish, ta'mirlash va saqlash bo'yicha o'quv-amaliy seminarlari o'tkazish orqali ham amaliy yordam berib kelyapti, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ham ko'rib borilyapti. Jumladan, joriy yil hosili uchun 1 million 80 ming gektardagi kuzgi shudgorlash ishlarida qatnashgan 5 ming 400 dan ortiq haydov traktorlari mavsumga o'z vaqtida va sifatli tayyorlanishi natijasida kuniga 4-6 foiz maydon shudgorlandi va agrotexnik tadbirlarning qisqa muddatlarda sifatli o'tkazilishiga erishildi.
Bahorgi dala ishlarida qatnashadigan texnikalar, jumladan 3000 ta, shundan 700 donasi lazer boshqaruvli yer tekislagichlar va 10 mingga yaqin chigit ekish seyalkalarining talab darajasida sozlanishi chigit ekish mavsumini qisqa muddatlarda o'tkazish imkonini beryapti.
Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xo'jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori tarmoqda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni rag'batlantirish mexanizmlarining samaradorligini oshirish, sug'oriladigan maydonlarni obihayot bilan barqaror ta'minlanishiga erishishni ko'zda tutadi. Jumladan, qarorda 2021-yilda sug'oriladigan 200 ming gektar maydonni lazerli uskuna yordamida tekislashni tashkil etish uchun mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan xudi shu turdagi agregatlarni sotib olgan agrosektor vakillariga mazkur texnika qiymatining
30 foizi Davlat byudjetidan qoplanishi belgilangan.
Bu fermerlarga juda qo'l keladi. Shu bois joylarda mutaxasislarimiz bu kabi imtiyoz va yangi texnologiyalarning imkoniyat, afzalliklari bo'yicha tushuntirish ishlarini olib borishga ham katta e'tibor qaratyapti. Chunki, yerlarning lazerli qurilmalar asosida tekislanishi suv sarfini 20-25 foizga tejaydi, undan foydalanish samaradorligini esa, 30-40 foizga oshiradi. Sug'orishga ketadigan vaqt, ishchi kuchi va energiya tejalishi barobarida ekinlar turiga qarab gektar boshiga qo'shimcha 5-10 sentner hosil olishga erishiladi.
Ayni paytda joriy yilda 1 million 038 ming gektar maydonda yetishtirilayotgan g'alla o'rim mavsumida qatnashishi rejalashtirilgan 3 ming 389 ta g'alla o'rish kombaynini sifatli va o'z muddatida tayyorlanishi yuzasidan amaliy yordamga asoslangan nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Tabiiyki, bu yumushlar belgilangan talab va mezonlarga binoan, mas'uliyat bilan amalga oshirishni taqozo etadi. Lekin aksincha ish tutilgan holatlarga ham duch kelinmoqda. Masalan, 2021-yilning yanvar-mart oylariida tarmoq inspektorlari tomonidan hududlarda o'tkazilgan 6464 ta tadbir natijasida jami 3617 ta, shundan 3427 ta qishloq xo'jaligi, melioratsiya va yo'l-qurilish texnikalarining texnik holati, 10 dan ortig'i ularga ko'rsatilgan ta'mirlash va servis xizmatlarining sifati, 179 tasi boshqa yo'nalishlar bo'yicha qonunbuzilishi holatlari aniqlandi. Ularning aksariyati jismoniy shaxslar tomonidan sodir etilgan bo'lib, 379 ta yozma ko'rsatma, 69 ta taqdimnoma kiritildi, 3150 ta holatda ma'muriy choralar qo'llanilib, 76 tasiga doir hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Mazkur jarayonlar ham elektron bazaga joylanib borilyapti.
Inspeksiyaning ish jarayonida axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, jumladan, manfaatdor idoralar bilan elektron axborot almashinuvining yo'lga qo'yilishi, hujjatlarning elektron shaklda rasmiylashtirilishi, albatta, fuqarolar va yuridik shaxslarning vaqti va mablag'lari tejalishiga , xodimlar ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muzaffar RASULOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish
inspeksiyasi boshlig'ining birinchi o'rinbosari