Uchrashuvda O‘zbekiston — AQSh hamkorligi xususida so‘z yuritilar ekan, sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar yurtimiz tibbiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Masalan, hozir Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu mamlakatning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) hamda boshqa nufuzli tashkilotlari bilan sil va o‘pka kasalliklarining oldini olish, tibbiyot muassasalarini maxsus uskunalar bilan jihozlash, gepatit B va S hamda boshqa yuqumli infeksiyalarga qarshi kurashish, sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini ta’minlash kabi qator yo‘nalishlarda yaqindan hamkorlik qilib kelyapti.
— O‘zbekiston va AQSh — strategik hamkorlar. Biz global miqyosda, shu jumladan yurtingizda tibbiyotni rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shib kelayotganimizdan xursandmiz. USAID tomonidan mamlakatingiz uchun ajratilayotgan grantlarning 40 foizi aynan sog‘liqni saqlash sohasidagi dasturlarga yo‘naltirilayotgani bu masalaga naqadar katta e’tibor qaratayotganimizdan dalolat beradi. Biz keyinchalik ham O‘zbekistonga qo‘ldan kelgancha yordam ko‘rsatishga tayyorligimizni bildiramiz, — dedi J.Xenik.
Suhbat chog‘ida qayd etilganidek, O‘zbekistonni nafaqat mahalliy aholi, balki qo‘shni mamlakatlardan fuqarolar kelib, sifatli tibbiy xizmatlardan foydalana oladigan mintaqaviy tibbiy xabga aylantirish tizim oldida turgan asosiy vazifalardan biridir. Bu maqsadga erishish uchun, eng avvalo, zamonaviy infratuzilma va yuqori malakali mutaxassislar zarur. Vazir vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov yurtimiz mazkur yo‘nalishda AQSh tajribasi va ko‘magidan foydalanishdan manfaatdorligini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida barcha yo‘nalishlarda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, kasalliklarni profilaktika qilish maqsadida birlamchi ambulator xizmatni rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ixtisoslashgan yuqori texnologik tibbiy yordamni takomillashtirish, raqamlashtirish va sug‘urta mexanizmlarini joriy etish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.