Asosiy eʼtibor rivojlanish strategiyasini amalga oshirishga qaratiladi

    Mamlakatimizda 13 May 2022 714

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” Davlat dasturining joriy yil 1-choragida ayrim bandlari ijrosi toʻgʻrisida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi. Muloqotda Vazirlikning masʼul boshqarmalari rahbar va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    2017-2021-yillar mamlakatimiz uchun muhim davr boʻlgani taʼkidlandi. 5 yil davomida iqtisodiyotni shakllantirish, global tashabbuslarni ilgari surish, oʻtkir ijtimoiy masalalarni hal qilish, eng yaxshi tajribaga tayanib, zamonaviy amaliyotlarni joriy etish, tarmoqlarni rivojlantirish va turmush darajasini oshirish boʻyicha faol saʼy-harakatlar amalga oshirildi. Ushbu muhim ustuvor yoʻnalishlar islohotlarning ikkinchi bosqichida ham dasturilamal sifatida qabul qilindi. 2022-yil yanvar oyida toʻliq yangilangan dasturiy hujjat, butunlay boshqa tendensiyalarga asoslangan “Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan rivojlanish strategiyasi” qabul qilindi. Hujjatda jahon tendensiyalarini hisobga olgan holda keng koʻlamlilik va samaradorlikka hamda ezgu shior — inson qadri va manfaatlarini qadrlashga ustuvorlik berilgan.

    Bu ustuvorliklarning barchasi “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirilishi uchun allaqachon turtki boʻlmoqda. Xususan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga davlat dasturining 42 ta bandi va kichik bandlarini bajarish, shu jumladan 16 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, Hukumat komissiyasining 3 ta bayonnomasini, 1ta kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, 22 ta kompleks tadbir va tashabbuslarni amalga oshirish yuklatilgan.

    Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga koʻra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Dasturning 8 bandi toʻliq amalga oshirildi. Xususan, bandlardan biri asosida Strategiyaning 22-maqsadi doirasida farmatsevtika sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirishni koʻzlab “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri negizida biotexnologik klaster tashkil etish yuzasidan qaror loyihasi ishlab chiqildi.

    Bundan tashqari, byudjet va korporativ buyurtmachilarni tarmoqlararo sanoat yarmarkalarida ishtirok etishga keng jalb qilish boʻyicha chora-tadbirlarini belgilab beruvchi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqildi. Ularning barchasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-martdagi “2022-yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida oʻz aksini topdi. Hujjatning maqsadi hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalari va respublika sanoat yarmarkasini yuqori darajada tashkil etish va oʻtkazishdan iborat.

    Shu bilan birga, geologiya-qidiruv ishlari hajmini tubdan oshirish, sohaga xususiy investorlar va ilgʻor xorijiy kompaniyalarni keng jalb qilish boʻyicha Strategiyaning 23-maqsadi doirasida Vazirlik tomonidan respublikada mavjud uglevodorod konlarida, shu jumladan “Oʻzbekneftgaz” AJga biriktirilgan obyektlarda geologiya-qidiruv ishlari va qazib olishga jalb qilish holati tahlil qilindi hamda investorlarga taklif etiladigan geologik obyektlar roʻyxati shakllantirildi va Vazirlar Mahkamasiga amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishi boʻyicha maʼlumotlar kiritildi.

    Dasturiy hujjatda, shuningdek, mamlakat investitsiyaviy muhitini yanada yaxshilash va jozibadorligini oshirish, kelgusi besh yil ichida 120 milliard dollar miqdorida investitsiyalar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish ustuvor yoʻnalish sifatida belgilab qoʻyilgan. Ushbu ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirish doirasida vazirlik koʻmagida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va monitoring qilish, hududlarning iqtisodiy salohiyati chuqur tahlil qilgan holda eksportni ragʻbatlantirish boʻyicha “tuman (shahar) — viloyat – respublika” tizimida ishlaydigan loyiha guruhlari faoliyatini tashkil etish boʻyicha hukumat komissiyasining 7-sonli bayonnomasi qabul qilindi.

    Qoʻshimcha kapitalni jalb qilish borasida joriy yil 24-26-mart kunlari Toshkentda oʻtkazilgan Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumini tilga olmaslik mumkin emas. Unda 2 000 dan ortiq ishtirokchilar, shu jumladan 56 mamlakatdan yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlar qatnashdi. Forum natijasida 7,8 milliard dollarlik aniq kelishilgan investitsiya shartnomalari imzolandi. Umumiy qiymati 3,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

    Rivojlanish Strategiyasining 28-maqsadida Respublikaning eksport salohiyatini yanada oshirish belgilangan. Hukumat komissiyasi har bir soha kesimida maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha tadbirlar rejalarini tasdiqladi. Eslatib oʻtamiz, 2026-yilda respublika eksporti hajmini 30 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bunga mahalliy ishlab chiqarishning raqobatbardosh mahsulotlarini chet elga yetkazib berishni kengaytirish va foydalanilmagan zaxiralarni ishga solish hisobiga erishiladi.

    36-maqsad hamda Dasturning 197.4-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi kelishuvga koʻra “Agroekspress” loyihasi doirasida “yashil koridor” tashkil etilgan va temir yoʻl transporti tariflariga 65 foizgacha imtiyozlar oʻrnatildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Matbuot anjumani yakunida savol-javoblar sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan maʼlumotlarga ega boʻldilar. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2022-yilda Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsadlarini va uni amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishga qaratilgan keng qamrovli ishlarni davom ettirishi taʼkidlandi.