Oʻzbekiston va Evropa davlatlari oʻrtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

    2024-yil 25-aprel kuni Yevropa-Oʻzbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Progressiv islohotlar markazi hamkorligida davra suhbati oʻtkazildi.

    Unda Oʻzbekiston va Yevropa davlatlari oʻrtasida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

    Davra suhbatida davlat tashkilotlari va idoralari, Yevropa davlatlari elchixonalari, aql markazlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, taʼlim va ilmiy muassasalari, tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etishdi.

    Tadbirda Oʻzbekistonning xususiy sektor, nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat idoralari vakillari oʻrtasida iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish boʻyicha ilgʻor tajribalarni oʻrganish, oʻzaro taʼlim dasturlarini oʻtkazish va ekologik barqarorlikni taʼminlash sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida tajriba almashish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish borasida fikr almashildi.

    Xususan, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov oʻz nutqida barqaror rivojlanish yoʻlida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurgan global ekologik muammolarga toʻxtalib, mintaqamizda havo haroratining oshishi jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravar koʻp ekanligi, «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasida respublikada ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, inson hayotiga taʼsir oʻtkazuvchi atrof-muhit muammolarini bartaraf etish, iqlim oʻzgarishining salbiy taʼsirlarini oldini olish kabi maqsadlarga alohida eʼtibor qaratilgani va hujjatda belgilangan vazifalar haqida batafsil maʼlumot berdi.

    «Ushbu yoʻnalishda «Yashil iqtisodiyot»ga oʻtish, uning asosi boʻlgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish koʻrsatkichlarini keskin oshirish, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 25 ming MVt hamda jami isteʼmoldagi ulushini 40 foizga yetkazish, sanoatda «yashil sertifikat»lar bozorini rivojlantirish va «ekologik markirovkalash» amaliyotini joriy qilish, shaharlarda jamoat transportini ekologik toza yoqilgʻiga oʻtkazish rejalashtirilgan», — dedi Eldor Tulyakov.

    Shuningdek, Strategiyaga koʻra respublikada ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, inson hayotiga taʼsir oʻtkazuvchi ekologik muammolarni bartaraf etish maqsad qilingan. Bunda, shaharlar bosh rejalarini tuzishda ular hududining kamida 30 foizini yashil maydonlar tashkil etishi, turar joy binolarini qurishda «yashil maydon»larni aholining soniga mutanosib boʻlishini taʼminlash dolzarb masalalardan biri ekanligini alohida qayd etdi.

    Muloqot jarayonida mazkur yoʻnalishda amaliyot va texnologiyalarni ragʻbatlantirish, ekologik taʼlim va aholining xabardorligini oshirish, yashil infratuzilma va mahalliy barqaror tashabbuslarga investitsiyalar jalb qilish kabi qator masalalar ham koʻrib chiqildi.

    Yakunda Yevropa ishbilarmon doiralari bilan 2024-yil va undan keyingi yillarga moʻljallangan hamkorlik va batafsil harakatlar rejasini, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda muhokama qilingan masalalarni hal etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishga kelishib olindi.