Taqdimot mamlakatimiz diplomatik missiyasi tomonidan Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi, Xalqaro TURKSOY tashkiloti, Turkiyaning Hoji Bayram Valiy universiteti bilan birgalikda tashkil etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston elchisi Alisher Aʼzamxoʻjayev, madaniyat vazirining maslahatchisi Shavkat Ortiqov, TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev va Hoji Bayram Valiy universiteti rektor oʻrinbosari Metin Oʻrbay va boshqalar soʻzga chiqishda.
Elchi Alisher Aʼzamxoʻjayev oʻz nutqida tadbirni tashkil etishda hissa qoʻshgan va “Osmon toʻla yulduzlar” kitobining turk tiliga tarjima qilishda bevosita ishtirok etgan olim va adabiyotshunoslarga chuqur minnatdorlik bildirdi. Gʻafur Gʻulom XX asrning eng qiyin davrida ijod qilgani, uning ijodida umuminsoniy gʻoyalar, insonparvarlik mavzulari muhim oʻrin tutgani, ayniqsa, adibning “Shum bola” qissasi adabiyot ixlosmandlarining alohida mehrini qozongani alohida qayd etildi.
Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” asari murgʻak bolaning koʻrgiliklarini ifoda etuvchi, xalqchilligi, jaydari va boy tili, samimiyati, iztirobga yoʻgʻrilgan mutoyibasi bilan ajralib turadi. Eʼtiborli jihati, yozuvchining “Shum bola” asari 2023-yilda eng yaxshi bolalar adabiyotining top-100 talik roʻyxatiga kiritilgan.
Anjuman doirasida Gʻafur Gʻulom hayoti va ijodi haqida suratga olingan qisqa metrajli film namoyish etildi. Shuningdek, ishtirokchilarga “Osmon toʻla yulduzlar” kitobi taqdim etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.