Koʻpchiligimiz AT (axborot texnologiyalari) deganda, bizga begona, uzoqdagi qoʻl yetmas sohani tushunamiz. Ammo yon-atrofimiz, qilayotgan ishlarimiz, kundalik turmushimiz shu soha bilan chambarchas bogʻlanib ketganini eʼtibordan chetda qoldiramiz. Bu sohani xalqimiz orasida targʻib qilish, maʼno-mazmunini tushuntirish ishlari bir oz oqsayotgandek, nazarimizda.
Toʻgʻri, bu borada bajarilayotgan amaliy ishlar eʼtirof etishga arziydi. Raqamli texnologiyalar vazirligi tashkil etilishi, har bir hududda faoliyat yuritayotgan IT parklar, bepul yoki arzon kurslar faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, grantlar va stipendiyalar ajratilayotgani, mutaxassislar bilan tinimsiz uchrashuvlar oʻtkazilishi sohadagi ishlarning qanchalik koʻlamdor ekanini koʻrsatadi.
Gap AT targʻiboti haqida ekan, bu boradagi saʼy-harakatlarimizning koʻrinishi haqida gapirib oʻtish joiz. Ushbu soha nima ekani va imkoniyatlari haqidagi umumiy mazmundagi tushuntirish ishlari muntazam olib boriladi. Uning masofaviy ish, yuqori daromad manbai va erkin ish vaqtiga moslashgani haqidagi targʻibotlarga ham koʻp guvoh boʻlamiz. Sohada muvaffaqiyat qozongan insonlarning bugungi faoliyati haqidagi misollar koʻrgan koʻzni quvnatadi. Ammo ana shu koʻzni quvnatadigan joyida yana bir nozik jihat ham borki, bu aynan shu soha va unga qiziqqan inson oʻrtasida chegaraning hosil boʻlishidir. Chekka hududlardagi hamma odam ham AT haqida chuqur tushunchaga ega emasligini toʻgʻri qabul qilish kerak. Shuning uchun ushbu sohaning afzalliklarini targʻib qilish, kompyuter yoki telefon orqali yaxshigina daromad topish imkoniyatlarini tushuntirish, qishloqda yashab ham AT orqali pul topish mumkinligini misollar bilan koʻrsatib berish kerak.
Ikki yilcha avval shu mavzuda dasturchi doʻstim bilan suhbatlashib qolgandik. Oʻshanda u qiziq gaplarni aytgandi:
— Bizning aksariyat odamlar ongida boy boʻlish uchun, albatta, qora terga botib ishlash kerak, degan tushuncha bor. Yaʼni bozorda savdo qilishing, biznes yoki ishlab chiqarish qilishing kerak, degan fikr. Lekin jismoniy mehnat boylik emas, tirikchilik yoʻli, xolos.
Qarasam, gapida jon borday. Fikriga qoʻshilib-qoʻshilmay turganimni, ammo qiziqayotganimni koʻrib davom etdi:
— Bu eskicha qarash, lekin haligacha juda keng tarqalgan. Odamlar boy boʻlish uchun jismoniy mehnat qilish shart deb oʻylaydi. Chunki ilgari faqat shu yoʻl bor edi. Bugun dunyo oʻzgardi — aqliy mehnat, texnologiyalar asosiy boylik manbai boʻldi. Mana qara, biznes ochish yoki bozorda savdo qilish uchun katta pul va tavakkalchilik kerak. Hammadayam shunaqa imkoniyat bor deb oʻylaysanmi? Xoʻp, biznes yo savdo boshlading ham deylik. Ammo bir kunda 24 soatdan koʻp ishlay olmaysan. Vaqting, kuching cheklangan. Dastur yozsang-chi? Bir marta yozsang, ming martalab ishlayveradi. Yoki videokurs tayyorlaysan — yillar davomida sotilaveradi. Veb-sayt yaratish yoki dizayn qilish ham shunday: bir marta ishlab chiqib, doimiy daromadni yoʻlga qoʻysa boʻladi.
Uning gaplaridan amin boʻldimki, aslida, odamlar ATga qarshi yoki begona emas, ularning aksariyati sohani yaxshi tushunmaydi, xolos. Masala axborot texnologiyalari haqida emas, biz uni qanday targʻib qilayotganimizda. Demak, bu yerda ayb shunday qarashdagi odamlarda ham emas, balki uni targʻib qilayotganlarda, aniqrogʻi, yetarlicha targʻib qilolmayotganlarda.
Soʻng undan ATni oʻrganishni qayerdan va nimadan boshlash kerakligi haqida soʻrayman. Javobi esa avvalgi gaplaridan ham qiziq:
— Odamlar ATni faqat dasturlash deb oʻylaydi, lekin oʻzlari allaqachon undan foydalanib kelayotganini xayoliga ham keltirmaydi. Oddiy misol: telefonida Google qidiruv tizimidan maʼlumot izlayotgan odam raqamli dunyoda ishlashni oʻrganib boʻlgan kishidir. U maʼlumot qidirishni oʻrganmayapti, undan keyingi bosqichlarda harakat qilyapti.
Tik-Tok, Telegram yoki Instagram ijtimoiy tarmogʻiga video joylayapsan, deylik — SMM ustasining ishi ana shunday boshlanadi. Keyinchalik oʻz ustida ishlab, takomillashib boraveradi. Koʻp yoshlar telefonda rasmga yozuv qoʻshish, videoning rangi yo shaklini oʻzgartirishni biladi. Dizaynerlikning boshlanishi aynan shu.
Hozir koʻpchilikning YouTube ijtimoiy tarmogʻida sahifasi bor. Garchi obunachilari va tomoshabini sanoqli boʻlsa-da, video qirqish, ovozni montaj qilishni biladi. Videomontajchilik, hatto videomuharrirlik ham mana shu ishlardan boshlanadi. Oʻquv kursiga borsangiz, dastlabki vaqtlarda sizga shu va shunga oʻxshash koʻnikmalar oʻrgatiladi.
Telegram ijtimoiy tarmogʻida shaxsiy sahifasi borlar haqida ham shu gap: bu aynan internet marketing sohasidagi koʻnikmaning shakllanib boʻlganini bildiradi. Unda kontent menejeri boʻlish imkoni bor! Faqat uning ustida ishlash, bir oz takomillashtirish kerak, xolos.
Biz nimalarnidir onlayn xarid qilayotganimizda elektron tijoratning qanday ishlashini tushunib boʻlgan boʻlamiz. Demak, oʻzimiz ham bu ishni qila olamiz.
Biror-bir hunar, masalan, tikuvchilik yoki payvandlashni yaxshilab oʻrganish uchun oʻrtacha 6 oy vaqt ketadi, deylik. Agar odam har kuni 2 soatini ATni oʻrganishga sarflasa, 6 oyda internet orqali pul ishlay boshlashi mumkin, — degan edi suhbatdoshim.
Keyin bu gaplarning isbotini koʻp koʻrdim. Kasb yuzasidan turli mutaxassislar bilan gaplashishga, intervyular olishga toʻgʻri keladi. AT sohasi mutaxassislari bilan gaplashish rostdan ham qiziq. Oʻzining ishini puxta biladi, boshqalar bilan ishi yoʻq. Koʻpi alohida bir dunyoda yashaydigandek tuyuladi menga.
Kuzatishlarimdan xulosa qilganmanki, koʻpchilik dasturlash, SMM yoki ATning boshqa yoʻnalishlari uchun, albatta, oliy maʼlumot kerak deb oʻylaydi. Biroq grafik dizayn, veb-dizayn, testing, dasturlash, SMM kabi sohalar doim ham oliy maʼlumot talab qilmasligini xayoliga keltirmaydi. Yoki axborot texnologiyalari bilan shugʻullanish uchun, albatta, ingliz tilidan xabardor boʻlish kerak deydi. Biroq grafik dizayn, mobil ilova ishlab chiqish, veb-dizayn kabi yoʻnalishlar chet tilini koʻp ham talab qilmasligini bilmaydi. Yoki bu sohalarni oʻrganish uchun, albatta, viloyat va shahar markazlariga qatnash, doimiy pul toʻlash yoki bir necha yillab vaqt ajratish kerak deb hisoblaydi. Biroq ijtimoiy tarmoqlar va saytlarda pul talab qilinmaydigan resurslar borligidan bexabar.
Bu kabi jihatlar rostdan ham koʻp. Aksariyat odamlar ATni faqatgina dasturlash, turli murakkab algoritmlar, raqamlar, juda kam odam tushunadigan formulalar yigʻindisi deb oʻylaydi. Holbuki, AT faqat kodlash yoki kodlar yigʻindisi emas. Dizayn, marketing, videomontaj, testing kabi tushunchalar mazkur sohaning asosini tashkil qiladi. AT bilan shugʻullanadigan odam matematika va ingliz tilini yaxshi bilish kerak, degan qarash ham bor. Aslida, AT bilan shugʻullanishni boshlash uchun oddiy tushunchalardan xabardorlik va bir oz hayotiy tajriba yetarli. Dasturchi boʻlish uchun bir nechta fanni qayta oʻqish, 10 yillab vaqt ketkazish kerak deb xayol qilamiz. Bu ishni yoshlikda oʻrganish kerak, endi kech boʻldi, tinchgina qora mehnat qilib yurganim yaxshi deydiganlar ham topiladi. Ammo yon-atrofimizda 40-50 yoshda ATni oʻrganganlar, uzogʻi 2-3 yilda yaxshi mutaxassis boʻlib shakllanganlar ham bor. Eng asosiysi, biz xato qilib qoʻyishdan qoʻrqamiz. Ammo istalgan sohani olib koʻring, oʻrganishni boshlaganda hamma ham xato qiladi va bu tabiiy hol.
Oʻzimcha oʻylayman: ATni oddiy targʻib etish uchun nimalar qilish kerak? Balki biz uni notoʻgʻri targʻib qilayotgandirmiz? Sohani faqat koʻp pul topish yoʻli deb emas, hayot tarzimizning bir qismi sifatida tushuntirishimiz kerakdir? AT dasturlashgina emas, turli kasblar yigʻindisi ekanini, qolaversa, bugun barcha sohada u borligini koʻrsatishimiz darkordir?
Bu savollarning amaliy javobi taxminan quyidagicha boʻladi.
Avvalo, AT kelajak kasbi ekanini tushuntirish lozim. Kambagʻallikdan chiqib ketishning eng yaxshi yoʻllaridan biri AT ekanini oddiy va sodda usulda targʻib qilish talab etiladi.
Qishloqda yashab turib, u orqali boy boʻlganlar, yaxshi yashayotganlar haqida maqolalar, intervyular, jonli ocherklar tayyorlash mumkin. Odamlarning xayolida “Shu odam uddalabdimi, men ham qila olaman!” degan tushunchani paydo qilishimiz kerak. Yoki ATni oʻrganib, bozorda ishlashdan voz kechganlar, savdo-sotiqni toʻxtatganlar bilan gaplashish, suhbatlar uyushtirish ham samara beradi.
Yoshlar oʻziga oʻxshaganlardan andoza oladi. Shuning uchun real hayotdagi muvaffaqiyatli misollarni keltirish muhim. AT orqali kambagʻallikdan chiqib ketgan insonlarning tarixi boshqalar uchun ham zarur. Soha mutaxassislari qancha daromad topishi mumkinligini tushuntirish hammani qiziqtiradi.
AT biz qila olmaydigan yumush emas, balki ayni vaqtda qilayotgan ishimiz ekanini tushuntira olsak, maqsadimizga birmuncha erishgan boʻlamiz. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, biz AT haqidagi boshlangʻich bilim va koʻnikmalarga allaqachon egamiz. Qoʻlimizdagi telefonda koʻp funksiyalarni bajara olamiz: saytlarga kiramiz, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizga turli media mahsulotlarni joylay olamiz va hokazo. Lekin bularning oʻzi ham AT ekanini, aynan uning bir qismiligini bilmaymiz yoki bilishni koʻp ham istamaymiz.
Yaqinda ish bilan bankka bordim. Navbatimni kutib oʻtiribman. Yonimdagi yoshgina yigit noutbugini ochib, nimalardir qilib oʻtiribdi. Navbat kutayotganlar, oʻsha yigitdan boshqa barcha telefon titkilab oʻtiribmiz.
— Dasturchimisiz? — soʻrayman undan.
— Yoʻq, “aytishnik”man, — deb beparvo javob berdi u.
— Ie? Bu nima degani?
— Dasturchi emasman. Lekin shu sohada ishlayman.
— “Aytishnik” boʻlsangiz, davlat xizmatlari, bank ishlarining hammasini internet orqali qila olasiz. Nega bu yerda navbat kutib oʻtiribsiz?
— Valyuta sotib olgani keldim. Buning uchun bankka kelish shart. Lekin siz, qoʻlingizdagi qogʻozga qaraganda, kredit toʻlagani kelgansiz. Siz kelishingiz shart emas edi. Uyda yoki ishxonada oʻtirib, telefon orqali toʻlay olardingiz.
— Kredit emas, boʻlib toʻlash.
— Uniyam telefon orqali toʻlasa boʻladi. Hisob raqami bormi, boʻldi-da.
Oʻzini Sardor deb tanishtirgan yigit menga davlat xizmatlaridan elektron foydalanish bilan qancha vaqt va pulni tejash mumkinligini oddiygina qilib tushuntirib berdi:
— my.gov.uz platformasi orqali juda koʻp davlat xizmatlaridan foydalansa boʻladi. Lekin koʻpchiligimiz hali ham bu platformadan foydalanishni bilmaymiz. Odamlar qanchadir pulini va yarim kun-bir kunlab vaqtini sarflab, davlat xizmatlari markazi yoki tashkilotlar eshigida navbatda turadi.
— Odamlar ATdan emas, notanish narsadan hayiqmasmikan? Yaʼni “men notoʻgʻri bajaraman”, “xato qilib qoʻyishim mumkin”, “men buni tushunmayman” degan fikrlar tufayli undan foydalanmas, balki?
Yigit norozi qiyofada bir qarab qoʻyib, gapida davom etadi:
— Bunisiyam toʻgʻri. Odamlarga maʼlumotni notoʻgʻri kiritib qoʻysa, muammo paydo boʻladigan yo jarima qoʻllanadigandek yoki qogʻoz shaklidagi hujjatni qoʻlga olmasa, u haqiqiy emasdek tuyuladi. Atrofdagilari foydalanmasa, u ham tinchgina foydalanmay qoʻya qoladi. Eng osoni borib yordam soʻrash yoki kimdir shu ishingizni qilib berishi boʻladi. Qarang, my.gov.uzdan foydalanish Telegram yoki Facebook ishlatishdan koʻra murakkab emas. Qoʻlingizda smartfon va internet boʻlsa, davlat idorasiga boraverishingiz shart emas. Buni bir marta oʻrgansangiz, keyin 10-marta vaqtingiz tejaladi.
— Balki my.gov.uzni ham Telegram yoki Facebook kabilarga oʻxshatib soddalashtirish kerakdir? Platformaning koʻrinishi murakkabdir, roʻyxatdan oʻtish, funksiyalarni tushunish borasida qiyinchiliklar bordir?
— Men aynan bu yoʻnalishda ishlamayman. Lekin siz aytgan ishlarni ham qilsa boʻladi. Odamlar my.gov.uzga kirib, qidirib oʻtirmay, Telegram yoki shunga oʻxshash qulay mobil ilovada ishini tez bajara olsa, koʻp maʼlumot talab qilmaydigan avtomatlashtirilgan tizim yaratilsa, bu juda yaxshi boʻladi. Dasturchilar bu jihatini ham oʻylayotgani aniq.
Shu bilan suhbatimiz tugadi. Sardorning aytganlari koʻpimiz biladigan, ammo eʼtibor bermaydigan gaplar.
Endi esa mavzuning koʻlami kengaya boshlaydi.
Professional AT mutaxassislari yaxshi daromad topishi maʼlum. Lekin boshlangʻich mutaxassislar, sohani yangi oʻrganayotganlar qachon daromadga chiqa boshlaydi?
Qaysi yoʻnalishda qancha vaqtda pul ishlay boshlash mumkin?
Yaponiya qanday qilib ulkan texnologik davlatga aylandi?
Hindiston qancha vaqtda AT konveyeri boʻla oldi?
Bu tajribalar biz uchun juda muhim va dolzarb. Biroq bular alohida toʻxtalish, alohida tahlil qilinishi zarur boʻlgan mavzular.
Dadaxon MUHAMMADIYEV,
jurnalist