Ko‘pchilik bu texnologiya Orol atrofida qo‘llanilsa, qurigan ko‘lda suv to‘planib, Orol dengizi tiklanib qoladi, degan yanglish fikrda yurar ekan. Hech bir mamlakat sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyalarini qo‘llab, suv zaxirasini barqaror holatga olib kelmagan. Hatto buning zamonaviylari ham suv taqchilligini yo‘qqa chiqarmaydi. Demoqchimanki, sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyalari qurg‘oqchil mamlakatlar uchun yechim emas.
BAA bu kabi texnologiyadan 2010-yildan buyon foydalanib keladi. Masalan, arablar birgina 2010-yildagi bir nechta tajribaga 11 million AQSH dollar sarflagan. Hozirgacha yiliga 186 tadan 247 tagacha atmosferaga ta’sir o‘tkazilib, sun’iy yomg‘ir yog‘dirilgan. Har bir ta’sirga o‘rtacha 3000-4000 AQSH dollari mablag‘ sarflanadi. O‘tmish tajribalari ko‘m-ko‘k osmondan, bulutli osmonga ta’sir ko‘rsatish fonida kechgan. Samaradorlik yo‘q joydan yomg‘ir yog‘dirishda 35% gacha, nam havoga ta’sir ko‘rsatib, 15% gacha ko‘proq yog‘in hosil qilingan. BAAda o‘rtacha yillik yog‘in 100 mm atrofida yog‘ishi hisobga olinsa, bu ko‘rsatkich atigi 135 mm ga yetishini oddiy maktab o‘quvchisi ham tushunib yetadi.
Orol bo‘yi atrofida ham yillik yog‘in 100 mm ekanini hisobga olsak, BAA texnologiyalari bizga nari borsa yillik yog‘inni 140 mm ga yetkazib beradi. Solishtirish uchun, poytaxtda yiliga 444 mm, Toshkent viloyati tog‘larida 1000 mm ga yaqin yog‘in yog‘adi.
Demak, BAA ning sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi Orolda suvni to‘ldirish uchun emas, u yerdagi yashil massani biroz ushlab turish uchun yordam berishi mumkin.
Aytmoqchi, 2020-yil BAA sun’iy yomg‘ir yog‘dirishda AQSH bilan hamkorlikda nano materiallardan foydalanib, atmosferaga ta’sir ko‘rsatilgan. Bir so‘z bilan aytganda, arablar "bulut ekish"ning deyarli barcha usullarini (reagentlar sepish, elektr zaryadlanish, akustik ta’sir) o‘zida qo‘llab ko‘rgan mamlakatdir. Bu doim ham bu ijobiy natija beravermagan.
Eng xatarlisi mazkur tajribalar havo massalarining global miqyosda o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Undan tashqari, to‘saddan ko‘p yog‘in, suv toshqiniga tayyor bo‘lmagan mamlakatga yetarlicha iqtisodiy zarar va ekologik muammolarni chaqirgan holatlar ham kuzatilgan.
O‘zbek olimlari esa hukumatga tutatish usuli bilan hududlarda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish mumkinligini anchadan beri aytib keladi. Bu ham anchayin arzon va samarali usuldir.