Butun dunyoda har yili 16-noyabrni – Xalqaro bagʻrikenglik kuni sifatida nishonlash ezgu anʼanaga aylangan. Ushbu muhim sana munosabati bilan turli mamlakatlarda maxsus dasturlar asosida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Sayyoramizning har bir mintaqasida oʻquv muassasalari, hukumatlararo va nohukumat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan fuqarolar oʻrtasida bagʻrikenglik gʻoyalarini tarqatishga daʼvat etiladi.
Bagʻrikenglik tamoyillari deklaratsiyasida qayd etilganidek, bagʻrikenglik alohida odamlar oʻrtasida, oila va jamoadagi oʻzaro munosabatlarda zarurdir. Maktablarda va universitetlarda, norasmiy taʼlim yoʻli bilan uyda va ish joylarida bagʻrikenglik ruhini mustahkamlash va kishilar oʻrtasida bir-biriga ochiqlik, eʼtibor va birdamlik munosabatlarini shakllantirish lozim.
Bunda kommunikatsiya vositalari erkin, ochiq muloqot va muhokamaga koʻmaklashishda, bagʻrikenglik qadriyatlarini tarqatishda, ayniqsa, bosh koʻtarayotgan murosasizlikni targʻib qiluvchi guruhlar va mafkuralarga nisbatan befarq munosabatda boʻlish xavfli ekanini tushuntirishda amaliy ahamiyat kasb etadi.
“Bagʻrikenglik” tushunchasi nimani anglatadi? Bagʻrikenglik tamoyillari deklaratsiyasida ushbu tushunchaga uchta muhim va qamrovdor taʼrif berilgan.
Birinchi taʼrif: Bagʻrikenglik – bizning dunyomizdagi turli boy madaniyatlarni, oʻzini ifodalashning va insonning alohidaligini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va toʻgʻri tushunishni anglatadi. Uni bilim, samimiyat, ochiq muloqot hamda hur fikr, vijdon va eʼtiqod vujudga keltiradi. Bagʻrikenglik –turli-tumanlikdagi birlikdir. Bu faqat maʼnaviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj hamdir. Bagʻrikenglik tinchlikka erishishni musharraf qilguvchi va urush madaniyatsizligidan tinchlik madaniyatiga eltuvchidir.
Ikkinchi taʼrif: Bagʻrikenglik – yon berish, andisha yoki xushomad emas. Bagʻrikenglik – eng avvalo insonning universal huquqlari va asosiy erkinliklarini tan olish asosida shakllangan faol munosabatdir. Hech qanday vaziyatda ham bagʻrikenglik ana shu asosiy qadriyatlarga tajovuzlarning bahonasi boʻlib xizmat qilmaydi. Bagʻrikenglikni alohida shaxslar, guruhlar va davlatlar namoyon qilishi lozim.
Uchinchi taʼrif: Bagʻrikenglik – inson huquqlarini qaror toptirish, plyuralizm (shu jumladan, madaniy plyuralizm), demokratiya va huquqning tantanasi uchun koʻmaklashish majburiyatidir. Bagʻrikenglik – aqidabozlikdan, haqiqatni mutlaqlashtirishdan voz kechishni anglatuvchi va inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy hujjatlarda oʻrnatilgan qoidalarni tasdiqlovchi tushunchadir.
Shuni ham taʼkidlash joizki, bagʻrikenglik oʻzbek xalqi maʼnaviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Yurtimizda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalar rivojiga, balki zaminimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elatlar oʻrtasida doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirishga ham alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Mamlakatimizda davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri – bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqaroviy oʻzaro ahillikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdir. Bu haqda soʻz yuritganda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ushbu yoʻnalishda yaratilgan va yaratilayotgan barcha zarur sharoitlar uchun mustahkam huquqiy asos ekanini taʼkidlash lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida bagʻrikenglik siyosatiga alohida eʼtibor qaratilgan. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston – ulkan imkoniyat va boyliklarga ega mamlakat. Lekin bizning eng katta boyligimiz – turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari oʻrtasidagi tinchlik va barqarorlik, oʻzaro hurmat va hamjihatlikdir”.
Haqiqatan ham, bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila boʻlib yashayotgani, fidokorona mehnati bilan jonajon Oʻzbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshayotgani ayniqsa quvonarlidir. Biz bunday bebaho boylik bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Oʻzbekiston Prezidentining davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini mamlakatimizdagi doʻstlik va ahillik muhitini yanada mustahkamlashga yoʻnaltirilgan bagʻrikenglik siyosati izchil davom etmoqda. Shu oʻrinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani jahon hamjamiyatining diqqatini tortganini esga olish ayni muddaodir.
BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga aʼzo davlatlar tomonidan yakdillik bilan qabul qilingan mazkur Rezolyutsiyaga 50 dan ortiq mamlakat hammuallif boʻlish istagini bildirgani bejiz emas. Binobarin, Rezolyutsiyada maʼrifat, tinchlik, inson huquqlari, bagʻrikenglik va doʻstlikni ilgari surish qanchalik muhimligi, shuningdek, dunyoda xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash uchun integratsiya, oʻzaro hurmat, inson huquqlarini himoya qilish, bagʻrikenglik va oʻzaro tushunishning ulkan ahamiyati eʼtirof etilgan.
Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan Oʻzbekistondagi bagʻrikenglik tamoyillariga asoslangan barqarorlik yuksak eʼtibor va ehtiromga munosibdir.
Mamlakatimizda istiqomat qiladigan turli millat va elatlarning oʻzaro totuvligisiz, rasman roʻyxatdan oʻtgan 16 diniy konfessiya vakillari oʻrtasidagi barqaror bagʻrikenglik munosabatlarisiz davlat va jamiyat taraqqiyotini tasavvur etib boʻlmaydi. Harakatlar strategiyasi doirasida yurtimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida yangi va yanada muhim natijalar qoʻlga kiritildi.
Endilikda hayotbaxsh islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini taʼminlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy gʻoya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qoʻyildi. Ushbu strategiyada yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat etib belgilandi.
Shunday ekan, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning, butun xalqimizning farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan “Yangi Oʻzbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” gʻoyasini hamjihat boʻlib amalga oshiramiz. Yangi Oʻzbekistonni birgalikda, bagʻrikenglik bilan bunyod etamiz.
Oydin Ibrohimova,
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati xodimi.