Organizmning foydali elementlarga bo'lgan talabini qondirishda baliq mahsulotlarining o'rni beqiyos. Sog'lom ovqatlanish masalasi kun tartibiga chiqqan bugungi davrda odamlarimizning ushbu mahsulotga bo'lgan talabi ortib borayotgani quvonarli. Mavjud talabni qondirish uchun yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar ko'lami ham oz emas. Birgina joriy yilning 9 oyi davomida respublikada 82,8 ming tonna baliq etishtirilgan bo'lib, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 23 ming tonnaga oshganini ko'rsatmoqda.

Muhimi, bozor va do'konlar rastalarida baliq turlari, sanoat usulida ishlab chiqarilgan mahalliy tayyor baliq mahsulotlari soni va sifati oshishi tufayli xaridorning tanlash imkoniyati kengayib boryapti. Avvallari xo'jaliklar tomonidan asosan oq va chipor do'ngpeshona, karp baliqlari etishtirilgan bo'lsa, so'nggi yillarda xorijdan import qilinadigan forel`, osyotr, losos va Afrika laqqasi singari turlarni o'zimizda ko'paytirish rivojlanib bormoqda.

— Shu kabi qimmatbaho sovuq suv baliqlarini yetishtiruvchi tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida davlat byudjetidan subsidiyalar ajratilishi natijasida 7 ta xo'jalik ishga tushirilib, ushbu yo'nalishdagi xo'jaliklar soni 20 taga, yillik ishlab chiqarish quvvati 3,5 ming tonnaga yetkazildi, — deydi “O'zbekbaliqsanoat” uyushmasi raisi o'rinbosari Maqsud Ostonov. — Yetishtirilayotgan baliqlarni yuqori sifatli ozuqa bilan ta'minlash maqsadida 2 ta omuxta yem ishlab chiqaruvchi hamda 3 ta baliqni qayta ishlovchi korxona ishga tushirildi. Hozir respublikada 67 ta omuxta yem ishlab chiqaruvchi hamda 63 ta baliqni qayta ishlovchi korxona faoliyat yuritmoqda. Sanoat usulida yetishtiriladigan baliq turlari soni 5 tadan 9 taga yetdi.

Baliqning foydali jihatlari haqida istalgancha gapirish mumkin. U inson organizmini tozalovchi, suyak va tishlarni mustahkamlovchi shifobaxsh taom sifatida qadimdan sevib iste'mol qilinadi. Ayniqsa, tez hazm bo'lishi va parhezbopligi baliqning qiymatini yanada oshiradi.

Boshqa tomondan, baliqchilik qishloq xo'jaligining eng serdaromad sohalardan biri bo'lib, katta iqtisodiy ahamiyatga ega. Ma'lumotlarga ko'ra, dunyo bo'yicha har yili dengiz va okeanlardan bir necha o'n million tonna baliq ovlanadi. Ularning bir qismi to'g'ridan-to'g'ri taomga ishlatilsa, qolgani qayta ishlanib, tuzlangan, dudlangan, muzlatilgan yoki konserva holida iste'mol qilinadi. Baliqlardan qimmatbaho baliq moyi va baliq uni kabi mahsulotlar tayyorlash ham ommalashgan.

Yurtimizda baliqchilik, ayniqsa, keyingi yillarda rivojlanib boryapti. Hududlarda sun'iy ko'llar ko'payib, baliqchilik xo'jaliklari soni ortib bormoqda. Tarmoqqa yangicha texnologiyalar kirib kelyapti. Ayniqsa, intensiv usulda baliq yetishtirish samarali natija bermoqda. Bundan olinadigan yuqori hosildorlikni oddiy ko'llarda uddalash qiyin. Buning ustiga, intensiv usulda baliq etishtirish uchun katta maydonlar talab etilmaydi. Kichik, ixchamgina joyga o'rnatiladigan sun'iy hovuzdan ham yaxshigina hosil olsa bo'ladi.

Shu bois, fermerlarimiz baliq etishtirishning intensiv usulidan keng foydalanyapti. Yopiq suv aylanish tizimi, intensiv kichik suv havzalari, qafas va “sholi+baliq” usullarida etishtirilgan baliqlar inson salomatligi uchun foydali ekani ham e'tirof etilmoqda.

Bunday qulaylik ayniqsa, qishloq joylarda odamlarni ish bilan ta'minlash va daromadlarini oshirishda qo'l kelmoqda. Xususan, aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq etishtirish hamda kooperatsiya usulida “xonadon — kooperatsiya — klaster” zanjiri yaratilib, baliq yetishtiruvchi oilalar soni joriy yil 800 taga yetkazildi. Bo'stonliq, Shahrisabz, Qarshi, Kitob va Sariosiyo tumanlarida 134 ta xonadonda forel baliqlarini yetishtirish yo'lga qo'yildi. 800 ta ishsiz aholining bandligi ta'minlanib, yetishtirilgan baliqlar hajmi 1 ming tonnaga yetkazildi.

Hududlarda baliqchilik bilan shug'ullanuvchi tadbirkorlar soni ham ortib bormoqda. Namangan viloyati Mingbuloq tumanidagi “Iftixor Zahro” xo'jaligida baliq boqishga mo'ljallangan 6 ta sun'iy ko'l tashkil etilgan. 55 gektar maydondagi ushbu ko'llarga erta bahorda 5 xil turdagi baliq chavoqlari tashlanib, yiliga 400 tonna baliq etishtiriladi. Xo'jalikda 13 nafar kishi ish bilan ta'minlangan.

Tumandagi 128 ta baliqchilik xo'jaliklari ham olayotgan hosilidan mamnun. Joriy yilda ularga tegishli 2050 gektarli havzalarda 6400 tonnadan ortiq baliq yetishtirish mo'ljallangan.

Qashqadaryo viloyatidagi “Oktams fish” mas'uliyati cheklangan jamiyatida sazan, Afrika laqqasi, oq amur kabi baliq turlari etishtiriladi. Yaqinda ular orasiga osyotr va v`etnam karpi ham qo'shildi. Bu turdagi baliqlarni yetishtirish viloyatda ilk bor yo'lga qo'yildi. Asosan ikra olish uchun boqiladigan osyotr balig'i endilikda, shu yerda mahalliylashtirilmoqda.

2018-yilda tashkil etilgan mazkur baliqchilik xo'jaligida intensiv usulda baliq yetishtirish uchun 6 ta sun'iy havza, 8 va 4 sotixli bino-komplekslar yaratilgan. Ayni vaqtda 8 nafar doimiy va 5 nafar mavsumiy ishchi mehnat qiladi. Kelgusida bu yerda yoshlar uchun o'quv kurslari tashkil etilib, laboratoriyada chavoq yetishtirishni yo'lga qo'yish ko'zda tutilgan.

Xonadonlarda baliqchilik ommalashmoqda

Tarmoqning muhim yo'nalishlaridan yana biri — baliqchilik klasterlari bu borada katta ahamiyatga ega. “O'zbekbaliqsanoat” uyushmasi ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilda 9 ta shunday klasterlar faoliyati yo'lga qo'yilib, ularning soni 35 taga yetkazildi. Ular tomonidan hozirga qadar 29 ming tonna baliq va 14 ming tonna baliq mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Gold fish agro export” MCHJ joriy yildan klaster tarzida faoliyatini davom ettiryapti. Qiymati 30 milliard so'mlik ushbu loyiha uvildiriqlarni tayyorlashdan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, yem ishlab chiqarishni qamrab olgan. Umuman, klaster yiliga 500 tonna baliq etishtirish quvvatiga ega. Shu yerning o'zida baliqni qayta ishlash sexi, 800 tonna sig'imli zamonaviy muzlatkichlar ham bor.

Klaster katta ko'lamdagi joyni va katta rejalarni o'z ichiga olgan. Jami 43 gektar maydonning 4 gektarida intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtiriladi. Klaster asoschisi Abror Narziyev intensiv baliqchilikni yangicha, zamonaviy Xitoy texnologiyasi asosida yo'lga qo'ygan. Bunda sun'iy hovuz doimiy suv talab qilmaydi, balki o'zidagi suvni qayta aylantirib ishlaydi. Hozir har bir sun'iy hovuzda mingtagacha sazan boqilmoqda. 2 gektar maydonni egallagan sun'iy ko'llarda esa yarim intensiv usulda baliq parvarishlanyapti.

— Baliqchilikka hamma qiziqadi, uyida imkoniyati bor, lekin eri, oqib keladigan 10 ming kub suvi yo'q, — deb tushuntiradi tadbirkor. — Men 100 kub suvda bir yilda 2 martta hosil olish texnologiyasini yo'lga qo'ydim. 5 ta sun'iy suv havzasi atigi 3 sotix joyda o'rnatilgan. Ularning har biriga 20 kubdan suv quyiladi. Suv maxsus agregatlar bilan tortib olinadi, filter, biofilterdan o'tadi va yana qaytib sun'iy suv havzasiga quyiladi. Bunday usulda boqiladigan baliq doimiy harakatda bo'lgani bois, ta'mi ham mazali bo'ladi.

Klasterda faqat sazan balig'i ko'paytiriladi. Har bir sun'iy suv havzasida ming donadan baliq bo'lib, 5 ta basseyndan 6 oyda 6 tonna hosil olinadi. Tadbirkorning o'tgan yilgi hosili 70 tonna bo'ldi. Bu yerda yetishtirilayotgan mazali baliqlarning Xorazmdan to Qoraqalpog'istongacha, hatto, qo'shni Tojikistonda ham xaridorlari ko'p.

Sun'iy suv havzalari issiqxona ichiga o'rnatilgani yanada hayratlanarli. Abror akaning aytishicha, issiqxona ichida saqlanadigan o'rtacha harorat sabab yilda 2 martta hosil olinadi. Gap shundaki, qishki sovuqda baliqlar ovqatlanmaydi, uxlaydi. Iliq haroratda esa bu jarayonga hojat qolmaydi. Baliqlar iliq harorat ta'sirida suzishda davom etib, oziqlanishni kanda qilmaydi. Bundan tashqari, texnologiya 14 foizgacha kislorod bergani hisobiga suv havzasida tozalik doim saqlanadi.

Joriy yildan klaster tomonidan tajriba tariqasida Sh. Rashidov, Zarbdor va Zomin tumanlarida “xonadon-klaster” kooperatsiya usulida baliq etishtirish tashkil etilib, aholi bandiligini ta'minlash borasida ishlar boshlab yuborildi. Jarayonda tadbirkor tomonidan aholi xonadoniga Xitoy texnologiyasi asosida yaratilayotgan kichik hajmdagi sun'iy suv havzasi o'rnatilib, baliq chavoqlari solib beriladi. Hozirda 22 ta xonadonga shunday hovuzlar o'rnatildi.

— Biz taklif etayotgan usulda yarim sotix joyda 6 oyda 1 tonnayu 200 kilogramm, 1 yilda 2-2,5 tonna baliq olish mumkin, — deydi Abror Narziyev. — Bu 35 million so'm daromad degani. Talabgorlarga hovuzlarni uylariga olib borib, o'rnatib beryapmiz. Ularda ming dona chavoq boqiladi. Bu ishni har kim o'z xonadonida, bankdan 33 million so'm kredit olish hisobiga boshlashi mumkin. Biroq, avval ozroq o'rganib, keyin ish boshlasa, yaxshi natija bo'ladi. O'zim bilaman, o'zim uddalay olaman, degan fikr bo'lmasligi kerak. Imkon qadar biz yoshlarni, shu ishga qiziquvchilarni oldin o'quv kurslarimizda bepul o'qib, keyin ish boshlashini tavsiya qilyapmiz.

Yangi tajriba davlatimiz rahbarini ham befarq qoldirmadi. Prezidentimiz joriy yilning 21-oktyabr kuni viloyatga tashrifi chog'ida klasterda baliq yetishtirish jarayonini ko'zdan kechirib, bu tajribani ommalashtirish, aholini jalb etish zarurligini ta'kidladi. “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag'allikni qisqartirish deyapmiz, har bir xonadonda daromad manbai yaratishni o'ylayapmiz. Mana tayyor loyiha. Shunday hovuzlarni yetkazib berib, tartib-qoidasini o'rgatib, uy sharoitida baliq boqishni ko'paytirish kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ayni paytda klasterda ishlab chiqaruvchilarni xomashyo va aylanma mablag' bilan ta'minlab, sun'iy hovuzlarni ko'proq tayyorlash va joylarga yetkazish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Bir paytlar ishni ming mashaqqat bilan boshlagan Abror Narziyev bugun nafaqat yaxshi daromad topish, balki kam ta'minlangan oilalar, yoshlarni ish bilan ta'minlab, ularga o'z ishlarini boshlashlarida ko'mak berishni maqsad qilgan.

Besh barobar yuqori hosildorlik

Baliqchilik tarmog'ida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarimiz sohani rivojlantirish maqsadida arzon va sifatli ozuqa manbaini yaratish, xo'jaliklarda asqotadigan zamonaviy uskunalarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga ham sezilarli hissa qo'shmoqda.

Jumladan, respublikada baliq etishtirish hosildorligi past bo'lgan sun'iy suv havzalariga aerator, ya'ni suvni havo bilan aralashtirib, to'yintirib beruvchi moslamalarni o'rnatish hisobiga baliq etishtirish hosildorligi gektaridan 5 baravarga oshirildi. Joriy yilning 9 oyi davomida 3,2 ming gektar sun'iy suv havzalarida 3 530 ta aerator moslamalari o'rnatilgan bo'lib, yil yakuniga qadar ularning maydonini 5,7 ming gektarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Karmana tumanidagi “Golden layk fish” MCHJ tomonidan esa respublikada ilk bor baliqchilik sohasi va ekoturizm uchun kater va qayiqlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Respublika tabiiy suv havzalarida kamayib borayotgan sudak balig'ining yo'qolib ketish xavfini kamaytirish maqsadida Xorazm viloyatidagi “Xiva Qorako'l” fermer xo'jaligi tomonidan ushbu baliq urchitilib, ilk bor sudak baliq chavoqlari yetishtirilmoqda.

— Qibray tumanidagi “BDK” korxonasi tomonidan esa Germaniyaning “Agravis” kontserni bilan hamkorlikda respublikada birinchi marta baliqlarning aeramanoz kasalligiga chidamliligini orttiruvchi yemni ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi, — deydi Maqsud Ostonov. — Shuningdek, tabiiy va sun'iy havzalarda ozuqa biomassasini rivojlantiradigan, suvning sho'rlanish darajasini kamayishiga va kislorodning oshishiga olib keladigan xlorella o'simligi introduktsiya etildi. Mazkur o'simlik karp baliqlari hosildorligini 4-5 baravar oshishiga olib keladi.

O'simlikni Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi suv havzalarida ko'paytirish sinov tariqasida tekshirib ko'rilganda, suvning sho'rlanish darajasi 2 baravarga kamayib, kislorod darajasi 3 baravarga oshgani kuzatildi. Hozir undan Andijon, Namangan, Buxoro, Xorazm, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida baliqchilik sohasida foydalanish boshlandi.

Umuman, baliqchilik xo'jaliklari, klasterlar tomonidan yetishtirilayotgan mahsulotlar ichki bozorlarimizni yil o'n ikki oy to'ldirib turibdi. Aholini arzon va sifatli baliq mahsulotlari bilan ta'minlashni samarali yo'lga qo'yish maqsadida umumiy ovqatlanish shaxobchalari, yirik va kichik savdo markazlari hamda dehqon bozorlaridagi savdo nuqtalari orqali etkazib berilmoqda. Ayni paytda respublikadagi dehqon bozorlarida tirik baliq sotish uchun 148 ta maxsus akvariumli savdo nuqtalari tashkil etilgan bo'lib, birgina Toshkent shahri bozorlarida 58 ta savdo nuqtalari orqali har xil turdagi baliqlar xaridorlarga taqdim etilyapti.

Baliqchilik tarmog'ida joriy yilning 9 oyida 520,1 milliard so'mlik 199 ta loyiha ishga tushirilib, 1 370 ta yangi ish o'rni yaratilgani aholining baliq mahsulotlariga bo'lgan talabi yuqori ekanidan dalolat beradi. Sohaga yangi, innovatsion texnologiyalarni joriy etish jadal davom etmoqda. Joriy yil yakunida respublikada 400 ming tonna baliq yetishtirish hamda aholining yillik baliq iste'moli ko'rsatkichini 8,5 kilogramdan 11,5 kilogramgacha yetkazish rejalashtirilmoqda.

Iroda Toshmatova,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri.