Yerlarni xatlovga olish davom etyapti

    Geoportaldagi ma'lumotlar hamma uchun ochiq.

    O'tgan yilning 1-may sanasidan O'zbekiston tarixida ilk bor respublika qishloq xo'jaligi yerlarini ro'yxatdan o'tkazish tizimi yo'lga qo'yilgan edi. Bugungi kunda Kadastr agentligi mutaxassislari tomonidan nafaqat qishloq xo'jaligi, balki barcha yer maydonlari hamda ko'chmas mulk obyektlarini ro'yxatdan o'tkazish va maxsus geoportalga kiritish ishlari davom etyapti.

    Davlat kadastrlari palatasida “Erlarni xatlovdan o'tkazish va geoportalga joylashtirish” jarayonlariga bag'ishlangan press-tur davomida jurnalistlar bunga bevosita guvoh bo'ldi.

    Ishtirokchilar dastlab Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o'tkazilgan Bektemir tumaniga yo'l oldi. Hududdagi “Bektemir” nomi bilan atalayotgan mahallaga yangi nom berilishi bo'yicha Xalq deputatlari tumani kengashiga taklif kiritilgan. Shu yerda palata xodimlaridan iborat mutaxassislar ro'yxatga olish ishlarini amalga oshirdi. Xonadonlarga kirib, aholining kadastr hujjatlari asosida kerakli ma'lumotlar yozib olindi.

    — Mahallada 450 dan ortiq xonadon, 120 ta noturar joy obyektlari bor. Hozirga qadar xonadonlarning 400 ga yaqini xatlov qilingan, qolgan qismida ishlar olib borilyapti, — deydi Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig'i Jasurbek Karimov. — Xatlov jarayonlarida arxiv ma'lumotlar bilan birga, o'zimiz olgan ma'lumotlarni birlashtirib, qaydlarni belgilab boramiz. Aholidan asosan kadastr hujjatlari so'raladi. Muloqotlar vaqtida ularni qiziqtirgan savollarga ham mutaxassislar tomonidan javoblar berib boriladi.

    Mazkur tadbirlardan ko'zlangan maqsad xar bir yer uchastkasi, ko'chmas mulk ob'ektlarini xisobga olish va unga bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishdan iborat. Xatlov natijalari elektron ro'yxatdan o'tkazilib, yer maydonlari haqidagi barcha ma'lumotlar maxsus geoportalga joylanadi. Jarayon Jahon bankining qo'llab-quvvatlash jamg'armasi ko'magida ishlab chiqilgan “Kadastr va ko'chmas mulkni ro'yxatdan o'tkazish integratsion axborot tizimi” orqali amalga oshirilmoqda.

    — O'zbekistonning jami yer maydoni 44 million 892 ming gektar bo'lib, u qishloq xo'jaligi erlari, o'rmon fondi yerlari, sanoat yerlari singari 8 ta toifaga bo'linadi,— deydi Davlat kadastrlari palatasi yer kadastrini yuritish bo'limi boshlig'i Faxriddin Niyozov. — Biz ana shu yerlarning barini geoportalga joylashtirish ishlarini olib boryapmiz. Hozir yangi tizimda 300 mingdan ortiq yer uchastkalari haqida ma'lumotlar kiritilib, unga bo'lgan huquqlar davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Avvalari yer uchastkasi maydonlarini xisoblashda qog'oz ko'rinishidagi xaritalardan foydalanilgan va unga bo'lgan huquqning davlat ro'yxatidan o'tkazilishi temir kitobda yuritilib kelingan. Yangi elektron tizimda esa yer uchastkalariga doir barcha ma'lumotlar shu qatorda, yer chegaralari konturlarining joylashishi raqamlashtirilgan va huquqiy xujjatlarga mutanosibligi gis.kadastr.uz yagona tizimida joriy etildi. Undagi ma'lumotlar barcha uchun ochiq.

    Shuningdek, yangi tizim yer munosabatlari soxasida ijtimoiy barqarorlikni o'rnatish, korrupsion holatlarning oldini olish, qonun ustivorligini ta'minlashda shaffof tizim sifatida xizmat qiladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri