Ijtimoiy himoya – mehr va ko'mak tizimi

    Mehr va ko'mak tizimini aholiga yaqinlashtirish, ijtimoiy xizmat va yordam ko'rsatish mexanizmini soddalashtirish bugunning muhim mavzusiga aylanmoqda.

    O'zbekiston — ijtimoiy davlat. Konstitutsiyamizda mustahkamlangan ushbu tamoyil asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari bilan tizimli ishlar tashkil etish bugun har bir tashkilot, idoraning vazifasidir. Mehr va ko'mak tizimini aholiga yaqinlashtirish, ijtimoiy xizmat va yordam ko'rsatish mexanizmini soddalashtirish bugunning muhim mavzusiga aylanmoqda.

    Shu yil 13-dekabrda ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025-yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan yig'ilishda ham aynan shu sohadagi mavjud bartaraf etilishi zarur bo'lgan muammolar, yangi tashabbuslar ilgari surildi.

    2024-yilda yurtimizdagi barcha hududda “Inson” markazlari ochilib, mahallalarda 102 ta ijtimoiy xizmat yo'lga qo'yildi. Ijtimoiy xodimlar uyma-uy yurib, shu yil reestrda bo'lmagan yana 95 ming muhtoj odamga ijtimoiy yordam ko'rsatdi, nogironligi bor 26 ming fuqaroga protezlar berildi, 4 mingga yaqin yolg'iz keksani uyda parvarishlash xizmati tashkil etildi. Shu bilan birga, nogironligi bo'lgan 5 mingga yaqin bola maktabgacha ta'lim tashkilotlari va maktablarga joylashtirildi.

    Lekin ayrim joylarda ish to'g'ri tashkil qilinmagan. Masalan, nogironligi bor shaxslarning bandligi darajasi respublikada 20 foizga etgan bo'lsa-da, ba'zi hududlarda bu ko'rsatkich ancha kam. Investitsiya dasturiga kiradigan ijtimoiy muassasalar loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagan.

    Yig'ilishda shu kabi kamchiliklar ko'rsatib o'tilib, galdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirishga doir yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, kelgusida aholini kambag'allikdan chiqarish uchun ta'lim, to'garak, kasb-hunar, tibbiyot masalalariga alohida e'tibor qaratish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligini ta'kidladi.

    So'nggi yillarda mamlakatimizda inklyuziv taraqqiyotni ta'minlash bo'yicha keng ko'lamli ishlar bajarilmoqda. Xususan, eshitishda nuqsoni bo'lgan shaxslarning turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini ta'minlash, ularni jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga jalb etish maqsadida imo-ishora nutqini keng qamrovli o'rganishga qaratilgan chora-tadbirlar ham dolzarb.

    Prezidentimizning 2022-yil 20-oktyabrdagi “O'zbek imo-ishora tili va Brayl` alifbosini rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori eshitish va nutqida nuqsoni bo'lgan shaxslarning savodxonligini oshirish, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga ko'rsatiladigan ta'lim xizmatlari sifatini yaxshilash hamda o'zbek imo-ishora tilini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

    Toshkent shahridagi Vebster universitetining ta'lim dasturlarini amalga oshirish markazi ijtimoiy himoyaga muhtoj, eshitish va nutqida nuqsoni bor insonlar jamiyatning to'laqonli a'zosiga aylanishi hamda hayotda o'z o'rnini topishiga ko'maklashish maqsadida 6 oylik bepul imo-ishora kurslarini tashkil etdi.

    Tinglovchilar 6 oy davomida malakali ustozlardan saboq oldi, eshitishda va nutqida nuqsoni bo'lgan insonlar bilan amaliyot o'tkazish imkoniyatiga ega bo'ldi. Soha mutaxassislari ko'rgazmali ma'ruza va amaliy mashg'ulotlar orqali tinglovchilarning bilim va ko'nikmalarini oshirishga yordam berib kelmoqda. Faqat nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmay, nutqida va eshitishda nuqsoni mavjud insonlar bilan muloqot qilish orqali amaliyot olib borish imkoniyatiga ham ega bo'lishdi. Shuningdek, ular bepul darsliklar bilan ta'minlandi.

    Ta'lim dasturlarini amalga oshirish markazida ushbu o'quv kurslarini tashkil etishdan maqsad kar bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga malakali pedagog kadrlar tayyorlash, ularga metodik jihatdan amaliy yordam ko'rsatish, eshitish va gapirishda nuqsoni bor insonlar bilan to'siqsiz muloqot qilish, imo-ishora tilida so'zlashishiga ko'maklashishdan iborat. Kurslar davomida bepul kitoblar taqdim etildi, kursni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilar sertifikatga ega bo'ldi.

    Kurslarda nogironligi bo'lgan, eshitish va gapirishida nogironligi bor shaxslar, farzandlari (yoki yaqin qarindoshlari)da eshitish yoki gapirishda nogironligi borlar, kar bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar o'qituvchilari ta'lim oladi.

    Markazda jismoniy nogironligi bo'lgan tinglovchilar uchun barcha sharoit mavjud. Bundan ko'zlangan maqsad kelajakda maxsus maktab-internatlarda ta'lim berayotgan muallimlarning o'qitish sifatini oshirib, inklyuziv muhit yaratish, eshitish va gapirishida nuqsoni bo'lgan bolalarning muvaffaqiyatli ulg'ayishi uchun zamin yaratishdir. eng asosiysi, bu tashabbuslar ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlar jamiyatning to'liq a'zosi ekanini his etishida muhim omil bo'ladi.

    Rasul RAHMONOV,

    iqtisodiyot fanlari nomzodi, professor