Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida chet elda istiqomat qilayotgan oʻzbek tili mutaxassislari, tarjimonlarni jalb qilgan holda hazratning asarlarini boshqa tillarga tarjima qilish, nashr etish va xorijiy mamlakatlarda taqdimotlarini oʻtkazish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish borasidagi muhim vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtilgan. Hozirgi kunda shoir asarlaridagi umuminsoniy va barhayot gʻoyalarni tadqiq etish jarayoni xorijda ham qizgʻin kechmoqda. Vengriyalik navoiyshunos Benedik PERI bilan suhbatimizda ana shu jarayondagi yutuqlar va muammolarga oydinlik kiritishga harakat qildik. Taniqli navoiyshunos bilan onlayn suhbat uyushtirishimizda bizga filologiya fanlari doktori, professor Aftondil Erkinov yordam berdi.
– Aftondil aka, suhbatimiz avvalida Benedik Perining izlanishlaridagi oʻziga xosliklar haqida aytib oʻtsangiz...
– Professor Benedik Peri mojor turkiyshunosligi vakili, Budapesht shahrida istiqomat qiladi. Sharqshunoslik instituti direktori, Etosh Lorand universiteti turkiyshunoslik kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritadi. Benedik mazkur universitetda ingliz, fors va turkiy tillarni oʻrgangan. Universitetni 1992-yili bitirib, turkiy matnlar boʻyicha mutaxassis boʻlib yetishgan. Mazkur turkiyshunoslik kafedrasi Oʻrta Osiyo turkiy matnlarini oʻrganish boʻyicha uzoq anʼanaga ega.
2017-yili Benedik Peri Toshkentda, Alisher Navoiy tavalludining 576-yilligiga bagʻishlab tashkil etilgan konferensiyada ishtirok etdi va oʻzbek tilida qisqa maʼruza qilgandi. Uning fikrlari juda qiziq: Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lugʻatayn” nomli asarida bunday deb yozgan edi, “Turkiy shoirlar oʻz sheʼrlarini koʻpincha fors tilida yozganlar, chunki ular uchun asrlar davomida bu tilda sheʼr yozish anʼanasiga suyanib ijod qilish osonroq boʻlgan. Lekin Alisher Navoiy turkiy shoirlarga yoʻl koʻrsatmoq uchun oʻzi oʻsha davrda keng tarqalgan adabiy janrlarning barchasida eski oʻzbek tilida asar yozdi. Ayni vaqtda, Alisher Navoiyning eski oʻzbek tilidagi sheʼrlari barcha turkiy xalqlar uchun badiiy namuna boʻldi. 2017-yildan beri B.Peri Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili va adabiyoti universitetida oʻtkaziladigan anʼanaviy “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzuidagi konferensiyalarda oʻz chiqish va maqolalar bilan ishtirok etib kelmoqda. Buning natijasi oʻlaroq, uning “Boburiylar muhitiga Alisher Navoiy va Lutfiy gʻazalchiligining taʼsiri, Bayramxon misolida” hamda “Alisher Navoiy va Hofiz Sheroziyning birinchi gʻazali” kabi maqolalari Oʻzbekistonda nashr etiladi.
Benedik Perining “Alisher Navoiy sheʼrlarining ingliz tiliga tarjimasiga oid mulohazalar: muammo va takliflar” maqolasi Navoiy sheʼriyati tahlili va shoir sheʼrlarini Gʻarb oʻquvchisiga tarjimada tushuntirish masalasiga bagʻishlangan. Unda olim Navoiy sheʼrlarini Gʻarb tillariga tarjima qilishdagi muammolarni koʻrsatib oʻtgan hamda ularni hal etish yoʻllariga oid ilmiy qarashlarini ilgari surgan. Ayni paytda Benedik Peri Alisher Navoiy lirikasiga oid tadqiqotlarini davom ettirmoqda.
***
Endi bevosita Benedik Periga savollar bilan murojaat qilsak...
– Hurmatli Benedik Peri, sizning mumtoz adabiyotimizga, xususan, Alisher Navoiy ijodiga boʻlgan qiziqishingizni nihoyatda qadrlaymiz. Uch yil oldin oʻzbekistonlik olima bilan suhbatingizda: “Men eski oʻzbek adabiy tiliga oid matnlarni oʻqishni talabalik yillarimdanoq boshlagan edim. Esimda, dastlabki oʻqish jarayonlarida koʻplab qiyinchiliklarga duch kelganmiz, chunki bizda bu davr adabiy tiliga oid birorta ham lugʻat yoʻq edi. Afsuski, bu muammo hozir ham oʻz yechimini topgani yoʻq, yaʼni talabalarimiz Navoiy davrida yaratilgan adabiy asarlarni asliyatda oʻqib tushunishlariga moʻljallangan eski oʻzbek adabiy tilining inglizcha lugʻati hanuzgacha yaratilmadi”, degan edingiz. Ayni paytgacha bu muammoga yechim boʻla oladigan saʼy-harakatlar boʻldimi?
– Buyuk shoir tavalludining 580-yilligi arafasida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan eʼlon qilingan qaror bevosita men soʻz yuritgan masalada ham katta oʻzgarishlar yasashiga umid qilyapman. Afsuski, shu kungacha ilmiy lugʻatlar bilan bogʻliq vaziyat oʻzgarmadi. Bizda hanuzgacha Mir Alisher Navoiy va uning zamondoshlari asarlarini oʻqishni osonlashtiradigan klassik oʻzbek(chigʻatoy)-inglizcha lugʻat mavjud emas. Hozirgi kunda biz doktor Suat Yunlu tomonidan tayyorlangan klassik oʻzbek(chigʻatoy)-zamonaviy turkcha lugʻatdan foydalanmoqdamiz. Bu yilgi saʼy-harakatlarimiz va hamkorligimiz tufayli bu kabi muammolar oʻz yechimini topishiga, ilmiy hamkorligimizda yangi ufqlar paydo boʻlishiga ishonyapman.
– Eski oʻzbek adabiy tili Vengriya turkologik tadqiqotlar markazining asosiy va anʼanaviy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Vamberi aynan mana shu yoʻnalishda koʻplab tadqiqotlar yaratgan. Uning “Markaziy Osiyo turkiy matnlarining chigʻatoy tili tadqiqotlari xrestomatiyasi”ga Alisher Navoiyning bir qancha gʻazallari kiritilgan. Shu oʻrinda Vamberining shogirdlari olib borgan izlanishlar va ular oʻrtaga tashlagan qiziqarli mavzularga toʻxtalib oʻtsangiz...
Aftondil Erkinov:
– Bu mavzuda men ham oʻz fikrlarimni bildirib oʻtsam. Darhaqiqat, oʻzbek mumtoz adabiyotini oʻrganish boʻyicha vengriyalik olimlar Yevropada yetakchi oʻrinlardan birini egallaydilar. XIX asrdan oʻzbek mumtoz adabiyotiga Yevropada alohida eʼtibor qaratila boshlangan. Benedik Perining Navoiy ijodini oʻrganishga kirishishi ham bejiz emas. Oʻtgan asrda vengriyalik olim Yanosh Ekman ham Navoiyga oid tadqiqotlar qilgan. Yaʼni mojor olimlarining oʻzbek mumtoz adabiyoti, xususan, Navoiy ijodini oʻrganishi Benedik Peri va uning shogirdlari ilmiy faoliyati orqali davob etmoqda. Marhamat, Benedik Peri, ushbu savolga sizning javobingiz biz uchun juda qiziq...
Benedik Peri:
– Vamberi chigʻatoy tili va adabiyotiga qiziqishini Budapesht universiteti turkshunoslik kafedrasi mudiri sifatida ustoziga ergashgan shogirdi Jozef Turiga meros qilib qoldirgan. U shu mavzuda 3 ta kichik kitob nashr etdi. Biri Markaziy Osiyoda turkiy adabiyot tarixi, umuman, chigʻatoy-forsiy lugʻatlari boʻlsa, bittasi Navoiyning kitoblarini oʻqiyotgan odamlarga yordam berish uchun Eronda tayyorlangan “Bahjat al-lugʻat” deb nomlangan lugʻatdir. Yanos Ekman 1870-yilda Vamberi tomonidan asos solingan turkshunoslik boʻlimida ham oʻqigan va u uzoq vaqt Turkiyada boʻlganida Oʻzbekiston hududida bir vaqtlar gullab-yashnagan adabiy anʼanalarning tadqiqotchisiga aylangan. U xorazmliklar va Chigʻatoy haqida koʻplab maqolalar nashr etdi. Ushbu mavzu boʻyicha taniqli mutaxassisga aylandi. Budapeshtdagi turkshunoslik maktabida ham taʼlim olgan Andras Bodrogligeti Ekman izidan yurib, Chigʻatoy va oʻzbek adabiyoti tarixining turli jabhalariga bagʻishlangan koʻplab maqolalar eʼlon qildi. Uning eng muhim asarlari qatoriga “Chigʻatoy tili grammatikasi“ va “Hozirgi adabiy oʻzbek tili” kabilar kiradi. Yosh avlod vakillaridan Ferents Chirkes taniqli chigʻatoy matni toʻgʻrisida maqola eʼlon qildi. Gulu Navroʻz va Andrash Sentnar Oʻrta Osiyo turkiy-fors tilidagi kitobi boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini yozdilar. Menga kelsak, Hindistonda turkiy til va adabiyot tarixiga bagʻishlangan kitob va bir necha maqolalarim chop etilgan. Shuningdek, men XVI asr oʻrtalarida Hindistonda yashagan Bobur va Bayramxon sheʼrlari haqida yozganman.
– Keyingi yillarda Alisher Navoiy hayoti va ijodiga qiziqish nafaqat Sharq, balki Gʻarb olamida ham ortib borayotgani quvonarlidir. Masalan, Amerikada Devin de Vis, Nikolas Vomsli, Fransiyada Aleksandr Papas, Mark Toutant, Yaponiyada Kazauki Kubo va yana bir qancha olimlar mutafakkir bobomiz ijodi borasida tadqiqotlar olib borgan. Bunday munosabat Gʻarb universitetlari talabalari oʻrtasida ham mavjud. Bugun xorijda Alisher Navoiy hayoti va ijodiga oid qilinayotgan tadqiqotlarga munosabatingiz qanday?
– Men Navoiy ijodi ustida ishlayotgan tadqiqotchilarning aksariyati bilan yaqin hamkorlik qilaman. Masalan, meni Parijda 2020-yilda Mark Toutant tomonidan Navoiy ijodiga bagʻishlangan konferensiyaga taklif qilishdi. Afsuski, pandemiya tufayli ushbu konferensiya bekor qilindi. Buyuk shoir ijodi bilan bogʻliq yangi izlanishlarim va mulohazalarimni taqdim etolmadim. Xalqaro ilmiy anjumanlar biz tadqiqotchilarga juda katta imkoniyatlarni hadya etishi bilan birga kelgusidagi izlanishlarimizga ilhom va shijoat bagʻishlaydi.
– Alisher Navoiy lirikasining aksariyatini ingliz tiliga sheʼriy shaklda oʻgirib boʻlmaydi, deya taʼkidlashadi tadqiqotchilar. Siz, albatta, gʻazallardagi soʻzlar muqobilini topib, oʻsha gʻazal mohiyati aks etgan yangi sheʼr shaklini yaratishingiz mumkin. Ammo Navoiy davri ijodiy anʼanalari muhitida yaratilgan gʻazal u yaratilgan davr yoxud tarixiy muhitdan ajratib olinsa, oʻzining xususiyatini butkul yoʻqotadi. Shunday emasmi?
– Klassik oʻzbek sheʼriyatini Yevropa tillariga tarjima qilmoqchi boʻlcangiz, bir qator qiyinchiliklarga duch kelasiz. Birinchi qadam texnik qiyinchiliklarni yengishdir. Klassik oʻzbek sheʼriyatida miqdoriy oʻlchagichlar, yaʼni vazn qoidalari qoʻllaniladi. Venger tiliga tarjima qilishda siz asl hisoblagichni saqlashga harakat qilishingiz mumkin. Men Boburning bir necha gʻazallarini venger tiliga tarjima qildim va ularning asl nusxasini, mazmunini saqlab qoldim, deb oʻylayman. Ingliz tilida esa vaziyat ancha murakkab. Vazn miqdori odatda asl hajmini saqlamasdan tarjima qilinadi. Ikkinchi muammo shundaki, Navoiy singari koʻzga koʻringan shoirlar soʻzlarni bir necha maʼnolarda qoʻllaydilar. Men hamisha Sharq sheʼriyatining ana shunday tilsimli va murakkab jihatlaridan hayratlanaman. Yana bir jiddiy muammo shundaki, mumtoz oʻzbek va Yevropa adabiyoti turli anʼanalarga ega. Men nimani nazarda tutayotganimni tushuntirish uchun birgina misol keltirsam. Siz mumtoz oʻzbek sheʼriyatining anʼanalari bilan tanishganingizda va Majnun nomini eshitganingizda bevosita koʻp narsalar bilan bogʻlanasiz. Layli nomi darhol sizning xayolingizga keladi. Keyin “aqldan ozgan” oshiq kezayotgan sahro... Yevropalik oʻquvchilarda bular haqida asosiy bilimlar mavjud emas. Shuning uchun ularga batafsil izohlarsiz klassik gʻazalning asl goʻzalligini koʻrsatish qiyin. Men shogirdlarimga koʻpincha: “Sheʼrlar hammasi ham asl holicha tarjima qilinavermaydi. Tarjima qilingan sheʼrlarning esa barchasi ham siz oʻylaganingizdek aslidagi maʼnoni anglatmasligi mumkin”, deyman.
Aftondil Erkinov:
– Tarjima gʻoyat murakkab soha. Bizda Gʻarb tillariga Navoiyni, asosan, ingliz tili (filologiyasi) mutaxassislari tarjima qilishmoqda. Bu unchalik toʻgʻri emas. Sababi, tarjima qilish uchun oʻzbek tilini shu millat vakili boʻlgani holda bilish yetarli boʻlmaydi. Oʻzbeklarning oʻzi ham oʻzbek tili va adabiyotini mutaxassis darjasida bilish uchun oliy oʻquv yurtini bitirishadi. Navoiy sheʼriyati (asarlari)ning tiligina emas, fikrlar olami ham murakkab. Tarjimon Navoiy davri muhiti, oʻzbek mumtoz adabiyoti xususiyatlari, estetik tamoyillarini bilishi kerak. Bundan tashqari, tarjimon qaysi tilga tarjima qilsa, oʻsha til muhiti va kitobxonning estetik olamini bilishi kerak. Har ikkisini birdek biladigan tarjimonlar juda-juda oz. Tarjimadagi mana shu muammolar Navoiyni va uning asarlarini olamga tanitishdagi asosiy kamchilik boʻlib kelyapti. Benedik Peri oʻzbek mumtoz adabiyoti va Navoiy sheʼriyatini Gʻarb kitobxoniga tarjima qilib yetkazishdagi murakkabliklarni taʼkidlagan vaqtida haq gapni aytdi.
– Navoiy ijodining zamonaviy talqinlari yangi nazariy qarashlar, jahon adabiyotshunosligidagi ilgʻor tahlil usullariga asoslanishi lozim. Shu nuqtayi nazardan, siz bugun shoir ijodini oʻrganishda qanday zamonaviy tahlil metodlarini taklif qilgan boʻlardingiz?
Benedik Peri:
– Biz shogirdlarim bilan koʻpincha bitta gʻazalni tahlil qilish va anglash uchun butun sinf birgalikda muhokama qilamiz. Yaxshi sheʼrlarni toʻliq baholash qiyin. Chunki ular oʻzlari tugʻilgan intellektual anʼana haqidagi ishoralar bilan toʻliq boʻladi. Dastlab biz oʻlchamni aniqlaymiz, chunki u sheʼrning toʻgʻri oʻqilishini belgilaydi. Keyin biz satrma-satr bosqichida oʻqiymiz. Ular ichida yashiringan ritorik figuralar va matnlararo tashbehlarni kashf etamiz. Islom va tasavvuf aqidalariga kelsak, talabalarimizda islom dini asoslari boʻyicha darslar bor. Darslarni mutaxassislar oʻtadi. Shu oʻrinda Sharq sheʼriyatining qanchalar goʻzal mushohadaga, ruhiyatni xotirjam qiluvchi ilohiy qudratga ega ekanini taʼkidlab oʻtmoqchiman. Alisher Navoiydek maʼnaviy quyoshi bor yurtda yashaysizlar. Men shu yurtning koʻhna tarixiga va cheksiz maʼnaviy tilsimga ega sheʼriyatiga oshiqman.
– “Mir Alisher Navoiy sheʼriyatini anglashga ilk qadam” nomli kitob yaratish niyatida ekaningizni aytgandingiz. Kitob ingliz tilida boʻlib, unda Navoiy gʻazallaridan namunalar har ikki shaklda, qoʻlyozma shaklida va uning lotin yozuvidagi izohlari bilan beriladi, deya taʼkidlagansiz. Bu ajoyib rejangizni qay darajada amalga oshira oldingiz?
– Hozirgi kunda doʻstim professor Abdulla Aʼzamov bilan ishlayotgan loyihamiz Navoiyning ruboiylari bilan bogʻliq. Gʻazallar oʻrniga biz ruboiyni tanladik. Chunki ularni mumtoz oʻzbek sheʼriyatini endigina oʻrgana boshlagan oʻquvchilar osonroq tushunishadi. Kitobga 40 ta ruboiyni kiritishni rejalashtirganmiz. Har bir ruboiy eski oʻzbek grafikasida ham, lotincha ilmiy trasnkripsiyasida ham mavjud boʻladi. Keyin biz oʻquvchiga prosodiya va poetikaga oid yozuvlarni taqdim etamiz. Shuningdek, biz muhim soʻzlarning lugʻatini, soʻngra ingliz tiliga tarjimasini beramiz. Agar sheʼr qoʻshimcha tushuntirishni talab qilsa, u ham berilgan. Mening tarjimalarim qanday koʻrinishda taqdim etilgani haqida sizga maʼlumot berish uchun misol keltirib oʻtsam:
Šärbät mäŋä ḫunob-u ġaẕā ġam bolmïš
Bistär tofraġ-u āh hämdäm bolmïš
Ḥālimġa ḫalāyiq işi mātäm bolmïš
Sensiz ölärim saʿb edi ul häm bolmïš
Bloody tears are my water and sorrow is my bread,
Sighs are my best friends and the dark ground is my bed.
People saw my sad state and hot tears they did shed,
Fate has never spared me; without you I am dead.
Biz joriy yilda ushbu loyihani boshladik va ishimizning deyarli yarmini bajardik. Ushbu jildni bu yil Alisher Navoiyning 580-yilligiga bagʻishlab nashr etish mumkinligidan gʻoyatda baxtiyorman. Shuningdek, toʻplamimiz mutaxassislar orasida ham, oddiy oʻquvchilar orasida ham ijobiy javob olishiga umid qilamiz.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Muxtasar Tojimamatova suhbatlashdi