"Tajribamni O'zbekistonda muhandislarning yangi avlodini tayyorlashga bag'ishlamoqchiman"

    Zilzila sodir bo'lgan vaqti inson juda noxush holatga tushishi tabiiy. Uning davomiy yoki tez-tez tebranishi esa qattiqroq xavotirga soladi.

    Yerning bunday “gʻazablanishi” binolar ichida kuchayadi. Natijada katta falokatlar yuz berishi mumkin. Bu holatga fanning inshootlar seysmik bardoshliligi sohasi bilan shugʻullanadigan olimlar yaxshi izoh bera oladi.

    Chunki zilzilaga bardoshli bino va uylar mazkur soha vakillari sinovidan oʻtgachgina barpo etiladi. Shunday ekan, inson salomatligi va tinchligini asrashda ushbu masʼuliyatli kasb egalarining oʻrni nihoyatda muhim.

    Inshootlarning seysmik bardoshliligi boʻyicha yetuk muhandis, falsafa doktori (PhD), AQSHning Kaliforniya shtati Berkli shahridagi universitetning yetakchi mutaxassisi, Structures eksperimental laboratoriyasi mudiri Shahzod Tohirov bilan suhbatimiz sohada olib borilayotgan innovatsion va ilmiy yangiliklar xususida kechdi.

    Suhbatimizni Structures eksperimental laboratoriyasining faoliyati xususidagi savol bilan boshlasak. Ayting-chi, ushbu laboratoriyada qanday izlanishlar amalga oshiriladi?

    Eksperimental laboratoriyamizda inshootlarning seysmik bardoshliligi sohasiga doir juda keng koʻlamli ishlar bajarib kelinmoqda. Jumladan, ushbu sohaga tegishli tajribalar oʻtkaziladi.

    Asosiy yoʻnalishimiz binolarning seysmik bardoshliligini oʻrganish boʻlsa-da, shu sohaga aloqasi boʻlgan boshqa tadqiqotlarni ham amalda qoʻllashga harakat qilamiz. Masalan, bino va koʻpriklarning monitoringiga doir koʻplab ishlarni bajarishga muvaffaq boʻldik. Aytish joizki, bu boradagi ilmiy ishlar butun dunyo boʻyicha bajarilmoqda, hatto yurtimizda ham. Shuningdek, energetika sohasiga oid anchagina tadqiqotlarni ham amalga oshiryapmiz. Deylik, qimmatbaho, muhim elektr podstansiyalarda oʻrnatilgan uskunalarning seysmik mustahkamligini oshirish boʻyicha ham tekshiruvlar oʻtkazdik. Qolaversa, dengiz toʻlqinlarining quvvatini elektr quvvatiga aylantirishda qoʻl keladigan innovatsion stansiyani yaratish hamda rivojlantirish boʻyicha faol izlanishlarni davom ettiryapmiz. Ilmiy ishlarga qoʻshimcha ravishda talabalar bilan ham shugʻullanamiz va birga ishlaymiz. Nazariy va amaliy bilimlarni uygʻun olib borish lozim. Shundagina yetuk mutaxassislarni tarbiyalashga erishamiz.

    Kaliforniyaning Berkli universitetida koʻplab tadqiqotlar oʻtkazgan ekansiz. Ayting-chi, izlanishlaringiz qay darajada oʻz samarasini koʻrsatmoqda?

    — Asosiy kasbim qattiq moddalarning deformatsiyaviy mexanikasini oʻrganishdan iborat. Nomzodlik ishimni yoqlash davrida binolarning seysmik bardoshliligi va seysmik toʻlqinlar mexanikasiga tegishli jarayonlarni tadqiq qila boshladim. 1995-yilda tadqiqotlarimni davom ettirish yoʻlida Fulbrayt fondining granti sohibiga aylandim. Olti oy davomida Kaliforniya universitetida oʻz kuzatuvlarimni davom ettirdim. Albatta, bu ilmiy stajirovka mening hayotimda oʻchmas iz qoldirdi. AQSHdan qaytgach esa doktoranturani tamomladim. 1997-yili tadqiqotlarimni davom ettirishim uchun Kaliforniya universitetiga chaqirishdi. 2014-yilga qadar universitetga qarashli Tinch okeanidagi zilzilalar muhandislik tadqiqot markazida ishlab keldim.

    Dastlabki loyihamni jiddiy muammoning yechimiga qaratdim. Yodingizda boʻlsa, 1994-yili AQSHning Norsrij shahrida kuchli yer silkinishi sodir boʻlgandi. Natijada temir romlardan qurilgan binolar ancha shikast koʻrdi. Inshootlardagi ustunlar va gorizontal toʻsinlar bir-biriga payvandlangandi. Zilzila natijasida ushbu payvandlangan choklarning aksariyati yorilgan. Nazariy va eksperimental ravishda olib borilgan tadqiqotimizda bogʻlanish yoʻllarining yangi usullarini amaliyotga tatbiq etdik. Shu tariqa AQSHning qurilish normativlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi.

    Keyingi eng katta loyihalarimdan biri zilzila vaqtida elektrni inshootlardan imkon darajada saqlab qolish masalasiga qaratilgandi. Zilzila taʼsirida elektr energiyasining zarar koʻrishi katta iqtisodiy ziyonga olib keladi. Masalan, Janubiy Koreyada joylashgan Samsung kompaniyasining kompyuter mikrosxemalarini ishlab chiqaradigan zavod yarim soatga elektr energiyasiz qolgani bois 85 million AQSH dollariga yaqin zarar koʻrdi. Bunday muammoni bartaraf etish yuzasidan butun dunyo boʻylab izlanishlar olib borilmoqda. Bizning nazariy va eksperimental tadqiqotimiz natijasida elektrotexnik uskunalarga yangi talablar qoʻyildi. AQSHda va butun dunyo boʻyicha ishlatiladigan IEEE693 normativiga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi. Biz shu standartning ikkita oxirgi versiyasida faol qatnashdik.

    Uchinchi katta ilmiy yoʻnalishim inshoot va uskunalarning seysmik damper va izolyatorlar bilan mustahkamligini oshirish edi. Seysmik izolyatorlar binolar va koʻpriklarning tagiga qoʻyiladi. U xuddi yumshoq yostiqqa oʻxshab ishlaydi. Natijada zilzila vaqtida inshoot joyida turadi, biroq uning tagidagi poydevor yer bilan birga tebranadi. Bu sohada shu vaqtgacha tadqiqotlar olib bordik. Qurilish normativlarining oʻzgartirilishiga koʻmak berdik. Seysmik izolyatorlarning ikkita asosiy turini oʻrganib chiqqanmiz. Birinchisi rezina va temirdan yasalgan boʻlsa, ikkinchisi siljish mexanikasiga asoslangan izolyatorlardir.

    2014-yildan beri oldingi laboratoriyadan besh barobar katta laboratoriyani boshqarib kelyapman. Dastlab menga topshirilgan laboratoriya juda yomon ahvolda edi. Bor kuch va shijoatimni ishga solib, zararga botgan laboratoriyani ikki yilda oʻzini taʼminlaydigan darajaga yetkazdim. Hozirgi kunda biz oʻrtacha 10 ta loyiha ustida ishlamoqdamiz. Barcha ishchilarimizning dunyo miqyosidagi ilmiy yangiliklardan xabardor boʻlishiga jiddiy eʼtibor qaratamiz.

    Bugungi kunda amaliyotga tegishli muammolarga qiziqish juda katta. Tadqiqotlarga qoʻshimcha ravishda dunyoga mashhur kompaniyalar ham oʻzlarini qiynayotgan muammolarning yechimini topish maqsadida bizga murojaat qiladi. Masalan, mijozlarimiz orasida Google, Tesla, USGypsum, Rockfon, Knauf, Mitsubishi, Hilti, Siemens va boshqalar bor.

    — Zilzilaga bardoshli va chidamli qurilmalar boʻyicha juda koʻp izlanish olib borgansiz. Sohangiz boʻyicha koʻplab maʼruzalar oʻqigansiz. Hozir zilzilabardosh qurilishlar boʻyicha qanday innovatsion loyihalarni ilgari suryapsiz va bu boʻyicha qanday ishlar bajarildi?

    — Har bir tadqiqot amaliy muammoga tegishli va u yangi innovatsion usullarni talab qiladi. Bu degani har bir loyihani amalga oshirish jarayonida yangi eksperimental mashina yaratishga toʻgʻri keladi. Dastlab loyihaning konsepsiyasi rivojlantiriladi. Undan keyin uch oʻlchamli chizmalari tayyorlanadi. Eksperimental mashinaning yuqori bosimli kuchlar taʼsirini koʻtara olishi kompyuterda tekshiriladi. Kuzatuvlar natijasida kamchiliklar toʻldirib boriladi. Shundan soʻng kompyuter yordamida boshqariladigan tokarlik uskunasida qismlari tayyorlanadi. Kerak boʻlsa, qismlari bir-biriga payvandlanadi yoki murvat oʻrnatiladi. Soʻng kuch hosil qiladigan gidravlika bogʻlanadi. U esa kompyuter tomonidan boshqariladi. Natijada yagona dizaynga ega eksperiment oʻtkazadigan mashina yasaladi. Bu juda ham murakkab jarayon.

    Oxirgi 10 yil ichida sensorli texnologiyalarida katta oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Bunday zamonaviy rivojlanish jarayonida biz ham faol qatnashib kelmoqdamiz. Shu oʻrinda ikki masalaga toʻxtalib oʻtmoqchi edim. Koʻpincha Kaliforniya shtatida katta yongʻinlar boʻlib turadi. Koʻp insonlar oʻz vaqtida qochib ulgurmasligi sababli oʻlim holatlari roʻy berayotgani achinarli hol. Oxirgi yongʻinda toʻqsonga yaqin odam halok boʻldi. Asosan yongʻin holati issiq kunlarda shamolning taʼsirida qayd etilayotganini alohida taʼkidlashimiz mumkin. Daraxt shoxlari elektr simlarining uchiga tegib ketgani tufayli uchqun sodir boʻlmoqda. Men shu masalaga yechim topish istagida yangi usulni oʻylab topdim. Gʻoyamni shakllantirishda lazerli skanerlarning yordamiga tayandim. Avtomobillarga oʻrnatilgan lazerli skanerlar atrofdagi obyektlarni katta aniqlikda yozib olishga qodir. Olingan maʼlumot boʻyicha daraxtning yoki daraxt shoxlarining xavf solishi mumkinligi va uning kesilishi kerak boʻlgan hajmini bilsak boʻladi.

    Ikkinchi misol “aqlli shahar” tarmoqlariga tegishli. Aniqligi yuqori boʻlgan lazerli skanerlash usuli orqali binolarning deformatsiya holati monitoring qilinadi. Bu sensor simsiz rejimda ishlaydi. Maʼlumotni zudlik bilan monitoring markaziga yetkazishi mumkin. Olingan xabardan xulosa qilgan holda binodagi odamlarni evakuatsiya qilish, uning yoniga bormasdan va ichiga kirmasdan turib markaz tomondan qabul qilinishi mumkin.

    Ayni damda Oʻzbekistonda ham yangi laboratoriyalar tashkil etishga harakat qilyapmiz. Laboratoriyalarda ishlash uchun bilimdon muhandislar nihoyatda zarur. Afsuski, yurtimizda bunday mutaxassislar sanoqli. Kaliforniya universitetidagi laboratoriya yangi muhandislarni tayyorlashga shay.

    — Binolarning zilzilaga bardoshliligi boʻyicha boshqa mamlakatlarda ham kuzatuv ishlarini bajargan ekansiz. U yerda qanday muammolar kuzatilmoqda? Muammolar yechimi boʻyicha qanday chora-tadbirlar koʻrilmoqda?

    — Bizning tajribamiz va bilimimizga dunyo boʻyicha talab katta. Universitetda amalga oshirilayotgan tadqiqotga qoʻshimcha ravishda dunyo boʻyicha koʻplab amaliy muammolarni yechishda qatnashib kelyapman. Jumladan, yana bir izlanishim AQSHdagi eng yirik loyihalardan biri — quyosh nurini elektr energiyasiga aylantiradigan stansiya qurilishi bilan bogʻliq. Ivanpax nomli bu stansiya Nevada va Kaliforniya shtatlari chegarasida joylashgan choʻlda qurilgan. Bu yerda kuchli shamollar boʻlib turadi. Quyosh nuri oynalar bilan bitta nuqtada yigʻiladi. Shu nuqtaga qarata katta hajmli qozon qoʻyilgan. Qozon minoraning ustida oʻrnatilgan (hammasi boʻlib uchta minora qurilgan). Kuchli shamol esganda minoralar titrashi oqibatida nur yigʻilgan nuqtadan qozon siljib qolishi mumkin. Ushbu silkinishni kamaytirish uchun maxsus damper oʻrnatilgan. Bizning vazifamiz shu damperning toʻgʻri ishlashini isbotlashdan iborat edi.

    Yirik loyihalarimizdan yana biri Yangi Zelandiyada qurilayotgan katta elektrik podstansiyaga tegishlidir. Eʼtiborimiz hamma elektr uskunalarning seysmik bardoshliligini taʼminlashga qaratilgandi. Zimmamizga qoʻyilgan burchni ado etish yoʻlida dunyo boʻyicha tadqiqotlar olib bordik. Barcha uskunalarning seysmik bardoshliligi seysmoplatformalardagi zilzila taʼsirida isbotlandi. Mazkur eksperimentlarni AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Gretsiya va boshqa mamlakatlarda oʻtkazishga erishdik.

    Bundan tashqari, yana bir ishimiz Meksikadagi ichimlik suv taʼminlaydigan trubalarning seysmik mustahkamligini yaxshilashga qaratildi. Ushbu trubalar eski normativ qoidalar asosida qurilgan. Hozirgi zamon talablariga mutlaqo mos emas. Meksika shahri esa koʻlning oʻrnida qurilgani bois choʻkib borayotgandi. Kuchli yomgʻir yoki zilzila vaqtida oʻpirilish holati roʻy beradi. Oqibatda suv taʼminoti koʻp vaqtgacha toʻxtatilardi. Ushbu muammoga yechim topish maqsadida bizni chaqirishdi. Ancha vaqt olib borilgan kuzatuvlarimiz va tahlillarimiz natijasida ushbu trubalarni yangi texnologiya asosida Yaponiyada ishlab chiqariladigan trubalarga almashtirish lozimligini aniqlashga erishdik.

    Tabiiyki, tarixiy obidalar har bir mamlakatning koʻrki va faxridir. Ularni uzoq yillar saqlash maqsadida qanday ishlar amalga oshirilyapti?

    — Tarixiy obidalarni saqlashda dunyo boʻyicha bir qancha ishlarni amalga oshirib kelayotganimiz koʻpchilikka ayon. Tadqiqot uchun, albatta, innovatsion texnologiyalarga tayanamiz. Birinchi xalqaro tadqiqotimiz 2010-yili Gaitining Port-o-prins shahrida yuz bergan zilziladan keyin boshlandi. Ushbu tadqiqotda innovatsion lazer skanerlashtirish texnologiyasini qoʻlladik. Lazer skaner obyektning million yoki milliard nuqtasini uch oʻlchamda aniqlab, ularni yigʻib, yozib oladi. Natijada obyekt geometriyasi nuqtalar buluti shaklida qayd etiladi. Shu texnologiya asosida dunyoda birinchi marta binolar va inshootlarning shikastlanishlarini uch oʻlchamda oʻlchadik hamda shu murakkab oʻlchamlarni oddiy, muhandislar uchun tushunarli holatga aylantirib berish usullarini rivojlantirdik. Shunga oʻxshash ishlar 2014-yilda AQSHning Napa shahrida boʻlgan zilziladan keyin ham davom ettirildi. Zilzila natijasida binolar va inshootlarning shikastlanishlari tekshirildi va tiklash usullari tavsiya qilindi.

    Oʻzbekistonda lazer texnologiyasini 2013-yildan boshlab qoʻllab kelyapmiz. Birinchi tadqiqotimiz Samarqandning Registon maydonini lazer skaner bilan oʻlchab chiqishdan boshlandi. Undan keyin Toshkent, Buxoro va Shahrizabzdagi tarixiy obidalarni lazer skaner bilan oʻrgandik. Yigʻilgan nuqtalar buluti asosida bir necha binoning kompyuterlashtirilgan modellari yaratildi. Ushbu modellarning zilzila taʼsiriga bardoshliligi kompyuterda tekshirildi. Shu tadqiqot natijalari boʻyicha rekonstruksiyaga tegishli strategiya usullari rivojlantirildi. Innovatsion damperlarning binolar mustahkamligini oshirishda juda yaxshi usulligi koʻrsatildi. Bu damperlar zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgan. Qolaversa, ular kam joy egallaydi va obidalarning tashqi koʻrinishiga u darajada taʼsir koʻrsatmaydi.

    — Siz haqingizdagi maʼlumotlarda Oʻzbekistondagi ilmiy jamoatchilik bilan aloqalaringiz ham qayd etilgan. Zilzilabardoshlilik boʻyicha yurtimizda rivojlanish qay darajada? Bu borada qanday yangi texnologiyalar qoʻllanmoqda?

    Asosiy taʼlimni Oʻzbekiston va Rossiyada olganman. Yoshlikda olingan bilim toshga oʻyilgan naqsh kabidir. Bizda nazariy taʼlim kuchli boʻlgan. Lekin nazariy bilim amaliyotda qoʻllanmasa, esdan chiqadi. Talabalik davrida yoshlar nazariyani tadqiqot orqali mustahkamlasa, bu bilim butun umr xotirasida muhrlanadi.

    Afsuski, yurtimizda dunyo darajasidagi eksperimental uskunalar va laboratoriyalar mavjud emas. Zilzila kuchi juda qattiq zarba beradi. Bunday kuchga chidamli texnologiyalarni yaratish va tekshirish uchun maxsus binolar va uskunalar kerak. Shu bois men bilimim va tajribamni Oʻzbekistonda muhandislarning yangi avlodini tayyorlashga bagʻishlamoqchiman. Xalqaro tadqiqot va taʼlim markazi ochilishi boʻyicha oʻz taklifimni Kaliforniya universiteti orqali yozib, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga topshirdim. Oʻylaymanki, markaz bir-biriga yaqin boʻlgan koʻp muhandislarni birlashtirib, Oʻzbekistondagi sohaga doir amaliy muammolarni yechishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, markaz qoshida zamonaviy dunyo talablariga mos laboratoriya ochishni ham tavsiya qilyapmiz. Biz yoshlarni maktab davridan muhandislikka qiziqtirib, keyinchalik talabalik paytida ular bilan ishlashni davom ettirishni eʼtiborga oldik. Eng iqtidorli talaba va aspirantlarni shu markazda tadqiqotlarga jalb etish niyatidamiz. Markazda ishlashga dunyo boʻyicha taniqli ekspertlarni ham taklif qilishni koʻzlab qoʻydik.

    Maqsadim shuki, markazda bajarilgan tadqiqotlar natijasida Oʻzbekistonning qurilish normativlari zamonaviy talablarga mos ravishda oʻzgartiriladi. Ikkinchidan, innovatsion monitoring usullari asosida qurilgan bino va inshootlarning mustahkamligi muntazam kuzatib boriladi. Uchinchidan, laboratoriyaning bir qismi temir yoʻllarning muammolarini bartaraf etishga qaratilishini ham inobatga oldim. Bu jarayonda poyezdlarning tezligi va ogʻirligini oshirish muammolari yechiladi. Keng qoʻlamdagi ishlar innovatsion monitoring usullari va eksperimentlar yordamida amalga oshiriladi. Masalan, tezyurar poyezddan yozib olingan kuchlar laboratoriyada takrorlanishi va shu kuchlarni kamaytirish yoʻli topilishi mumkin. Shuningdek, laboratoriyada katta seysmoplatforma oʻrnatilishi tavsiya qilingan. Unda katta yoki asl masshtabda boʻlgan binolarning zilzilabardoshliligi tekshiriladi. Qoʻshimcha tarzda Oʻzbekistonda chiqqan elektr uskunalarning seysmik bardoshliligi tekshirilib, chet elda sotilishi uchun seysmik kvalifikatsiyadan oʻtkaziladi. Markazda yigʻilgan maʼlumotlar yangi zamonaviy va innovatsion usullar bilan tahlil qilinadi: sunʼiy intellektga tegishli usul, yangi sensorlar va yangi monitoring usullari yaratiladi.

    Kelgusidagi rejalaringiz bilan ham oʻrtoqlashsangiz. Hozir qanday izlanishlar bilan bandsiz?

    Ayni damda mazkur xalqaro markazni hayotga tatbiq etishga harakat qilyapman. Yaqinda yana bir grant gʻolibi boʻldim. Grantga AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi orqali mablagʻ ajratilgan. Loyihamga doir ishlar yurtimizda olib boriladi.

    Bu grant boʻyicha chet elda orttirgan bilim va tajribamni yosh tadqiqotchilar bilan boʻlishish maqsadida Urganch davlat universiteti qoshida ikki haftalik tadqiqot maʼruzalari oʻqish va laboratoriyaga oid darslar berish arafasidaman. Albatta, maʼruzalarimni tinglagan talaba, aspirant va pedagoglar zamonaviy innovatsion monitoring usullari boʻyicha yetarlicha maʼlumotga ega boʻlishi mumkin. Taʼlim jarayonining yakuniy amaliy qismi qadimgi Xiva shahrida boʻlib oʻtishini rejalashtirdim. Qadimgi inshootlardan birini tanlab, uni lazer skaner va boshqa innovatsion monitoring usullari orqali oʻrganamiz.

    Zilzilabardoshlilik va boshqa xavf-xatarlarning oldini olish boʻyicha bilim va tajribaga ega xalqaro ekspertlarni ham Oʻzbekistonga jalb qilishga kirishdim. Shuningdek, dunyoga mashhur Miyamoto International kompaniyasining filialini Toshkentda ochishga erishdim. Uning dunyo boʻyicha 20 ta filiali mavjud edi. Oʻzbekistondagi filiali yigirma birinchi boʻldi.

    Xursandmanki, tashabbusim tufayli 2019-yili 750 nusxadan ortiq ilmiy kitob va jurnallar Oʻzbekiston milliy kutubxonasiga yetkazildi. Bu aksiyada koʻplab vatandoshlarimiz va AQSHning taniqli professorlari qatnashdi.

    Xullas, qoʻl qovushtirishga vaqt yoʻq. Rejalar va ishlar bisyor. Hayotda erishgan yutuqlarimda oilamning yordami nihoyatda katta. Doimo meni qoʻllab-quvvatlagani uchun, avvalo, turmush oʻrtogʻim hamda farzandlarimdan juda minnatdorman.

    Sevara ABDULLAYEVA suhbatlashdi.