Bir qiyot farzandiga taʼzimda boʻldi jahon

    Fikr 28 Avgust 2023 2262

    Abu Rayhon Beruniyning nomi va jahon ilmi tarixida egallagan oʻrni oʻz davridayoq maʼlum va mashhur edi.

    Ilmu fanda beqiyos iz qoldirgan buyuk ajdodimiz merosini chuqur oʻrganish maqsadida Prezidentimiz 2022-yil 25-avgustda buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Ushbu tadbir YUNESKO Bosh konferensiyasi qarori bilan 2022-2023-yillarda nishonlanadigan xalqaro yubileylar roʻyxatiga kiritilgan.

    Kuni kecha davlatimiz rahbarining “Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO – Oʻzbekiston xalqaro mukofotini taʼsis etishni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Bu hujjat jahon tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk mutafakkir va qomusiy olimning ilmiy-maʼrifiy merosini xalqaro darajada chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish, Oʻzbekiston va YUNESKO oʻrtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni yanada kengaytirish borasida qoʻyilgan ulkan qadamdir.

    Filologiya fanlari doktori, professor Nasimxon RAHMONOV bilan suhbatimiz Abu Rayhon Beruniy asarlari, ulardagi tarixiy shaxslar va turli xalqlar anʼanalari borasida bitilgan muhim maʼlumotlar haqida boʻldi.

    — Abu Rayhon Beruniy ijodiga, faoliyatiga, ilmiy merosiga mamlakatimizda va xalqaro darajada qaratilayotgan bunday eʼtibor quvontirmay qoʻymaydi, albatta, — deydi N.Rahmonov. — Oʻrta asrning mashhur olimlaridan Abdulkarim as-Samʼoniy “Nasablar kitobi” asarida quyidagilarni yozadi: “Kimki shahardan tashqarida tugʻilgan boʻlsa, bunday odamni “falonchi beruniy” deydilar. Munajjim Abu Rayhon shunday nisba bilan mashhurdir”. Bu oʻrinda Samʼoniy Beruniyni munajjimlik ilmining taniqli namoyandasi sifatida aytib oʻtyapti. Haqiqatan ham, u astronomiya va astrologiyaga oid “Munajjimlik sanʼatidan boshlangʻich tushunchalar” asarini yozgan.

    XIII asr boshlarida yashagan mashhur sayyoh va geograf Yoqut Hamaviy Beruniyning nomaʼlum shaxsga qarata yozgan sheʼrini keltiradi. Hamaviyning yozishicha, bu sheʼrida Beruniy bobosi va otasining kimligini bilmasligi, onasi oʻtin tashuvchi boʻlgani haqida xabar beradi. Shu tariqa Beruniyning tarjima holini boshqa muarrixlar yozib qoldirgan maʼlumotlardan tiklash mumkin.

    — 27 yoshli olim “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarini yozish uchun ona tili xorazmchadan tashqari soʻgʻd, fors, suryoniy, yunon va qadimgi yahudiy tillarini oʻrganadi. Asardagi rivoyat va afsonalarning asl yoki soxta ekanini aniqlashda tadqiqotchi qanday usullardan foydalangan?

    — Bu asar Beruniyga katta shuhrat keltiradi. Olim uni 1000-yili yozib tugallagan edi. Yuksak isteʼdod egasi boʻlgan zukko tadqiqotchi oʻz salohiyati va bilimini insoniyatning maʼnaviy jihatdan yuksalishiga bagʻishladi.

    Tadqiqotchi “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarini yozishga Shams al-Maoliy, yaʼni 998-1012-yillarda Xorazmda va, umuman, Kaspiy oldi viloyatlarida hukmronlik qilgan Qobus ibn Vashmgir daʼvat etgani toʻgʻrisida eslatar ekan, zamonni Xudo adolatli yoʻlboshchisiz qoʻymasligini shukronalik bilan taʼkidlaydi. Bundan ming yillar narida alloma aytgan gaplarning naqadar haq ekanini bugungi kunda xalqimiz ham koʻrib, guvoh boʻlib turibdi. Bunday adolatli hukmdorlar Allohning xalqqa bergan ulugʻ neʼmatlaridan boʻlib, odamlar qiyinchiliklarga duch kelganida odil va gʻamxoʻr hukmdordan panoh tilaydi, shunday yoʻlboshchining boʻlib turishini Alloh odamlarga farz etgan, deb biladi Shams al-Maoliy.

    Beruniyning iqtidori va quvvai hofizasi oʻz davrida koʻplab allomalar eʼtiborini jalb qilgan. “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asari tarkibidagi afsona va rivoyatlar fikrimizga bir dalil boʻlib, ular muayyan tarixiy voqeani dalillash yoki rad qilish uchun keltirilgan. Zotan, Beruniy mazkur asari yozilishi sabablarini koʻrsatganda, bu vazifa nihoyatda murakkab boʻlganini eʼtirof etadi. Beruniy rivoyat va afsonalarning haqiqiylarini ajratib, saralab olish uchun imkoni boricha harakat qiladi. Yolgʻon va soxta rivoyatlar qadimgi Sharq xalqlarining yil hisoblari haqidagi aniq ilmiy xulosalariga xalaqit berganini, ayniqsa, yolgʻon xulosalarga olib kelganini alohida taʼkidlaydi. U rivoyat va afsonalarni tanlashda oʻzi tayangan va asoslangan usul haqida bunday yozadi: “Men tutgan yoʻl va belgilagan usul oson emas, balki uzoq va qiyin yoʻldir. Xabar va rivoyatlarga koʻplab kirib qolgan yolgʻon soʻzlarning hammasi ham ravshan emas. Boshqa dalillar boʻlmaganda baʼzilarining yolgʻonligini bilib boʻlmasdi. Odamlar hozir ham, oʻtgan zamonlarda ham shunday tabiiy hodisalarga duch kelgan. Agar oʻshanday hodisalar uzoq zamonlarda yuz bergan, deb hikoya qilinsa, albatta, biz unga ishonmas edik. Xalqlardan bittasiga tegishli xabarlarning hammasini aniqlab bilishga inson umri kifoya qilmaydi-yu, hamma millatlar haqidagi xabarlarni bilishga qanday kifoya etsin?! Bu mumkin emas!”

    “...mendan soʻralgan narsaga yetkazuvchi vositalarning eng muhimi – qadimgi millatlar haqidagi rivoyatlar, oʻtmish avlodlar toʻgʻrisidagi xabarlarni bilishdir, chunki bularning koʻpchiligi u millatlar avlodidan va ularning rasmu rusum va qoidalaridan iboratdir...”. Beruniyning shu xulosasidan maʼlum boʻladiki, olim oʻz asarida yil hisobi va eralarni aniqlashda dalillarni puxta tanlashga alohida eʼtibor qaratgan. Qolaversa, adabiy janrlar – rivoyat va xabarlar qachon yil hisobi uchun aniq maʼlumot boʻlib xizmat qilishini asoslashga intildi. Ammo buning har doim ham imkoni yoʻq. Bu imkonsizlikni Beruniyning oʻzi eʼtirof etgan. Quyidagi dalilga eʼtibor beraylik. Shogirdlaridan biri Beruniydan “Nima uchun asarlaringizda baʼzi muhim masalalarni ochiq va ravshan misollar bilan bayon qilmaysiz?” deb soʻraganda, “Ijtihodli va ilm doʻsti boʻlgan oʻquvchi asarlarimdagi maqsadlarni tushunib oladi. Koʻpchilik tomonidan fahmlanish yoki fahmlanmasligining, meningcha, ahamiyati yoʻq”, deb javob bergan ekan. Umuman, Beruniy oʻz asarlarini ancha qiyin, qisqa va diqqatli iboralar bilan bayon etgan.

    Beruniy Markaziy Osiyoning qadimiy madaniyati bilimdoni sifatida asarlarida oʻz davrida munozarali boʻlgan ayrim masalalarni ham oʻrni kelganda hal qilib, ham koʻplab tarixiy shaxslar va yangi qarashlarni qayd etib ketgan. Shunday emasmi?

    — Iskandar, Doro, Filipp, Bobak, Xorun ar-Rashid kabi qator tarixiy shaxslar va ularning tarixda oʻynagan ijtimoiy-siyosiy roli, Batlimus, Abu Sumoma, Muhammad al-Hoshimiy, Abu Iso al-Varroq kabi olimu fuzalolar va ijodkorlar ahlining Sharq ilm-faniga qoʻshgan hissasi haqida soʻz yuritganda Beruniyning qiziqish doirasi nihoyatda keng ekaniga guvoh boʻlamiz, alloma fanning koʻp sohalaridan yaxshi xabardor boʻlganiga ishonch hosil qilamiz.

    Yoki Beruniy jahon tarixining va oddiy arifmetik hisoblarning ilk kashfiyotchisi ekani uning quyidagi maʼlumotlaridan maʼlum boʻladi: “Eshitishimcha, eronliklardan peshdodiyya (Eron podshohlarining afsonaviy sulolasi) podshohlari – bu kishilar butun dunyoga podshoh boʻlganlar – yilni uch yuz oltmish kun va yilning har bir oyini ortiq-kamsiz oʻttiz kun qilganlar, har olti yilda yilga bir oy qoʻshganlar va oʻsha yilni “kabisa” (qoʻshimcha demakdir) deb ataganlar; har bir yuz yigirma yilda yilga ikki oy qoʻshganlar... Ular kabisa yilini ulugʻlab, “barakali” yil deb atar va bu yilda ibodat hamda yaxshi ishlar bilan mashgʻul boʻlar ekanlar”.

    Beruniy diniy bagʻrikenglik borasida qarashlarini oʻrtaga tashlar ekan, har bir paygʻambarga yoki dinga xolis yondashgan holda talqin qiladi, faqat subyektiv qarashlari bilan cheklanib qolmaydi. Ibrohim alayhissalom tarixi va u bilan bogʻliq voqealar, butparastlikka qarshi harakatlari islomdagi va iudaizmdagi voqealardan keskin farq qiladi. Shundan bilish mumkinki, Beruniy dinshunos olim sifatida Sharq dinlari tarixini puxta oʻrgangan, dinlarning maʼnaviy hayotdagi roliga, insoniyatni toʻgʻri yoʻlga solishga va ularning solih hayot kechirishlariga yoʻl koʻrsatgan. Beruniy Tavrot va Injilga ishonchli manba sifatida qaragan, qorishib ketgan dinlarning paydo boʻlishiga oid dalillarni oʻrgangan. Masalan, Suriyadagi somiriylar, Ibrohim alayhissalomning vatani Xarrondagi xarroniylarning dinlari qorishiq ekanini va ularning qaysi dinlardan paydo boʻlgani haqida qarashlarini oʻrtaga tashlaydi. Bu dinlarning oʻz davrida ijtimoiy va siyosiy hayotda qanday rol oʻynaganini yoritadi. Dinlar paydo boʻlishidagi har bir ikir-chikirga eʼtibor berishidan maʼlum boʻladiki, din tarixi xalqlarning ijtimoiy, siyosiy hayoti bilan bevosita aloqador, Beruniy masalaning shu jihatlariga jiddiy yondashgan. Zardusht, Moniy va Budda taʼlimotlaridagi shu omillarga alohida diqqatli boʻlgan.

    U bir oʻrinda bunday yozadi: “Xorazm va Soʻgʻdning qadimgi xalqlari eronliklar dinini (zardushtiylikni nazarda tutayotir) qabul etib, ularga boʻysungan va eronliklar hukmronlik qilgan vaqtida ularga mansub boʻlgan kishilar ham bu yoʻldan yurganlar.”

    Taʼkidlaganingizdek, olim Markaziy Osiyoning qadimiy madaniyati bilimdoni sifatida oʻz davrida munozarali boʻlgan ayrim masalalarni ham oʻrni kelganda hal qilib ketadi. Jumladan, Zardusht shaxsi va zardushtiylik oqimi toʻgʻrisida soʻz yuritganda, “Avesto” tarixiga oid dalillarini bayon qiladi. “Avesto”ning yozilishi, tillarning paydo boʻlishi va yer yuziga tarqalishiga oid qarashlarini ilgari suradi. “Avesto” tarixi va unga bogʻliq holda Zardusht tarixi toʻgʻrisida soʻz yuritganda, nazarimizda, Beruniyning bu tarixga oid qarashlari ishonchli tuyuladi. Zotan, u “Avesto”ni asliyat matnga va boshqa qadimgi manbalarga tayangan holda oʻrgangan. Shu bois, uning “Avesto” haqidagi qarash va tahlillariga ishonmasligimizga asos yoʻq. Bizningcha, Beruniy Zardusht shaxsi va “Avesto” haqida alohida toʻxtalishiga sabab shuki, azaldan koʻp xalqlar ularni oʻzlariga nisbat berganlar. Beruniy ana shu chalkashliklarni bartaraf etishni oldiga maqsad qilib qoʻygan.

    — “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”da olim turli xalqlarga mansub etnografik maʼlumotlar bilan birga, ularning ijodiy faoliyatiga ham alohida eʼtibor qaratgan. Beruniy oʻz asarida keltirgan dalillar va tanqidiy qarashlar manbai nima edi?

    — Moniy shaxsi va uning taʼlimotini ham Beruniy shu asarida batafsil yoritadi. Beruniy keltirgan maʼlumotlarga qaraganda, Moniy paygʻambarlik daʼvo qilgan odamlardan boʻlib, majusiylar, nasroniylar va sanaviya (ikkilanuvchilar degan maʼnoni bildirib, nur va zulmat oʻrtasidagi qarashga ishonuvchilar) mazhablarini yaxshi bilgan edi. Moniy ishlab chiqqan va keng ommaga targʻib qilgan qonunlarning hayotiyligini Beruniy izchil bayon qilib beradi. Moniy yaratgan asarlarning mazmun-mohiyatini uqtiradi. Jumladan, Beruniy Moniyning “Shoburaqon”, “Tiriklar xazinasi”, “Jabborlar haqida kitob”, “Sirlar kitobi” kabi asarlari haqida soʻz yuritadi.

    Mutafakkir Moniy taʼlimotiga aslida zararli deb qaramaydi. Biroq Moniy oʻzini paygʻambar deb atagani sababli Beruniyning tanqidiga uchradi. Moniyning Shopur ibn Ardasherga bagʻishlab yozgan “Shoburaqon” kitobidan Beruniy keltirgan quyidagi jumlaga eʼtibor beraylik: “Hikmat va yaxshi amallar doimo Xudoning elchilari vaqti-vaqti bilan keltirib turganlarning oʻzidir. Bir zamon u hikmat va yaxshi amallar Bud (Budda demoqchi) ismli elchi orqali Hindiston mamlakatiga, bir zamon Zardusht orqali Eron zaminiga va bir zamon Iso orqali Magʻrib zaminiga yuborilgan. Soʻngra bu oxirgi asrda men Moniyga – haqiqiy Xudoning elchisiga – shu vahiy tushirilib va shu paygʻambar keltirilib, men orqali Bobil zaminiga yuborildi”.

    Moniy aytgan yaxshi amallar va hikmat nimalarni oʻz ichiga oladi? Agar Moniyning taʼlimotini oʻz ichiga olgan bitiklariga sinchiklab eʼtibor bersak, Beruniy Moniyning va paygʻambarlikka daʼvo qilgan boshqalarning hikmatlari va yaxshi amallari hamma zamonda ham jamiyatga foydali boʻlganini aytganini koʻramiz. Xususan, Moniyning yer yuzidagi jamiki insoniyat iqtisodiy tomondan teng yashamogʻi kerak, boy va kambagʻal boʻlishi kerak emas, insonlar ortiqcha molparastlikdan voz kechib, ehtiyojiga yarasha narsalardan qanoatlanishi har bir inson uchun zaruratdir, degan gʻoyalari sababli bu mazhab XIX asrgacha Yevropada “amaldagi kommunizm”, deb eʼtirof etilgan edi.

    Beruniy soʻgʻdiylar, xorazmliklar oylaridagi hayitlar haqida toʻxtalganda, ular oʻxshash ekanini taʼkidlaydi. Har ikkalasiniki esa eronliklarning hayitlaridan farqli ekanini eslatib oʻtadi. Rumliklar oylaridagi hayit kunlarining oʻziga xosligini ham bayon qilib beradi. Yahudiylar, nasroniylarning roʻza va hayit kunlarini nihoyatda sinchkovlik bilan tahlil qilib chiqadi. Beruniyning turli xalqlardagi etnografik maʼlumotlarga alohida diqqat qilishining sabablarini shunday izohlash mumkinki, birinchidan, Sharq xalqlarining turmushi, udum va urf-odatlari oʻsha xalqlarning hayot tarzini ifodalagan; ikkinchidan, Sharq xalqlarining maʼnaviy yuksalishi, oʻzligini saqlab qolishi ayni ana shu bayramlarga bogʻliq boʻlgan. Qolaversa, turli dinlarga mansub xalqlarning bayramlari ularning yashovchanligi uchun asosiy omillardan edi.

    Abu Rayhon Beruniyning yuksak salohiyati “Mineralogiya”, “Geodeziya”, “Qonuni Maʼsudiy”, “Hindiston” kabi asarlarida ham yaqqol namoyon boʻladi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi.