Aholisining qariyb 60 foizini 30 yoshgacha boʻlganlar tashkil etadigan yangi Oʻzbekistonda keyingi yillarda navqiron avlodning huquq va manfaatlarini taʼminlash, munosib taʼlim olishi, isteʼdod va qobiliyatini roʻyobga chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Oʻtgan qisqa muddatda ushbu yoʻnalishda 100 dan ortiq qonun hujjati qabul qilinib, ular asosida yangi imkoniyatlar yaratilgani, umuman, yoshlar bilan ishlashning zamon talablariga mos yangi tizimi yoʻlga qoʻyilgani fikrimizni tasdiqlaydi. Yoshlar bilan davlat hokimiyati organlari oʻrtasidagi munosabatlarning huquqiy asoslari har qachongidanda mustahkamlangani ham alohida muhim jihatlardan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi, ularning taʼlim olish, sogʻligʻini saqlash, uy-joyli boʻlish, ishga joylashish va dam olish huquqlarini taʼminlash uchun yetarli sharoit yaratishi zarurligi belgilab qoʻyildi. Bugun Bosh qonunimizda aks etgan normalar hayotga toʻliq tatbiq qilinmoqda. Asosiysi, bu imkoniyatlardan mamlakatimiz yoshlarining barchasi faol foydalanyapti. Hozir hech bir yosh davlatimizning eʼtibori va gʻamxoʻrligidan chetda qolayotgani yoʻq.
Darhaqiqat, yoshlarga taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi uchun keng yoʻl ochildi, qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarishi, hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. “Yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash usullari joriy etilgani natijasida yoshlar muammolari joyida oʻrganilib, oʻz vaqtida va samarali hal etilmoqda.
Yigit-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb qilish maqsadida 2020-yilda Qonunchilik palatasi huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etilgandi. Bugun Yoshlar parlamenti yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularni qonunchilik jarayoniga jalb qilishda muhim platforma vazifasini oʻtayapti. Shu bilan birga, yoshlar va davlat oʻrtasida koʻprik vazifasini bajarib kelmoqda.
Oʻtgan qisqa muddatda Yoshlar parlamenti navqiron avlodning siyosiy-huquqiy bilim va koʻnikmalarini yuksaltirish, jamiyat hayotiga daxldorligini kuchaytirish, siyosiy faolligini oshirishga xizmat qiladigan muhim institut sifatida shakllandi. Tom maʼnoda oʻgʻil-qizlarning oʻz fikrlarini baralla aytishi uchun yuksak minbar boʻldi.
Yoshlarning har tomonlama rivojlanishi, taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli oʻtgan 8-yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra koʻpaydi. Qisqa muddatda 42 foiz yosh oliy taʼlimga qamrab olindi.
Birgina 2024-yilning oʻzida “Yoshlar daftari” orqali 155 ming yigit-qizga 345 milliard soʻmlik moliyaviy yordam koʻrsatildi. Magistraturada tahsil olayotgan talabalar soni 7 barobar ortgan boʻlsa, xotin-qizlarning kontrakt toʻlovi davlat tomonidan qoplab berilayotgani tufayli ular soni 11 barobar koʻpaydi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali soʻnggi 7-yilda 2300 yosh xorijiy davlatlarda oʻqish imkoniyatiga ega boʻldi. Bu raqam oʻtgan 25-yilda davlat hisobidan yuborilgan yoshlar sonidan 3 barobar koʻp deganidir. Ilmiy salohiyatni oshirish borasida ham sezilarli natijalarga erishildi. Ilmiy darajali yosh olimlar soni 2 barobar ortib, 4357 nafarga yetdi.
Yoshlarning til oʻrganishga qiziqishi ham ortib bormoqda. Buni soʻnggi 3-yilda til oʻrganayotganlar soni 2 millionga yetgani, IELTS imtihonidan yuqori ball olganlar soni esa 5 barobar oshgani misolida koʻrish mumkin.
Erishilgan natijalar bilan bir qatorda yoshlar kelajagini yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi tashabbuslar ham ilgari surilmoqda. Xususan, axborot texnologiyalari sohasida yoshlarni, ayniqsa, qizlarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. 2024-yilda 25 ming qiz axborot texnologiyalari boʻyicha bepul oʻqitilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkichni 2 barobar oshirish rejalashtirilgan.
Iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin ogʻir oilaviy sharoiti tufayli oʻqish imkoniyatiga ega boʻlmagan yoshlarni xorijda oʻqitish boʻyicha yangi tizim — “Yorqin kelajak” loyihasi joriy etiladi. Ushbu loyiha doirasida har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, bilimga chanqoq yoshlar saralab olinib, ularning iqtidori aniqlanadi va salohiyatiga mos xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorgarlik kurslarida oʻqitiladi.
Endi parlamentdagi yoshlarga daxldor qonun loyihalari Yoshlar parlamenti aʼzolari bilan muhokama qilinadi. Hatto yalpi majlisda loyiha boʻyicha yoshlar vakillarining fikri ham eshitiladi. Kengash sessiyalarida yoshlar masalalari boʻyicha masʼul organlar rahbarlarining axborotini eshitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Barcha mahalliy kengashlar huzurida “yoshlar guruhi” tashkil etiladi.
Prezidentimizning shu yil 14-fevral kuni mamlakatimiz yoshlari bilan muloqoti navqiron avlod hayotida tom maʼnoda yangi sahifa ochdi. Yoshlarning ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamladi. Davlatimiz rahbari yosh avlod vakillarini xalqimizning oltin fondi deb atadi. Yoshlar bandligini taʼminlash, ularning taʼlim olishi, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Ayniqsa, yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, salohiyatini roʻyobga chiqarish sohasidagi islohotlarda Qonunchilik palatasining ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya tuzish tashabbusi eʼtiborga molik.
Binobarin, yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, zamonaviy dunyoqarash, bilim hamda koʻnikmalarga ega yigit-qizlarning huquqiy bilimini yuksaltirishda Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya muhim ahamiyatga ega. Zero, u yoshlar masalalariga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish hamda ijro etish boʻyicha samarali va taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishda muhim institutdir.
Ushbu yangiliklarni eshitib, yoshlarning bir vakili, parlamentdagi eng yosh deputatlardan biri sifatida juda xursand boʻldim. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan Yoshlar parlamentida bir necha yillik faoliyatim davomida anglaganim shu boʻldiki, yoshlarning qonun ijodkorligi jarayoniga qiziqishi baland.
Xalqimizning hayotini yaxshilashga qaratilgan qonun loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ham yoshlar vakillari doim oʻz taklif va tavsiyalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Bu kabi yangi tashabbuslar, shubhasiz, intiluvchan, salohiyatli, yoshlar orasida oʻz obroʻsiga ega Yoshlar parlamenti vakillari uchun juda yaxshi imkoniyat boʻladi.
Yaqinda Qonunchilik palatasida faoliyatimni boshlagan boʻlsam ham ushbu tashabbusning amalga oshishida doimiy ravishda yordam berishga, oʻsib kelayotgan uka-singillarimga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishga doimo tayyorman.
Ochigʻi, juda koʻp dilkash, samimiy suhbatlarning guvohi boʻlganman. Lekin Prezidentimiz bilan muloqot bir umr yodimda qoladi. Boisi, davlatimiz rahbarining har bir gapi yoshlarning ertangi kuni, taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi va hayotda oʻz oʻrnini topib, murod-maqsadiga yetishini taʼminlashga yoʻgʻrilgan.
Shahnoza JOLDASOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati