Talabalar uchun ijtimoiy himoya dasturlari tizimi ishga tushirilgani, buning uchun davlatimiz tomonidan qator dasturlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilayotgani, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar uchun taʼlim olishni osonlashtirish, moliyaviy yordam koʻrsatish, stipendiya va davlat grantlari miqdori oshirilayotganini taʼkidlash lozim.
Sohadagi islohotlar maʼmuriy va iqtisodiy asoslarni yangilash, taʼlimga yuqori standart va innovatsion usullarni joriy etishni taqozo qilmoqda. Shuni inobatga olib, Toshkent tibbiyot akademiyasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, taʼlimning barcha bosqichida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishga eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Zamonaviy talablardan kelib chiqib, davlat barcha oliy taʼlim muassasalari oldiga qator vazifalarni qoʻydi. Tabiiyki, ularni hal qilish innovatsiyalarga va butun kasbiy faoliyati davomida oʻqib oʻrganishga tayyor, harakatchan, oʻzini-oʻzi yoʻnaltira oladigan shaxsni shakllantirish va rivojlantirish bilan bevosita bogʻliq edi. Natijada biz anchadan beri kutgan tizimli mexanizm ishga tushdi. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida boshqa masalalar qatori tibbiyot taʼlimiga doir rejalar, maqsadlar bayon qilindi va bunga qadam-baqadam erishish shart ekani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, xalqimizga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sogʻlom avlod tarbiyasi uchun zarur shart-sharoit yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Professor-oʻqituvchilarning oʻquv yuklamasi kamaytirildi
Toshkent tibbiyot akademiyasi tashkil topganiga 100-yildan oshmoqda. OTM bugunga qadar 90 mingdan ziyod malakali tibbiyot xodimi tayyorlagan. Shu bilan birga mamlakatimizdagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining paydo boʻlishi va shakllanishida ham muhim oʻrin tutdi. Bugunga qadar Toshkent tibbiyot akademiyasidan qator nufuzli tibbiyot OTMlari ajralib chiqdi. Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Oʻzbekiston Qurolli kuchlari harbiy tibbiyot akademiyasi va Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti shular jumlasidan. Bugun akademiya tarkibidagi Urganch va Termiz filiallarida tibbiyot kadrlari tayyorlanmoqda.
Mamlakatimiz aholisiga koʻrsatilayotgan tez va sifatli tibbiy yordam kafolati, sohaga ajratilayotgan mablagʻning har bir bemorga yetib borishi masalasi, avvalo, sogʻliqni saqlash tizimining ustuvor yoʻnalishi boʻlgan kadrlar tayyorlash sifati bilan oʻlchanadi. Inson qadr-qimmati ulugʻlangan, manfaatlari ustuvor yurtda yuksalish va taraqqiyot bardavom boʻladi. Yurtimiz bugun taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Prezidentimizning 2017-yil 20-apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Toshkent tibbiyot akademiyasini kompleks rivojlantirish dasturi va tubdan takomillashtirish mexanizmlari ishlab chiqilib, ijroga yoʻnaltirildi. Natijada kafedralar moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi va modernizatsiya qilindi. Zamonaviy oʻquv-ilmiy laboratoriyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlandi. Bundan tashqari, oʻquv dasturlarida klinikagacha va klinik bloklardagi oʻquv soatlari ulushi 85 foiz oshirildi. Gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy bloklar boʻyicha oʻquv soatlari 7 foizgacha qisqartirildi, 5, 6 va 7-yillik taʼlim yoʻnalishlari tegishli ravishda 4, 5 va 6-yillik etib optimallashtirildi.
Prezidentimizning 2017-yil 27-iyuldagi “Oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasida mutaxassislik fanlarini ingliz tilida oʻqitish tizimi joriy qilindi. 2023-yilda Til oʻrgatish markazi ochildi. Shu kunga qadar mazkur markazda 250 dan ortiq professor-oʻqituvchi ingliz tili boʻyicha oʻqitildi va ularga “Medical English” sertifikati taqdim qilindi.
Professor-oʻqituvchilarning oʻquv yuklamasi qayta koʻrib chiqildi va oxirgi yillarga nisbatan hozir 20-25 foiz kamaytirildi. Ularning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanishi uchun imkoniyat yaratib berildi. Puxta nazariy bilim berish bilan birga, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash boʻyicha ham muayyan ishlar qilindi. Jumladan, talabalar amaliyotini tashkil etish jarayoni takomillashtirildi va bu boʻyicha yangi tartib ishlab chiqildi.
Bugun bemorga zarur tibbiy yordam koʻrsatish, masʼuliyatli damda mustaqil qaror qabul qilishga qodir mutaxassisning ahamiyati keskin ortib borayotir. Shu bois, bir necha yil oldin manfaat evaziga qoʻllab-quvvatlovchi, har qanday yangilikka sust javob qaytaradigan taʼlimdan muqobil, yangilikka tashna, innovatsion taʼlimga oʻtish jarayoni boshlandi.
Anʼanaviy uslub bilan talabni qanoatlantirib boʻlmaydi
Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq yurtimizning barcha hududidagi tibbiyot muassasalari faoliyati raqamlashtirilmoqda. Shu maqsadda zamonaviy texnologiyalar oʻzlashtirilyapti. “Aqlli” uskunalar oʻrnatilyapti. Bu boradagi saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida “Elektron poliklinika” va “Elektron retsept” dasturlari bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilayotganini keltirish mumkin.
Yaqinda Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda UZINFOCOM yagona integratori tomonidan raqamli sogʻliqni saqlashning yagona platformasi taqdimoti oʻtkazildi. Taqdimotda mazkur yangi tizim orqali shifokorlar bemorlarning kasallik tarixi haqidagi maʼlumotlarni mamlakatning istalgan hududida onlayn koʻrish va yangilash imkoniyatiga ega boʻlishi, ilgari faoliyat yuritgan 50 dan ortiq axborot tizimi yagona platformaga oʻtkazilishi bilan tizim foydalanuvchilari uchun qator noqulayliklar bartaraf etilishi taʼkidlandi.
Yurtimizdagi koʻplab taʼlim muassasalari qatorida Toshkent tibbiyot akademiyasida 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab kredit-modul tizimi joriy etildi va mustaqil taʼlimning ulushi 50 foizga yetkazildi. Natijada kredit-modul tizimi asosida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tartibi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy standartlar, malaka talablari qayta ishlandi. Ular asosida bakalavrlarning kasbiy kompetensiyasi shakllantirildi.
Talabalar amaliy koʻnikmalarni puxta oʻzlashtirishi uchun akademiyada Simulyatsiya markazi ochildi va zamonaviy simulyatsiya uskunalari bilan taʼminlandi. Ushbu markazda trening, brifing, debrifing xonalari, ekspertlar zonalari tashkil qilindi. Shu tariqa talabalarning klinik koʻnikmalarni egallaganlik darajasiga obyektiv baho berish imkoniyati yaratildi. Hozir markazdagi har bir trening xonasi muayyan ixtisoslikka moslashtirilgan, zamonaviy robot-simulyatorlar bilan jihozlangan. Oʻqitish jarayonida ham innovatsion platformalardan faol foydalanilmoqda. Xususan, Academix 3D va Pathology dasturlari oʻzbek tilida tayyorlandi, CyberPatient nazorat va baholash platformasi ishga tushirildi. AR&VR labs kabi virtual taʼlim texnologiyalari oʻquv jarayoniga tatbiq etildi.
OTMning bosh oʻquv binosidagi onlayn statsionar va onlayn poliklinika talabalarga masofadan turib murakkab jarrohlik amaliyotini kuzatish imkoniyatini beryapti. Bitiruvchi talabalarning oilaviy shifokor sifatidagi koʻnikmalarini shakllantirishga sharoit yaratildi. Shuningdek, akademiyada Biotibbiyot texnologiyalari markazi ochildi. Talabalar, ilmiy izlanuvchilar uchun ilm-fanga doir izlanishlar olib borish uchun imkoniyat hozirlandi. Markazda tibbiy genetika, hujayra texnologiyalari, immunologiya, elektron mikroskopiya, farmakotoksikologiya, ekologiya kabi laboratoriya va ilmiy maktablar tashkil etildi.
Xalqaro hamkorlik — kompetensiyalar rivoji sari yoʻl
Bugun mamlakatimizdagi barcha OTM oldiga dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalari reytingidan joy olish vazifasi qoʻyilgan. Xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻymay turib bu natijaga erishish qiyin. Shu bois ham oliy taʼlim tizimidagi xalqaro hamkorlik masalasi muvafaqqiyatli natijalarni qoʻlga kiritishda muhim jihatlardan. Xorij tajribasi sinalgan va ishonchli andozalar ishlab chiqish uchun bitmas-tuganmas manbadir.
Akademiyada xalqaro hamkorlik borasidagi ishlari ham jadal rivojlanmoqda. Jumladan, OTMda 2024-yili xorijlik talabalar soni 1600 nafarni tashkil etdi. Chet elning 70 ga yaqin yetakchi tashkiloti bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Xalqaro talabalar mobillik dasturi amalga oshirib kelinmoqda. Shuningdek, xorijlik 50 ga yaqin mutaxassis taʼlim jarayoniga jalb etilmoqda. Jumladan, Janubiy Koreya, Rossiya, Hindiston, AQSH kabi davlatlardan kelgan soha mutaxassislari oʻquv jarayonida ishtirok etmoqda.
Xalqaro reytinglarda ham akademiya munosib pogʻonalardan joy olmoqda. Misol uchun, Times Higher Education WUR, Asia University Rankings reytingida Reporter boʻldi. THE Impact Ranking 2024 SDG3, SDG4: 601-800, SDG4 – 800-1000 QS Stars 4 yulduzli Very Good maqomi olindi. Bundan tashqari, akademiya RUR 2024 WUR reytingida 887-oʻrinni, UI GreenMetric reytingida 983-oʻrinni, WURI Ranking Top 100 in Thirteen Categories reytingida 100-oʻrinni, Webometrics reytingida Oʻzbekiston tibbiy OTMlari orasida 1-oʻrinni, milliy reytingda 7-oʻrinni, tibbiy OTMlari orasida 2-oʻrinni egalladi.
Joriy yilda akademiyaning 10 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi hamda 9 ta magistratura, klinik ordinatura va malaka oshirish mutaxassisliklari — jami 19 ta taʼlim dasturi Jahon tibbiy taʼlim federatsiyasi xalqaro standartlariga muvofiqligi boʻyicha mustaqil akkreditatsiya va reyting agentligi – IAAR tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazildi.
Xullas, qilingan va qilinishi kerak boʻlgan ish koʻp. Bugun tibbiyotning barcha boʻgʻinida — birlamchi tibbiy sanitariya yordamidan tortib, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatgacha — tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, koʻrsatiladigan tibbiy xizmat turlari koʻpaydi. Bunday xizmat koʻrsatuvchi muassasalar tarmoqlari hududlar, tuman-shaharlargacha yetib bordi. Ularni kadrlar bilan taʼminlash va malakasini oshirishga eʼtibor kuchaydi. Shu eʼtibor aslo susaymasa, yaqin yillarda chinakam mukammal tibbiy xizmat va tibbiy madaniyat shakllanadi. Mamlakat tibbiyot markazlarida xizmat koʻrsatishning ochiq va shaffof, yangi tizimiga yuz foiz oʻtiladi, xalqimiz genofondi mustahkamlanadi.
Shuhrat BOYMURODOV,
tibbiyot fanlari doktori, professor
Hamkorlik materiali